Ру Ўз O'z En

Yangiliklar

27 Iyun 2020

Xorazm viloyatida joylashgan mehmonxonalarni xususiylashtirish boʻyicha professional konsalting kompaniyasi jalb qilinadi

Tegishli xususiylashtirish dasturlariga muvofiq, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (keyingi oʻrinlarda - Davaktiv agentligi/Buyurtmachi) Xiva Plaza” MChJ va “Xiva Lokomativ” MChJlardagi 100% ulushlarni (keyingi oʻrinlarda - Aktivlar) xususiylashtirish boʻyicha professional konsalting kompaniyasini (keyingi oʻrinlarda - Konsultant) jalb qilish yuzasidan tanlov eʼlon qiladi.

Barcha qiziqish bildirgan talabgorlardan 2024-yil 11-iyul kuni soat 18:00ga (Toshkent vaqti bilan) qadar quyidagi Taklif taqdim etish uchun soʻrovnomaga (RfP) asosan tijorat takliflarini taqdim etishlari soʻraladi.

Konsultantlar tomonidan Aktivni xususiylashtirish uchun zarur boʻladigan barcha maslahatlar va konsultatsiya xizmatlarini taqdim etilishi kutiladi.

Konsultantlar talab etilgan ish hajmini toʻliq bajarish uchun konsorsiumga birikishlari yoki birgalikda qoʻshma takliflar taqdim etishlari mumkin.

Agar konsorsium tomonidan ariza taqdim etilsa, konsorsium bitimini taqdim etilishi soʻraladi. Agar, birgalikda qoʻshma tijorat taklifi taqdim etilsa, jalb qilingan sherik-konsultantning ham ishini muvofiqlashtirish uchun masʼul boʻlgan va javobgarlikni zimmasiga oladigan asosiy konsultant koʻrsatilishi kerak.

Barcha manfaatdor tomonlar quyidagi axborot kanallari orqali tijorat takliflarini taqdim etishlari soʻraladi (kodlangan holda):

Talʼat Yuldashevich Samandarov – Davlat aktivlarini xususiylashtirishga tayyorlash va xususiylashtirish departamenti boshligʻining oʻrinbosari;

Telefon: +998-71-259-20-67;

E-mail: tender@davaktiv.uz.

Diskleymer

Mazkur soʻrovnoma tijorat taklifini taqdim etish majburiyati hisoblanmaydi va Buyurtmachiga taklifni qabul qilish yoki shartnoma tuzish majburiyatini yuklamaydi. Shunga koʻra, takliflar uchun ushbu soʻrovnomani eʼlon qilish va/yoki u bilan bogʻliq arizalarni olish, bir yoki bir nechta ishtirokchilar bilan muzokaralar va muhokamalar orqali shartnoma tuzishni nazarda tutmaydi.

Ushbu hujjatda keltirilgan materiallar va maʼlumotlar loyihaning faqat eng muhim tomonlarining dastlabki xulosasi va Konsultantdan xususiylashtirish boʻyicha kutilishi mumkin boʻlgan ishlar hajmi toʻgʻrisida umumiy maʼlumot sifatida xizmat qilishiga moʻljallangan.

Tanlov ishtirokchilari tanlov jarayoni bilan bogʻliq holda Buyurtmachi uchun dastlabki taqdimotlar va takliflarni tayyorlashning yagona cheklangan maqsadidan tashqari, hech narsaga tayanolmaydilar va ishonmasliklari shart.

Xorazm viloyatida joylashgan mehmonxonalarni xususiylashtirish boʻyicha konsultantlarni jalb qilish boʻyicha taklif taqdim etish uchun soʻrovnoma (RfP)

Kirish

Xususiylashtirish dasturlariga muvofiq, Xiva Plaza” MChJ va “Xiva Lokomativ” MChJlardagi 100% ulushlar xususiylashtirilishi belgilangan (keyingi oʻrinlarda - Bitim).

Savdo jarayonlari Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik talablari doirasida hamda Aktivlarning sohaviy va individual xususiyatidan kelib chiqib, eng yaxshi xorijiy yoki mahalliy tajriba asosida tashkil etilishi lozim.

Aktivlar toʻgʻrisida qisqacha maʼlumot:

“Xiva plaza” MChJ ("Farovon Khiva Hotel" mehmonxonasi):

  • Manzili: Xorazm viloyati, Xiva shahri, Qiyot MFY, Buyuk yoʻl kuchasi, 1B-uy;
  • Umumiy maydoni: 2,72 ga;
  • Bino-inshootlar maydoni: 8 773 m;
  • Mavjud xonalar soni 106 ta.

“Xiva lokomotiv” MChJ ("Khiva Lokomotiv Hotel" mehmonxonasi):

  • Manzili: Xorazm viloyati, Xiva shahri, Yangi hayot mahallasi, A.Temur koʻchasi;
  • Umumiy maydoni: 8,85 ga;
  • Bino-inshootlar maydoni: 2 078 m;
  • Mavjud xonalar soni 93 ta.

Konsultantlardan kutilayotgan takliflar tuzilmasi va ularga qoʻyiladigan talablar

Konsultantning taklifi (individual ariza beruvchi yoki konsorsium) oʻzbek yoki rus/ingliz tillarida tayyorlanishi hamda quyidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olishi lozim:

a) Aktivni xususiylashtirish jarayonini tashkillashtirish boʻyicha konsultantning kelgusidagi harakatlar ketma-ketligini va ish koʻlamini oʻz ichiga olgan rejasi. Konsultantning tavsiyalari va takliflariga qisqa vaqt ichida tegishli javob berilgan taqdirda, xususiylashtirish jarayonining davomiyligi boʻyicha xulosasi (10 ballgacha);

b) Tijorat taklifi ikki qismdan iborat (50 ballgacha):

  • Xizmat haqining qatʼiy qismi yagona raqam shaklida (QQS va boshqa xarajatlar bilan birga) boʻlishi va konsultantning subyektiv taxminlaridan holi boʻlishi lozim;
  • Taklif etilgan haq miqdori ishlab chiqilgan savdo strategiyasiga bogʻliq va Buyurtmachi taklifning muvaffaqiyati uchun (“success fee”) mutanosib haq toʻlashni taʼminlaydigan takliflarga ustunlik beradi;
  • Agar xizmat haqi narxlar oraligʻida berilgan boʻlsa, unda taklifni baholash uchun uning yuqori chegarasi qabul qilinadi. Qoʻshimcha joriy xarajatlar (xizmat safari, tarjima va boshqalar uchun) belgilangan qatʼiy qismiga kiritilishi kerak;

v) Shu toifadagi aktivlar doirasida tuzilgan bitimlar yuzasidan konsultantlarning ish tajribasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, shuningdek, 2017-yil 1-yanvar kunidan boshlab hozirgi davrga qadar MDH mintaqasidagi mandatlar toʻgʻrisida maʼlumot (20 ballgacha);

g) Loyihani amalga oshirishdan kelib chiqib, Bitimni amalga oshirish yuzasidan ishlarni tashkil etish boʻyicha taklif. Taklif etilgan Bitimga jalb qilingan jamoa haqida maʼlumot, shaxslarning (jismoniy va yuridik) ismlari va ular haqidagi maʼlumotlar: ish tajribasi, faoliyat muddati, bitimlar tuzish boʻyicha umumiy tajriba va ularni amalga oshirish boʻyicha malakasi (20 ballgacha);

d) Qoʻyilgan vazifalarni bajarish uchun yetarli salohiyat va vakolatga egaligi, shuningdek, inson, vaqt va moddiy resurslarning mavjudligi toʻgʻrisida yozma ariza;

ye) Manfaatlar toʻqnashuvi mavjudligi haqida maʼlumot. Maslahatchi ushbu savdoga jalb qilingan taqdirda ziddiyatlar olib kelishi mumkin boʻlgan hollarda potensial bitim boʻyicha salohiyatga ega ekanligini koʻrsatish.

Xususiylashtirish boʻyicha konsultantdan kutilayotgan ishlar hajmi

I. Aktivni boshqarish sohadasidagi bozor tahlili:

  • Oʻzbekistonda va mintaqada sohani rivojlantirishdagi sharoitlarni va bozor tahlili, soha korxonalarini rivojlantirish uchun zarur sharoitlar; Oʻzbekistonda mexmonhona faoliyati bozorini tartibga soluvchi asosiy qoidalar tavsifi;
  • boshqa (jumladan, qoʻshni) davlatlarda mazkur sohada amalga oshirilgan xususiylashtirish tajribasi tahlili, ushbu turdagi aktivning xususiylashtirishdagi muvaffaqiyatsizliklarining asosiy sabablari, kelgusida sohani rivojlantirish va muvaffaqiyatli xususiylashtirishni taʼminlovchi omillar;

II. Aktiv tahlili:

  • Aktivning tavsifi, uning bozor va raqobatdagi oʻrni;
  • xatarlar (risk)ning tahlili: investor tahliliga muvofiq aktivni xatarga qoʻyadigan potensial yoʻnalish va ehtimollarni aniqlash va bunday bitimlarning muvoffaqiyatsizligiga sabab boʻladigan eng keng tarqalgan sabablarni oʻrganish. Aniqlangan risklarni kamaytirish borasida chora-tadbirlarni belgilash toʻgʻrisida tavsiyalar berish;
  • yuridik ekspertizadan oʻtkazish, jumladan, quyidagi masalalarda:
  • tovar belgisi, bozor brendlari va intelektual mulkning boshqa jihatlariga egalik qilishni aniqlash;
  • aktivlarga egalik qilish huquqi, korxona foydasiga yoki uchinchi shaxslarning mol-mulkiga boʻlgan mulkiy huquqlar, uchinchi shaxslar foydasiga belgilangan cheklovlar;
  • daʼvolar va qarzlar, talablarning holati, shuningdek qarzlarni undirish va majburiy ijro etish boʻyicha koʻrilgan choralar;
  • mehnat va raqobat qonunchiligi, atrof-muhitni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi nizolarga rioya qilish holati;
  • Aktivni xususiylashtirish boʻyicha harakatlar ketma-ketligi tavsifi bilan xususiylashtirish mexanizmi boʻyicha takliflar va eʼlon matni boʻyicha tavsiyalar.

III. Aktivni sotishdan oldin tayyorlash boʻyicha maslahatlar:

  • Aktivning investitsiya jozibadorligini oshirish, eng yaxshi amaliyotlar va oʻxshash (analog) aktivlarning tahlili asosida tuzilma va boshqaruvni takomillashtirish boʻyicha takliflar;
  • Aktivning har tomonlama (soliq, huquqiy, moliyaviy va ekologik) chuqur tahlilini oʻtkazish (due diligence);
  • optimal marketing strategiyasi boʻyicha tavsiyalar, marketing materiallarini tayyorlash (tizer, info-memorandum, jarayon holati boʻyicha xat va boshqalar);
  • roadshow va “PR” strategiyasini ishlab chiqish, jamoatchilik bilan aloqalar oʻrnatish boʻyicha tavsiyalar taqdimoti, ularning savollariga javoblar;
  • baholash uslubini toʻgʻri tanlash va ularning investorlar uchun dolzarbligini belgilash, har bir mehmonxonaboʻyicha diapazon narxi boʻyicha tavsiyalarni taqdim etish;
  • investor nuqtai nazaridan baholashga taʼsir etuvchi asosiy omillar, asosiy koʻrsatkichlar va taxminlarni aniqlash;
  • loyiha doirasida boshqa malakali konsultantlarni jalb etish (zarur boʻlgan hollarda) va ularning ishini muvofiqlashtirish.

IV. Bitim jarayoniga hamrohlik qilish:

  • Aktivni xususiylashtirishga qaratilgan barcha choralarni koʻrish, virtual maʼlumotlar xonasi (VDR) tashkil etish (zaruratga koʻra);
  • salohiyatli talabgorlar bilan aloqalarni muvofiqlashtirish, shu jumladan, ularning savollariga javoblar berish;
  • barcha zarur hujjatlarni, jumladan oldi-sotdi shartnoma loyihasini (oʻzbek tiliga tarjimasi bilan) tayyorlash bilan birga sotish jarayonida hamrohlik qilish;
  • Bitimni eʼlon qilish va yopishni tashkillashtirish.

(1) Agar ariza konsorsium tomonidan taqdim etilgan taqdirda, konsorsium boʻyicha kelishuvni taqdim etish, shuningdek, muvofiqlashtiruvchi asosiy maslahatchi (odatda konsorsium rahbari deb ataldi) koʻrsatish lozim. Ushbu holatda xizmatlarning umumiy qiymati koʻrsatilishi kerak.

(2) Agar konsultantlarning takliflari Konsultantlardan kutilayotgan takliflar tuzilmasi va ularga qoʻyiladigan talablarning "a","v" va "g" bandlarida koʻrsatilgan talablardan kelib chiqib 30 balldan kam baholansa, "b" bandida nazarda tutilgan baholash balli qoʻllanilmaydi.

41 Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech