Ру Ўз O'z En

Asosiy funksiyalari

DAVLAT AKTIVLARINI BOSHQARISH AGENTLIGINING ASOSIY FUNKSIYALARI

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi o‘ziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni bajaradi


- Bankrotlik, iqtisodiy nochor korxonalarni tarkibiy o‘zgartirish va sud boshqaruvchilari faoliyatini nazorat qilish sohasida davlat tomonidan tartibga solishni amalga oshirish sohasida

bankrotlik ishlari bo‘yicha davlat siyosatini amalga oshiradi, iqtisodiy nochor korxonalarni moliyaviy sog‘lomlashtirish, ular faoliyati samaradorligini oshirish va yangi investorlarni jalb etish dasturlarini ishlab chiqadi va ularni amalga oshirishda qatnashadi;

ustav fondida davlat ulushi bo‘lgan korxonalarning moliyaviy holatini, shu jumladan, to‘lovga qodir bo‘lmagan, zarar ko‘rib ishlayotgan va iqtisodiy nochor korxonalarni aniqlash maqsadida ma’lumotlar bazasini yuritish yo‘li bilan monitoring va tahlil qiladi, shuningdek manfaatdor davlat organlari bilan birgalikda ularni moliyaviy sog‘lomlashtirish yuzasidan kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqadi va amalga oshiradi;

davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining takliflari asosida bankrotlik tartibotlarini qo‘llash tashabbusi bilan chiqish, ustav fondida davlat ulushi bo‘lgan iqtisodiy nochor korxonalarni tarkibiy o‘zgartirish va ixchamlashtirish to‘g‘risida qaror qabul qiladi;

ustav fondida davlat ulushi bo‘lgan korxonalarda bankrotlik tartibotlarining borishini nazorat qiladi, shuningdek sudgacha sanatsiya, sud sanatsiyasi va tashqi boshqaruv rejalarini kelishadi;

tijorat banklariga berilgan (realizatsiya qilingan) bankrot korxonalar bo‘yicha ishlab chiqarish faoliyatini tiklash, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash bo‘yicha investitsiya majburiyatlari bajarilishi monitoringini olib boradi;

iqtisodiy nochor korxonalarda bankrotlik yoki sudgacha sanatsiya tartibotlarini amalga oshirishda kreditorlarning manfaatlari va aksiyadorlar (qatnashchilar)ning mulkiy huquqlari himoya qilinishini ta’minlaydi;

ustav fondida davlat ulushi bo‘lgan va (yoki) pul majburiyatlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi oldida qarzdor bo‘lgan korxonalarning sudgacha sanatsiyasini o‘tkazish, uzaytirish yoki muddatidan oldin to‘xtatish to‘g‘risida, shuningdek sudgacha sanatsiya qilish to‘g‘risida qaror qabul qiladi;

tarkibiy o‘zgartirilishi kerak bo‘lgan iqtisodiy nochor, zarar ko‘rib ishlayotgan va past rentabelli korxonalarning, shuningdek ularga nisbatan bankrotlik tartibotlari qo‘llangan korxonalarning qurilishi tugallanmagan ob’ektlarini hamda asosiy fondlarini konservatsiya qilish va sotish masalalarini ko‘rib chiqadi va bu to‘g‘ridagi takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;

sud boshqaruvchilarini tayyorlash tizimini tashkil etadi, ularni attestatsiyadan o‘tkazadi hamda sud boshqaruvchilarining yagona reestrini yuritadi, sud boshqaruvchilari attestatini berish, ularning amal qilishini to‘xtatib turish va to‘xtatish to‘g‘risida qaror qabul qiladi;

ustav fondida davlat ulushi bo‘lgan korxonalarda bankrotlik tartibotining borishini nazorat qiladi, shuningdek sudgacha sanatsiya chog‘ida davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash monitoringini amalga oshiradi;

davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlangan korxonalarning sudgacha sanatsiyasini uzaytirish va muddatidan oldin to‘xtatish to‘g‘risida qaror qabul qiladi;

zarar ko‘rib ishlayotgan, to‘lovga qodir bo‘lmagan va iqtisodiy nochor korxonalarni tarkibiy o‘zgartirish, ixchamlashtirish, moliyaviy sog‘lomlashtirish va sudgacha sanatsiyani amalga oshirish davrida qonun hujjatlarida nazarda tutilgan shakllarda davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritadi;

davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining zarar ko‘rib ishlayotgan va iqtisodiy nochor korxonalarni tarkibiy o‘zgartirish, moliyaviy sog‘lomlashtirish dasturlarining amalga oshirilishi to‘g‘risidagi hisobotlarini eshitadi;

tashqi boshqaruvchilarning, shuningdek davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlangan yoxud mulkida davlat ulushi bo‘lgan sanatsiya qilinayotgan korxonalar rahbarlarining hisobotlarini eshitadi;


- Korporativ boshqaruv sohasida

korporativ boshqaruv tizimini takomillashtirish bilan bog‘liq jarayonlarni tahlil qiladi va korporativ munosabatlarni tartibga soluvchi normalarni takomillashtirishga doir takliflarni shakllantiradi;

xo‘jalik jamiyatlarida korporativ boshqaruvni takomillashtirish, shu jumladan, ularning tashkiliy tuzilmasini takomillashtirish bo‘yicha xalqaro tamoyillar va qoidalar asosida tavsiyalar ishlab chiqadi;

ijro etuvchi organlar va ustav fondida davlat ulushi bo‘lgan, respublika iqtisodiyoti uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlari kuzatuv kengashlari rahbarlarining korporativ boshqaruvning sifatli tizimini joriy etish bo‘yicha hisobotlarini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida vaqti-vaqti bilan eshitishni tashkil etadi;

aksiyadorlik jamiyatlarida boshqaruv va nazorat organlari faoliyatining amaliy masalalarini aks ettiruvchi korporativ boshqaruv bo‘yicha qo‘llanmalar nashr etadi, shuningdek investorlar va qimmatli qog‘ozlar bozori qatnashchilarini ta’lim jihatidan qo‘llab-quvvatlashning shakllantirilishiga ko‘maklashadi;

xalqaro tashkilotlar bilan korporativ boshqaruv va qimmatli qog‘ozlar bozorini tartibga solish sohasidagi xalqaro munosabatlarni rivojlantirishga ko‘maklashadi;


- Xususiylashtirish ob’ektlarini sotishdan oldin tayyorlash va realizatsiya qilish, investorlar tomonidan majburiyatlar bajarilishi monitoringini olib borish sohasida:

manfaatdor davlat organlari va xo‘jalik birlashmalarini jalb etgan holda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari bilan tasdiqlanadigan xususiylashtirish bo‘yicha davlat dasturlari loyihalarini ishlab chiqadi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taqdim etadi hamda ularning amalga oshirilishini ta’minlaydi;

xususiylashtirish ob’ektlarini sotishdan oldin tayyorlashni amalga oshiradi va xususiylashtirishning, shu jumladan, iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlari korxonalarining, aniq investitsiya majburiyatlari evaziga «nol» xarid qiymati bo‘yicha realizatsiya qilingan ob’ektlarni xususiylashtirishning shartnomaviy shartlarini belgilaydi;

xususiylashtirish ob’ektlari, shartlari va shakllari yuzasidan qabul qilinadigan qarorlarning shaffofligi va ochiqligini ta’minlaydi, xususiylashtiriladigan korxonalar — emitentlar va ular tomonidan chiqariladigan qimmatli qog‘ozlar to‘g‘risidagi axborotni tarqatadi, shuningdek mahalliy va xorijiy investorlarni jalb etish maqsadida reklama-axborot ishlarini amalga oshiradi;

Erkin iqtisodiy hududlarning ma’muriy kengashi qarorlari bo‘yicha sotiladigan davlat mulki ob’ektlaridan tashqari, xususiylashtirish ob’ektlarining sotuvchisi funksiyasini amalga oshiradi, ularning boshlang‘ich sotuv narxini, investitsiyalar hajmini, savdolarning turi va shartlarini belgilaydi, shu jumladan, davlatga tegishli qimmatli qog‘ozlarni mustaqil ravishda yoki shartnoma asosida jalb etiladigan mahalliy va xorijiy investitsiya vositachilari orqali ichki va xalqaro bozorlarda, birja savdolari va birjadan tashqari savdolarda sotadi;

xususiylashtirish ob’ektlarining oldi-sotdisi bo‘yicha tuziladigan bitimlarning o‘z vaqtida va to‘liq bajarilishi, shu jumladan, investorlar tomonidan investitsiya majburiyatlarining bajarilishi monitoringini olib boradi;

ustav kapitaliga berilgan ob’ektlardan tashqari, yangi mulkdorga xususiylashtirilgan ob’ektga mulk huquqini tasdiqlovchi order (sertifikat) beradi, shuningdek xaridorning xizmat ko‘rsatuvchi investitsiya vositachisiga uning tomonidan sotib olingan aksiyalarni o‘tkazishga (razblokirovka qilishga) depo topshirig‘ini taqdim etadi;

xususiylashtirish bilan bog‘liq jarayonlarni tahlil qiladi hamda xususiy mulkdorlar tomonidan xususiylashtirish ob’ektlari sotilishining ochiqligi va shaffofligini ta’minlaydigan xususiylashtirishning yangi shakllari va usullarini joriy etish, shu jumladan, mulkiy munosabatlarni tartibga soluvchi normalarni takomillashtirish yuzasidan takliflarni shakllantiradi;


- Davlat mulki ob’ektlarini tasarruf etish, shu jumladan, ularni xatlovdan o‘tkazish, hisobga olish va samarali boshqarish sohasida

davlat korxonalari va muassasalarining, shuningdek davlat korxonalari va muassasalarini xususiylashtirish jarayonida tashkil etiladigan xo‘jalik jamiyatlarining O‘zbekiston Respublikasi nomidan muassisi bo‘ladi;

qonun hujjatlariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi nomidan davlat aksiyalar paketi (ulushi) bo‘yicha xo‘jalik jamiyatlarining aksiyadori (ishtirokchisi) huquqlarini amalga oshiradi, shuningdek ushbu huquqlarni ishonchli boshqaruvchilarga beradi;

davlat aktivlarini xususiy mulkdorlarga «nol» xarid qiymati bo‘yicha berish yuzasidan xatlovlarni amalga oshiradi;

davlat ko‘chmas mulkini, davlat korxonalari va muassasalarini, ustav fondida davlat ulushi bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlarini, shu jumladan, chet eldagi va davlat nomidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va boshqa davlat organlari ish ko‘radigan xo‘jalik jamiyatlarining, davlat ko‘chmas mulkini xatlovdan o‘tkazadi va hisobga oladi (xatlovdan o‘tkazish va hisobga olish qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda tegishli vakolatli davlat organlari tomonidan yuritiladigan mol-mulk bundan mustasno);

davlat aksiyalar paketlarini (ulushlarni) va boshqa mol-mulkni qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda tashkil etiladigan va faoliyat ko‘rsatayotgan xo‘jalik jamiyatlarining ustav fondlariga kiritadi;

davlat mulki bo‘lgan mol-mulkning ijaraga beruvchisi bo‘ladi, ushbu vakolatlarni amalga oshirish huquqi boshqa davlat organlari va tashkilotlariga berilgan hollar bundan mustasno;

davlat korxonalariga davlat mulkini berish bo‘yicha davlat korxonalari tashkil etilishining kelishilishini amalga oshiradi;

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibga muvofiq davlat mulkini boshqarish masalalari bo‘yicha davlat organlarining o‘zaro hamkorligini muvofiqlashtiradi;

respublika iqtisodiyoti uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlari ro‘yxati bo‘yicha takliflarni Aksiyadorlik birlashmalari va kompaniyalaridagi aksiyalar davlat ulushidan samarali foydalanilishi yuzasidan monitoring olib borish komissiyasiga ko‘rib chiqish va tasdiqlash uchun kiritadi;

xo‘jalik jamiyatlarida davlat ulushlarini boshqarish bo‘yicha davlat ishonchli vakillari va investitsiya aktivlarining ishonchli boshqaruvchilarini, shuningdek aksiyadorlik jamiyatlarini boshqarishda davlat ishtirokining maxsus huquqidan foydalanuvchi («oltin aksiya») davlat vakillarini tayinlash va ozod etish yuzasidan takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 31 martdagi PQ-2327-son qarori bilan tuzilgan Aksiyadorlik jamiyatlari faoliyati samaradorligini oshirish va korporativ boshqaruv tizimini takomillashtirish bo‘yicha Komissiyaga ko‘rib chiqish uchun kiritadi;

davlatning ishonchli vakillari va ishonchli boshqaruvchilari bilan xo‘jalik jamiyatlaridagi davlat ulushlarini ishonchli boshqarish shartnomalari tuzilishini ta’minlaydi;

davlatning ishonchli vakillari, davlat aktivlarini ishonchli boshqaruvchilar faoliyati monitoringi olib borilishini ta’minlaydi, aksiyadorlarning (ishtirokchilarning) umumiy yig‘ilishlarida va kuzatuvchi kengashlar majlislarida ovoz berish tartibi bo‘yicha ularga ko‘rsatmalar beradi, shuningdek ularni taqdirlash tartibini belgilaydi;

ustav fondida davlat ulushi bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlarining moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini tahlil qiladi, jamiyatning biznes-rejasi parametrlari muntazam ravishda bajarilmagan taqdirda esa — jamiyatning ijro etuvchi organi tarkibini o‘zgartirish tashabbusi bilan chiqadi;


- Baholash va rieltorlik faoliyatini litsenziyalash sohasida

baholash faoliyatini litsenziyalaydi;

baholovchilar va rieltorlarga malaka talablarini belgilaydi, ularga malaka sertifikatlari beradi;

litsenziatlar tomonidan litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini nazorat qiladi;

baholash, rieltorlik tashkilotlari va rieltorlarning litsenziyalari hamda baholovchilar va rieltorlarning malaka sertifikatlari reestrini yuritadi;

maxsus vakolatli davlat organi bilan birgalikda rieltorlik tashkilotlari uchun jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha ichki nazorat qoidalarini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi, shuningdek qonun hujjatlarida belgilangan tartibda monitoring olib boradi va ushbu qoidalarga rioya etilishini nazorat qiladi;


- Faoliyatning boshqa sohalarida

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha yuridik va jismoniy shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqadi;

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha normativ-huquqiy va metodologik bazani ishlab chiqadi va takomillashtiradi;

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha qonun hujjatlari buzilishini bartaraf etish yuzasidan o‘z vakolatlari doirasida zarur xatti-harakatlarni amalga oshiradi;

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi vakolatiga kiradigan masalalarning hal etilishi bo‘yicha sansalorlik, byurokratizm, muddatlar cho‘zilishi holatlarini aniqlaydi va ularning bartaraf etilishini ta’minlaydi;

kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlashni va ularning malakasini oshirishni tashkil etadi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, shu jumladan idoraviy mansub tuzilmalar rahbarlari va mutaxassislarining ish usullari va metodlarini takomillashtiradi, ularning o‘zlariga yuklangan vazifalarning o‘z vaqtida va samarali bajarilishi yuzasidan mas’uliyatini oshiradi;

xalqaro hamkorlikni va Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga yuklangan boshqa funksiyalarni amalga oshiradi.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi o‘ziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bevosita, shuningdek hududiy organlar va o‘zining idoraviy mansub tuzilmalari orqali amalga oshiradi.

5932 Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech