Ру Ўз O'z En

Hikmatlar

BU FIKRLAR SIZ UCHUN KERAK...

Buyuk yozuvchilarimiz tomonidan yozilgan kitoblarda hayot maktabi mujassam. Ularning asarlarini o‘qib chiqsangiz, o‘zingiz uchun eng kerakli maʼlumotlarga ega bo‘lasiz.
Tariximiz va xalqimiz hayotiga oid kitoblarni o‘qisangiz, asrlar osha bizgacha yetib kelgan milliy qadriyatlarni o‘zlashtirasiz. Bu qadriyatlar esa hayotga yo‘lingiz davomida kerak bo‘ladi.
Kitob o‘qiganlar hayotda adashmaydi, chunki hayotga tayyorgarlikni ular kitobdan olishadi.
Kitob insonga do‘st va uni hayot jarayoniga tayyorlaydi.
Kitob  -  insonga xushomad qilmaydi, aldamaydi. Aksincha, unga hayotni o‘rgatadi, achchiq saboqlarni misollar bilan ko‘rsatadi.
Tomchilar yig‘ilib daryo bo‘ladi, inson jismoniy mashq bilan sog‘lom bo‘ladi, ong taraqqiy  etishi uchun esa kitob o‘qish kerak.

 

ESHITMOQ – KISHINI BOYITADI

Kamtar odamlar ko‘p gapirishdan qochadilar; ular ko‘p eshitmoqni  istaydilar va yoqtiradilar. Eshitmoq – kishini boyitadi; gapirmoq – sayozlatadi. Ko‘p gapirgan – ko‘p yanglishadi. Ko‘p yegan – ko‘p yiqiladi.  Tan kasalining asosi – ko‘p yemak, qalb kasalining sababi – ko‘p demak. Ko‘p demak – so‘zga mag‘rurlik, ko‘p yemoq – nafsga bandalik. Odam uchun bu sifatlar keraksiz va  barchasi  xudparastlikka oiddir.   

                                  Alisher Navoiy,  "Mahbub ul-qulub"

ALDANMA VA ALDATMA            

Har bir ishdan foyda kutganingda, uni bajarishda qiyinchiliklar va ikkilanishlar paydo bo‘lsa, mashaqqati ozroq tomoniga kuch ber, qiyinchiligidan ezilmaslik chorasini ko‘r...
Nodon  o‘gitida  xato bo‘lishi muqarrardir; dushman nasihatida aldov bo‘lishi  shubhasizdir.  Unisidan aldanma va bunisiga o‘zingni aldatma.
Bayt:
Aqli ko‘pning  so‘ziga kirmoq – yaxshidir,
Lekin aldanmoq ham, aldamoq ham  yaxshi emasdir.

 

               Alisher Navoiy, “Mahbub ul-qulub”    

TAVOZE  TO‘G‘RISIDA

Tavoze  (odob saqlash, xokisor bo‘lish) – kishiga xalqning  muhabbatini jalb qiladi, odamlarni u bilan do‘stlashtiradi.  Tavoze – do‘stlik gulshanida toza gullar ochadi va gulshandan oshnolik va ulfatchilik bazmiga xilma-xil gullar sochadi. Tavoze – takabbur muxolifga muloyimlik va kamtarlik yo‘lini ko‘rsatadi; gerdaygan dushman ko‘nglida insoniylik zavqini ko‘rsatadi. Qayta-qayta ko‘rsatilgan tavoze –hayosiz takabburni uyat chegarasiga tomon yo‘llaydi va haddan tashqari insofsiz dushmanni yomonlik qilishdan qaytaradi.

                                          Alisher Navoiy, “Mahbub  ul-qulub” asaridan

  

TIL NAYZASI

Kimki ko‘ngilni qattiq so‘z bilan jarohatlar ekan, unga achchiq til zaharli nayzadek sanchiladi. Ko‘ngilda til nayzasining jarohati bitmas; u  jarohatga hech narsa malhamlik qilmas.
Agar bir ko‘ngilda til nayzasining jarohati bordir,  faqat yaxshi so‘z  va shirin til unga malham va rohatdir. Muloyim so‘z – vahshiylarni ulfatga aylantiradi; sehrgar – ohang bilan afsun o‘qib, ilonni inidan chiqaradi.

 

                                                        Alisher Navoiy, “Mahbub ul-qulub”

 

HURMAT BILAN TAʼZIM – SAODATGA SABAB

Hazil qilaverishdan hurmatsizlik ortadi;  hazilning oxiri janjalga olib  keladi. Ko‘p hazillashish – nomus va hayo pardasini chok etadi;  adab va hurmat egalarini beburd va beobro‘ qiladi.  Qo‘lingdan kelgancha taʼzim va  adab binosini yiqitma; hayo va hurmat pardasidan tashqari chiqma!

Ruboiy:

Hayo bilan adab eʼtiqoddan  nishonadir,
Hurmat bilan taʼzim – saodatga sabab.
Hayoli va adabli deb tanilganlar
Maqsudiga  kech yetishsa, taajjublanish joizdir.

Alisher Navoiy, “Mahbub ul-qulub”


TIL SHIRINLIGI HAQIDA            

Til shirinligi – ko‘ngilga yoqimlidir;  muloyimligi esa foydali. Chuchuk til achchiqqa aylansa ko‘pchilikka zarari tegadi; qanddan may tayyorlansa harom bo‘ladi. Shirin so‘z sof ko‘ngillar uchun asal kabi totlidir;  bolalar uchun  muloyim tabiatli odam – halvofurush kabi sevimli.

Bayt:
Yaxshi so‘zga kim mastu bexush bo‘lsa,
Sharbat ichida zaharni totli qiladi.

Alisher Navoiy,   “Mahbub ul-qulub”

 

YOMONLIKKA ODILLIK, YAXSHILIKKA YAXSHILIK

Birovning: “Yomonlikka yaxshilik qaytar deyishlari to‘g‘rimi?” deb so‘raganga ustoz dedi:  “Unda yaxshilik qilgan kishiga nima qaytarasan? Yomonlikka odillik bilan javob qaytar, yaxshilikka esa yaxshilik qaytar”.
Birovning sizga nisbatan qiladigan ishini xohlamasangiz, siz ham ularga  shu ishni ravo ko‘rmang. Yomon odatlarni  ertaga qaraganda bugun yengish osonroq.

“Eng qadimgi hikmatlar” kitobidan

 

INSON TABIATI

Kishi tabiatan unga yoqishga intiladiganga mensimasdan qaraydi, unga egilmaydiganga hurmat bilan qaraydi. Kishilar boshqalarni  maqtalishining  to‘g‘riligiga to o‘zlarining ham shu ishni bajara olishlari mumkin deb hisoblaydigan  damgacha ishonishadi. O‘zlarining imkoniyatidan yuqori bo‘lgan ishni boshqalar bajarganlarida esa, maqtov o‘rnini darrov hasad va ishonmaslik hissi egallaydi.
Kishilarni eng og‘ir zulm emas, guyoki ularga nisbatan bo‘lgan nohaqlik achchiqlantiradi: bunda ular baʼzida o‘zi tengilarning mensimasligini sezishsa,  boshqasida o‘zidan qudratliroqlarning zo‘ravonligiga itoat qilish  kerakligini sezishadi.

 

                                                    “Eng qadimgi hikmatlar” kitobidan

INSON  TABIATI

Har qanday inson hayoti davomida turfa xil o‘zgarishlarni boshidan  kechirsa ham, bir quvonchlarga to‘lib, bir baxtsizlik ichida yashasa ham, zohiran qaraganda, bir terining ichida necha marta ozib-semirsa ham, aslida uning  tabiati dunyodagi eng kam o‘zgaradigan narsadir.

Ozod Sharafiddinov
O‘zbekiston Qahramoni

 

MEHNATDA SINALGAN ELDA AZIZ

Mehnatning ko‘zini topgan
Boylikning o‘zini topar.
Mehnat qilsang, ko‘ksing tog‘,
Hurmat qilsang, diling bog‘.
Ranj ila mehnat chekmayin rohatni qadrin bilmading. 

                                                                               Avaz O‘tar

 

Har bir insonning qadr-qiymati o‘z ishini qanday bajarayotgani bilan o‘lchanadi. Insonning tilak va xohishlari mehnat tufayligina amalga oshirilishi mumkin.

                                                                                     Abu Rayhon Beruniy

 

Bu mehnat birla topsang parcha non,
Kishining minnatidin uldur oson.

                                                        So‘fi Olloyor

Agar bor esa poklik niyati,
Anga yor o‘lur poklar himmati.

                                                        Alisher Navoiy

 

MASLAHAT  ZARDAN  QIMMAT

Kengash ikki turli bo‘lur:  biri – til uchida  aytilgani,  ikkinchisi – yurakdan chiqqani. Til uchida aytilganini (shunchaki) eshitardim. Yurakdan aytilgan maslahatni esa,  qalbim qulog‘iga quyardim va  dilimga joylardim.

                                                                                     Amir Temur

604 Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech