Ру Ўз O'z En

Ona tili – o‘zlik timsoli

TIL SABOG‘I

Ona tilimiz – milliy maʼnaviyatimizning bitmas tuganmas bulog‘idir. Shunday ekan, unga munosib hurmat va ehtirom ko‘rsatish barchamizning nafaqat vazifamiz, balki muqaddas insoniy burchimizdir.  

                                                                                 Sh. MIRZIYOYEV

 

Ona tili – o‘zlik timsoli

O‘z ona tilini sevmagan, til zamirida yotgan tarixni bilmagan, qiziqmagan odam barkamol sanalmas. O‘z tiling o‘z vataningdek aziz, o‘z onangdek tabarruk.

Bir tomchi shabnamdek moʻjaz va tiniq elchi degan sof o‘zbekcha turkiy so‘zda qancha hikmat bor!

El deb, elat deb xalqni aytamiz. Yana yov hech qachon el bo‘lmaydi,  deymiz.

Yomonga elakishma degan o‘gitimiz bor. Bu o‘rinda el do‘stlik, yaqinlik maʼnolarini bildiradi. El qadimda davlat tushunchasini ham ifoda qilgan. Elchi bir xalqdan, bir davlatdan boshqa yurtga yuborilgan vakilgina emas, balki elni elga el qiladigan odam, xalqlar o‘rtasida mehr rishtasini bog‘lovchi, do‘stlik ko‘prigini quruvchi hamdir.

 

Erkin Vohidov, “So‘z latofati”.   

 

 

So‘z  – zabarjad, So‘z – gavhar, oltin

So‘z  – zabarjad,

So‘z – gavhar, oltin.

Zargarlikning mashaqqati ko‘p.

So‘zni baytga  qadashdan  oldin

Kaftingga qo‘y, to‘yib qara, o‘p!

Ona tilimni sevmasam,  so‘zlariga mahliyo bo‘lmasam, hayratlanmasam, menga shoirlik qayda edi!

Oftob chiqdi, quyosh chiqdi, kun chiqdi,

Mehru shamsu xurshidi gardun chiqdi.

 

         Bir zamon bolalar uchun aytilgan shu jo‘ngina va g‘o‘rgina ikki satrning o‘zida quyoshning  oltita nomini topasiz! Sanoqni yana davom  ettirish mumkin. Olimlar,  topib bering,  qaysi tilda quyoshning   o‘ndan ortiq ismi bor! Qaysi tilda osmonni  kamalak ranglaridek yetti xil nom bilan ataydilar?  Osmon, falak, samo, charx, gardun, fazo, ko‘k...  Bular dafʼatan  xayolga kelganlari xolos! Arsh, davvor, minu  singari  kam ishlatiladigan xos so‘zlar ham sanalsa, ro‘yxat yana-da uzayadi.

                                                                                                                                                                        Erkin Vohidov,  “So‘z latofati”

                                    kitobidan.

 

 

“Chaq” so‘zining paydo  bo‘lishi  

Yurtimizda  yuz ming yil muqaddam   yashagan noandertal odamning tarix muzeyimizdagi qiyofasiga qarab yana o‘zimga savol beraman.  Rasmana insonga aylanmagan  bu ibtidoiy  ong egasining  birinchi so‘zi nima  edi?  Xayolimga kelgan  javob shu bo‘ldi:  u toshni toshga urib chaq etgan tovushni eshitganu  chaq deya ovoz chiqarib, o‘zining birinchi so‘zini aytgan.  Toshni toshga chaqqan, keyinroq tosh bilan danak chaqqan, yong‘oq chaqqan, bolasiga ham chaq, deb buyurgan.

Bora-bora toshdan o‘t chiqarib, uni ham chaq dedi. Ko‘kda chaq etib yongan olov ham  chaq bo‘ldi. Keyinchalik, chaqmoq, chaqin, chaqmoqtosh so‘zlari paydo bo‘ldi. Tosh bir-biriga urilganda, uchgan yeri chaqa. Toshga qoqilganning oyog‘i barmog‘i chaqa.  Ko‘p gapirganning  tili chaqa. Tosh maydalab chaqa degan inson uchun  hamma mayda narsalar chaqa bo‘ldi.   Pul maydalab: chaqa dedi. Mayda bolasini bola-chaqa dedi.  Eng maydasi chaqaloq bo‘ldi.

Taraqqiyot insonga aql-zakovat berdi. Zakovatli inson tosh chaqishni qo‘yib, gap chaqishga o‘tdi.  Toshdan uchqun chiqargan bo‘lsa,  gapdan o‘t chiqardi. Gap chaqib o‘z qardoshining  uyini kuydirdi.  Gap chaquvchining oti ham chaqdan uzoq ketmadi  Uni chaqimchi, chaqmachaqar dedilar.  Chaqimchining nishi ilonning tishidan og‘riqli va xatarli.  Ari, ilonu chayonning nashtar urishini ham besabab chaqish  demaganlar.  Demak, chaqimchi bilan  gazandaning hunari bir.

... Odam bolasining bir ojizligi bor. Birov haqida ortdan yomon so‘z aytish gunoh ekanini biladi-yu, o‘rgangan odatini yo‘qotolmaydi.  Birovni sirtdan qoralab rohat qiladi.  Suhbatning shirini g‘iybat, deydilar hazil qilib. Lekin bu gapda hazildan  chin ko‘proq.  G‘iybat ham chaquv, birovni birovga  emas, birovni hammaga chaquv demakdir.  Biz bunday shirin suhbatning nomini chaqchaqlashuv deymiz.

Basharti  tosh chaqishdan  so‘z mag‘zini chaqishgacha bo‘lgan masofani  million  yillar ichida  bosib o‘tdi. Biz ham sizlar bilan  chaq so‘zining  achchiqqina  mag‘zini chaqdik,  chaq to‘g‘risida chaqchaqlashdik.

   

                                                Erkin Vohidov, “So‘z latofati”.

                                                   So‘z musavviri

“Men o‘zbek shoiriman, o‘z  xalqimning tiliman”, deb yozgan G‘afur G‘ulom bu gapda faxr-g‘ururdan tashqari, uning  zamirida juda katta yuk  borligini ham nozik fahm etgan. O‘z xalqining tilini butun nafosatu ifori bilan bilishda  XX asr  o‘zbek   adabiyotida  u benazir edi  deyilsa,  mubolag‘a emas.  Xalq tili va mumtoz  adabiyotimizga xos ko‘plab hamma ham  bilavermaydigan so‘zlarni o‘z o‘rnida qo‘llash, shunday   qo‘llash  oqbatida  badiiy matn,  poetik manzara va ifoda yaratish akademik shoir sheʼriyatining  xos belgilaridan   bo‘lsa, ajabmas.

         Shoir  va adib qo‘llagan  so‘zlar;  u xoh biror bir sohaga tegishli bo‘ladimi,  xoh mavjud so‘zlar, u xoh biror  tor sohaga tegishli bo‘ladimi,  xoh mavjud so‘zlar asosida yasalgan yangi so‘z, neologizmlar bo‘ladimi, hamisha badiiy niyatga  xizmat qiladi. Mana, alloma vafotidan keyin chop etilgan to‘rtlik:

                      “Dunyo qo‘ling kiridir”, deganlari rost axir,

                        Qo‘lom, to‘pol qoladi zargarning ko‘rasida,

                        Millionerdan so‘rasang maydasi yo‘q bir paqir,

                        Brilliant – ko‘mir demak atom gilbo‘tasida.     

... adibning  tilga, so‘zga  munosabati haqida   gapirar ekanmiz,  avvalo, tildan qanday foydalanadi, bunda asosiy narsa, so‘z orqali badiiy matn yarata  oladimi, ishlatgan har bir so‘zi o‘z o‘rniga tushib, o‘zidan kattarib, jilolanadimi,  kitobxon qalbi shuuriga nur olib kira oladimi?  Ushbu savollar juda muhim va ularga javob ijobiy  bo‘lgan taqdirdagina  shu adibni mohir so‘z ustasi, so‘z sanʼatkori deya olamiz.

G‘afur G‘ulom so‘z sanʼatkori edi.

                                 Suvon Meli, “So‘z xiyoboni”.

 

 

Qodiriy so‘zining qadri

          Mumtoz  adabiyotshunoslikda  kam so‘z bilan ko‘p  maʼnolar bayon etish sanʼatiga “iyjoz”  deyiladi.  So‘zning iyjoz  maqomi   Abdulla Qodiriy nasriy poetikasiga, qahramonlari nutqiga ham xos.      

         ... Shokirbekning  Otabekka evrilish sahnasi ostonasida  Usta Alim: “...yomonning janozasidan  yaxshining hikoyasi  foydalik”, deb someʼlikka  hozirlanadi. Bunday nutqda “sen” – “men”, “uzun” – “qisqa”, “yaxshi” bilan “yomon”, “janoza” bilan “hikoya” so‘zlari zidlashadi. Yusufbek hoji bir yig‘ilishda: “Bu soqol shu el qayg‘usida oqardi. Bu ko‘ngil shu manfaatparastlar  taʼsirida qoraydi”, degan gaplari  semantikasi qarshilidir. Yusufbek  hojining o‘z nafsiga nazari, malomati va eʼtirofidagi soqolining oqarishi yoki  ko‘ngilning qorayishi  tasavvurni toza bir inson umrining yo‘llari tomon yo‘llaydi. Aslida, vaziyat, xarakterning kontrasti-qiyosli  tasvirni romanning  dastlabki sahifalarida, yaʼni  karvonsaroyda  Otabek tushgan hujra yoki Otabek bilan Homid xarakteri bayonidayoq ko‘rinadi. Adib bu badiiy sanʼatdan  romanda juda ko‘p va o‘rinli foydalanadi.

         ... Abdulla Qodiriy  o‘zining betakror badiiy asarlari bilan  o‘zbek adabiyotining boyligini isbot etadi; o‘rni kelganda, sheva  so‘zlaridan  unumli foydalanadi.  Adib xalq tilida qo‘llanadigan “chip” so‘zi uchun  “g‘ov, barrikada”  maʼnosida,  boshqa bir sahifadagi dialogda  kelgan “eshik” so‘zini  “Farg‘onada  hovlini eshik deydilar” deb izohlaydi. Homid Jannat opaga  “...guzardan chiqib bir chora  et keltirib, sho‘rba qilib bersangiz” deydi.  Yozuvchi “bir  chorak”ni  “uch  yarim-to‘rt qadoq chamasi toshdir” deb izohlaydi. Bugungi o‘quvchi uchun  bir qadoqning 409,512  grammga teng  og‘irlik o‘lchov birligi ekanini eslatishga zarurat bor.

         Abdulla Qodiriy  ijod ahlining o‘z ona tili va qo‘shni  millatlar  tilini bilish xususida: “ Yozuvchi o‘z xalqining  tilini, folklorini kamol o‘rganishi shart  va bir necha tillarni, ayniqsa, yaqin qo‘shni tillarni bilishi fazilat.  Shundagina tili boyiydi, asari jonlanadi” deb yozadi...

Bahodir Karimov, “So‘z xiyoboni” .

 

 

So‘z  nima?

Tilda yuz minglab so‘z bo‘lsa ham, ularning moddiy asosini bir necha o‘nlab tovushlar tashkil qilishi haqida fikr yurita turib, muqtadir olim Alibek Rustamiy shunday yozadi: «…o‘zbek adabiy tilida 31 tovush bor. Shevadagilarni qo‘shsak, 40 dan oshmaydi. Shu qadar ozgina tovushdan milliondan ortiq so‘z yasalgan».

To‘g‘ri taʼkidlanganidek, gap so‘zning soni yoki sifatida emas, balki ularni bilish va o‘z o‘rnida qo‘llay olishdadir.  Demak, so‘z – neʼmat, so‘z – rag‘bat, so‘z – tashviq, so‘z – daʼvat, so‘z – davlat, so‘z – savlat, so‘z – hikmat, so‘z – himmat, so‘z – hurmat, so‘z – rahmat, so‘z – zahmat, so‘z – fazilat, so‘z – illat, so‘z – tuzuvchi, so‘z – buzuvchi, so‘z – ilm, so‘z – tilsim, so‘z – bilim, so‘z – zulm, so‘z – saboq, so‘z – tayoq, so‘z – havas, so‘z – hasad, so‘z – g‘urbat, so‘z – g‘iybat, so‘z – do‘st, so‘z – dushman, so‘z – sharofat, so‘z – ofat, so‘z – olqish, so‘z – qarg‘ish, so‘z – mehr, so‘z – qahr … xullas, so‘z – hamma narsa. Faqat uni qachon, qayerda, qanday qilib qo‘llash so‘zlovchiga bog‘liq. Bu esa so‘zlovchining ongu shuuriga, aqlu idrokiga, fahmu farosatiga daxldordir.

                             Rahimboy  Jumaniyozov,

                   “Muomala madaniyati”.

O‘zbek  tili  uch  daryodan  suv  ichgan

Maʼnodosh  so‘zlarimizning ko‘pligiga sabab bor. O‘zbek tili uch daryodan suv ichgan. Diniy, ilmiy, ijtimoiy atamalarimiz asosan arab tilidan;  ko‘pgina ish qurollarimiz: jomadon, hokandoz, dastshu, jomashu, dazmol, qog‘oz kabi hunarmandlikka oid so‘zlarimiz, shuningdek, yuksak sheʼriy uslubga xos  suxanlar fors tilidan kelgan.  Lekin bu qatʼiy qoida emas. Aksar holat desak, to‘g‘riroq bo‘ladi. Arab tilidan o‘tgan narsa va buyum  nomlari ham  tilimizda ko‘p: aroba, musallas, istehkom, qalam singari. Shuningdek, fors tilidan kirgan falsafiy atamalar ham talaygina. Javonmard, sarbador, charxi kajraftor,  oinai Iskandar va hokazo. Harakat nomlari asosan turkiycha. Ko‘pgina so‘zlarning o‘zbekchasi ham, arabchasi ham, forschasi ham tilimizda barobar ishlatiladi. Arabcha Alloh yonida forscha xudo, turkiy tengri so‘zlarimiz bor. Yurak ham, qalb ham, dil ham deymiz. Arabcha ism,  forscha nom,  o‘zbekcha ot – uchovi  ham o‘zimizniki. Til, zabon, lison bizda shu sababdan  beqiyos boy va rangin.

                                                               Erkin Vohidov  “So‘z latofati”.

Furqat – so‘z raʼnosining oshig‘i

 

         ... So‘z qadrini bilgan,  uning insoniyat uchun nechog‘liq  ulug‘ neʼmat ekanini  chuqur his etgan  Furqat so‘zlamoqda andisha bo‘lmog‘i zarurligiga  alohida diqqat qaratadi.  Shoirning fikricha,  har bir odam o‘zi bilgan, maʼnosini teran uqqan  holda so‘zlamog‘i maʼqul.  Mashrab g‘azaliga tazmin sifatida yozilgan “Lozim emas” radifli g‘azaldan olingan quyidagi bayt shu haqda:

         Qosir aqling birla sunʼi  Kibriyodin urma dam,

           Bilmag‘on odamga  bu nozik suxan lozim emas.

         Furqat asarlarida  “so‘z” kalimasi o‘rnida baʼzan uning suxan, kalom, nukta  singari  sinonimlari ham  faol ishlatiladi.  Jumladan, ushbu  baytdagi “suxan”  so‘zi “nozik” sifat bilan birga  qo‘llangan.  “Sun” – lug‘atda yaratish, sanʼat  demakdir. Kibriyo –Alloh taoloning  sifati bo‘lib,  ulug‘, buyuk maʼnolarini   anglatadi. Shunga ko‘ra, ushbu baytda Furqat qusurli aql  bilan buyuk Tangri taoloning yaratuvchanlik qudrati haqida  so‘zlashdan tiyilish zarurligini,  benihoya  nazorat (ehtiyotkorlik) bilan munosabatda  bo‘lishni taqozo  etadigan  bu nozik suxan bilmagan odamga lozim emasligini alohida taʼkidlaydi.

         “O‘tar-ketar” radifli g‘azalida  shoir yaxshilar suhbatida bo‘lishni,  yaxshi so‘zlar eshitmoqni tavsiya etadi. Yaxshiar suhbtin ko‘rmagan odamni ko‘rga, yaxshi so‘zlar eshitmaganni  karga qiyoslaydi:

         Yaxshini suhbatin  ko‘rub yaxshi suxan eshitki ul, Yaxshi ko‘rib eshitmayin ko‘r ila kar o‘tar-ketar.

        

So‘zga taʼrif berar ekan, shoir: “suxan  raʼnosi nazm libosi birla zebo ko‘rinur bo‘lg‘ay” degan fikrini go‘zal badiiy shaklda  ifoda etadi.  “Suxan raʼnosi” – istiora bilan ziynatlangan  behad jozibali  bu ibora  Furqatgacha va undan keyingi biror ijodkor asarlarida  kuzatilmaydi. Haqiqatan,  shoir so‘zni go‘zal shaklda suvratlantira olgan yuksak salohiyat egasi, so‘z raʼnosining  eng  sodiq  oshig‘idir.

                                                                       Nurboy Jabborov,  “So‘z xiyoboni”.  

 

 

Ko‘mirga aylangan umr

 

         Xalq maqollari, matallarida bir hikmat bo‘ladiki,  u hikmatli so‘z deb ataladi va asrlar osha og‘izdan og‘izga ko‘chadi.

         Gap ko‘p, ko‘mir oz, degan iborada  men  chuqur maʼno, tagdor fikr ko‘rmadim. Suhbat cho‘zilsa, sandalning cho‘g‘i sovub qolgani uchun shunday deydilarmi?  Bu gapda na badiiyat, na hikmat bor.

         O‘ylashimcha, bu ibora aslida gap ko‘p-ku, umr oz  bo‘lgan.

         Ku qo‘shimchasining keyingi so‘zga qo‘shilib ketishidan umr  ko‘mirga aylangan. Asliyatni tiklasak, dunyoning dardini aytishga umr yetmaydi, degan falsafiy xulosa chiqadi.

         Bu singari zamonlar osha tildan tilga o‘tib,  so‘zlari, harflari o‘zgarib ketgan, asl  maʼnosini yo‘qotgan maqol va matallar ko‘p.

         Xalqda Mehmon otangdan aziz,  Ustoz otangdan ulug‘ degan hikmat bor.  Biror aqlli zot otadan ulug‘, otadan aziz inson bo‘lmaydi, deb aytgan chog‘i, keyingi vaqtda Mehmon otangdek azizUstoz  otangdek  ulug‘  deyish urf bo‘ldi.  Otadan ulug‘ va aziz kishining  yo‘qligi haqiqat. Aynan shuning uchun ham bu tashbeh  ishlatiladi. Maqol –xalq ijodi. Ijod badiiyatsiz, badiiyat mubolag‘asiz  bo‘lmaydi. Inson boshi toshdan qattiq deymiz.  Toshdan qattiq narsa yo‘qligi uchun shunday deymiz. Tog‘ni ursa tolqon qiladigan yigit degan gap bor. Tog‘ni maydalab bo‘lmasligi uchun  shu ibora qudratli va boqiy. Dunyoni suv bossa to‘pig‘iga chiqmaydigan odam bo‘lmaydi. Soch bilan ko‘cha supurilmaydi, ko‘z yoshi bilan suv sepilmaydi. Lekin yor yurgan ko‘chalarni supuray sochim bilan, changi chiqsa suv sepay ko‘zlardagi  yoshim bilan, deya kuylanadi. Buni lutf deydilar. Zavqi yo‘q odam lutfni anglamaydi.

                                                                           Erkin Vohidov, “So‘z latofati”

Millat hamiyatining muntazam himoyati

Mamlakatimizda benihoya ko‘lamli islohotlarning naqd natijalari bois “Yangi O‘zbekiston” degan mag‘zi to‘q istiloh istifodasi urfga kirdi. “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” shiori yurtimizda mutlaqo tabiiy ravishda bosh g‘oya maqomiga ko‘tarildi. Davlatimiz rahbarining izchil va chinakam xalqchil siyosati tufayli inson qadri eng oliy qadriyatlardan biri sifatida eʼzozu eʼtibor, hifzu himoyat bag‘ridan muqim va mustahkam joy oldi.

Shubhasizki, bu xalqimizning nelarni ko‘rmagan boshini ko‘kka yetkazdi. Zotan, o‘zbekning o‘lmas hikmat yombilari orasida “Qornimga emas, qadrimga yig‘layman” tarzidagi teran va dildagi adoqsiz og‘riq bilan aytilgan haqiqat ham bor. Inson bolasi, xususan, bizning ajdodlarimiz azaldan qorin qayg‘usi bilan emas, balki, avvalo, qadr qayg‘usi bilan umrguzaronlik qilgan. Shuning uchun ham ular hech kimdagidan kam bo‘lmagan qadr tuyg‘usi bilan ilm-fan, maʼrifat, madaniyat va maʼnaviyat bobida tengsiz durdonalarni yaratgan, o‘z nomlarini tarix sahifalariga muhrlagan.

O‘zbek tilidagi qadr so‘zining asosiy maʼnosi lug‘atda shunday izohlangan: “jamiyatda, kishilar o‘rtasida tutgan o‘rin, o‘zga(lar) tomonidan bo‘lgan hurmat, eʼtibor”. Albatta, buni salomat saqlash hamiyat so‘zi bilan ifodalanadi. Bu so‘zning asosiy maʼnosi izohli lug‘atda “or-nomusini, qadr-qimmatini pok saqlash tuyg‘usi” tarzida tavsiflangan. Aytish mumkinki, qadr tuyg‘usi va hamiyat tirikligi bir-biri bilan tamoman uyqash, birisiz ikkinchisining mavjudligi nomumkin bo‘lgan tushunchalar o‘laroq insonning oliy va ardoqli sezgilari sirasiga kiradi. Albatta, til, xususan, ona tili ayni shu qadrning ham, hamiyatning ham hamisha zimnu zaminida yotadigan tushunchalardandir.

Til saltanatining benazir sultoni ulug‘ bobomiz Alisher Navoiyning “Insonni so‘z ayladi judo hayvondin”, “Tilga eʼtiborsiz – elga ixtiyorsiz” kabi hikmatlarida odam bolasi uchun tilga ehtiromli munosabatning azaliy va abadiy ehtiyoji, insonlikning bosh belgisi til ekanligi, til va el hurmati tanosibining tarangligi go‘zal shamoyillarda ifoda topgan. Umuman, har qanday tilga, xususan, ona tiliga, biron-bir darajada bo‘lsin, nopisandlik yoki kamsitish bilan qarash inson va el qadriga hurmatsizlik, inson va xalq hamiyatiga daxl qilish tarzida anglanishi, kishilar ko‘nglini, yumshoqroq taʼbir bilan aytganda, og‘ritishi, tabiiyki, yaqin o‘tmishimizda biz buning guvohi bo‘lganmiz.

Bugun yurtimizda xalq hamiyatining muntazam va iddaosiz himoyasi muddaosi bilan o‘zbek tilini davlat tili deb eʼlon qilgan qonunning imzolanganiga 33 yil bo‘ldi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining o‘ttiz yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida alohida taʼkidlaganidek, “Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri bo‘lgan o‘zbek tili xalqimiz uchun milliy o‘zligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir”. Shuni mamnuniyat bilan taʼkidlamoq joizki, davlatimiz rahbarining doimiy eʼtibori bilan, ayniqsa, so‘nggi besh-olti yil ichida mamlakatimizda o‘zbek tilini rivojlantirish hamda til siyosatini takomillashtirish borasida yangi bosqich boshlandi. 2020-2030-yillarga mo‘ljallangan konsepsiya va maxsus dastur qabul qilingan, kelgusidagi ishlar aniq-tiniq ko‘rsatib berilgan, shu asosda til ilmi tadqiqi, taʼlimi va targ‘ibiga daxldor tizimli hamda keng qamrovli ishlar jadal surʼatlarda amalga oshirildi va oshirilmoqda.

Prezidentimizning o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish borasidagi ko‘rsatmalari asosida izchil harakat olib borilmoqda. Mamlakatimizda istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlar tillarining rivojlanishi uchun keng imkoniyat hamda sharoitlarning yaratilgani ham bor haqiqatdir. Yurtimizda qaror topgan benihoya oqil va odil til siyosati tufayli ko‘p millatli xalqimizning birligi, hamjihatligi yana-da mustahkamlanmoqda. O‘zbek tili bayrog‘imiz, gerbimiz, madhiyamiz qatorida davlatimizning muqaddas hamda muhtasham ramzlaridan biri sifatida takomil va rivoj o‘zanidan bormoqda. Har yili 21-oktabr “O‘zbek tili bayrami kuni” sifatida butun xalqimiz tomonidan cheksiz mamnuniyat bilan keng nishonlanmoqda, bu kun amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilinib, yangidan-yangi rejalarning tarhi chizilmoqda.

Tilning ijtimoiy hodisa ekanligi haqida ko‘p gapirilgan. Shubhasizki, tilning paydo bo‘lishi, o‘zlashtirilishi va taraqqiyotiday murakkab jarayonlarni jamiyatdan ayro holda aslo tasavvur qilib bo‘lmaydi. Bu murakkab jarayonda ijtimoiy muhitning, kishilik jamoasining, uy-xonadon degan birlikning hal qiluvchi omil ekanligidan iborat haqiqatni inson aqli hazm qilib ulgurguncha, ne-ne nasllar yugurik asrlar to‘zoni ichra abadga qo‘nim topgan.

Eramizdan oldin ham, bizning eramizda ham dunyoning turli burchaklarida ana shu haqiqatni izlab, turli-tuman tajribalar o‘tkazilgan. Jumladan, “Mo‘g‘ullar imperiyasining umumiy tarixi” (Parij, 1705) nomli kitobda XVI asrda Akbarshoh tomonidan o‘tkazilgan bir g‘aroyib tajriba haqida batafsil yozilgan. Ulug‘ shoh “Biron-bir tilga o‘rgatilmagan odamning tabiiy tili yahudiy tili bo‘ladi”, degan g‘ayriilmiy gapni eshitib qoladi. Shunda Akbarshoh bolaga hech qanday til ataylab o‘rgatilmasa, u, chindan ham, qaysi tilda gapiradigan bo‘lishini bilishni istaydi. Ana shu maqsadda shoh o‘n ikkita emizikli bolani ajratib olib, Agradan olti mil uzoqlikdagi qalʼaga joylashtiradi, ularni tarbiyalashni o‘n ikki soqov enagaga topshiradi. Tilsiz qorovulga qalʼa darvozasini ochish qatʼiyan taqiqlanadi. Bolalar o‘n ikki yoshga yetganda, shoh ularni huzuriga keltirishni buyuradi va saroyga barcha tillarni biladigan donishmandlarni ham taklif etadi. Agrada yashaydigan bir yahudiy bolalar, chindan ham, yahudiycha gapirish yoki gapirmasliklariga hakamlik qilishi kerak edi. Agrada arablar va xaldey (somiylardan bo‘lgan qadimiy xalq)lar bisyor edi. Hind faylasuflari bu bolalarning tili sanskrit (qadimgi hind tili)cha bo‘lib chiqadi deb hisoblardi. Ammo bolalar shoh huzuriga keltirilganda, barcha hayratdan tosh qotib qoladi, chunki ular hech bir tilda gapirmas edi. Bechoralar o‘z enagalaridan fikrlarini faqat turli imo-ishoralar bilan ifodalab, hech qanday tilsiz muomala qilishni o‘rgangandi. Ular bu notanish, begona jamoadan qo‘rqib-hurkib turardi, ochilmay tugilgan bu tillarning tugunini yechmoq tamoman mushkul, ularga nutq tovushlarini ayttirmoq zamoni o‘tib bo‘lgan edi.

Qilni qirq yorgan aksariyat dunyo tilshunoslarining taʼkidlashlaricha, nafaqat tilni o‘zlashtirish, balki tilning ibtidodan paydo bo‘lishi ham muayyan jamoada birovning boshqasiga nimanidir aytish, nimagadir undash, o‘zining muayyan hissiy holatini bildirish kabi ehtiyoji mahsulidir. Qisqacha aytganda, jamoa-jamiyat bilan bog‘liqdir. Aytish joizki, tilning takomilu taraqqiyotini ham, uning shaxs maʼnaviy-madaniy tashakkuli va ajdodu avlodning zamonlar osha vorisiyligidagi qiyossiz o‘rnini ham jamiyatsiz anglash mutlaqo mumkin emas. Shuning uchun ham jamiyat hamda xalq taraqqiyoti, tinchligi va farovonligini, ularning milliy manfaatlarini taʼminlashday oliy maqsadni birlamchi burchi deb bilgan davlat o‘z hududida milliy tilni davlat tili maqomiga ko‘tarishi, uning tirikligi muhofazasi hamda har taraflama kamoloti uchun qayg‘urishi qonuniy va haqqoniy zaruriyatdir. Prezidentimizning 2019-yil 21-oktabrdagi “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi tarixiy Farmonida behad o‘rinli taʼkidlanganidek, “Bugungi globallashuv davrida har bir xalq, har qaysi mustaqil davlat o‘z milliy manfaatlarini taʼminlash, bu borada avvalo o‘z madaniyatini, azaliy qadriyatlarini, ona tilini asrab-avaylash va rivojlantirish masalasiga ustuvor ahamiyat qaratishi tabiiydir”.

Tilsiz milliy ruh degan bemisl teran va ulug‘vor tushunchaning mohiyati tamoman muallaqlashadi. O‘zbek pedagogikasining atoqli namoyandalaridan biri Abdulla Avloniy 1917- yilda ikkinchi marta nashr qilingan “Turkiy guliston yoxud axloq” asarida bu haqiqatni mana bunday ifodalagan: “Har bir millatning dunyoda borlig‘in ko‘rsatadurgan oyinai hayoti til va adabiyotidur. Milliy tilni yo‘qotmak millatning ruhini yo‘qotmakdur”. Demakki, milliy ruh, milliy ong, milliy maʼnaviyat, milliy madaniyat kabi tushunchalarning tayanch ustuni, tirik tirgagi ona tilidir. Zabardast o‘zbek tilshunosi, akademik Alibek Rustamov bu holatni go‘zal va ohorli qiyos vositasida mana bunday tavsiflagan: “Tirik jonning hayoti uchun havo qanchalik zarur bo‘lsa, insonning inson sifatidagi turmushi va uning insonligini belgilovchi maʼnaviy tirikligi uchun so‘z (yaʼni til) shunchalik zarurdir”.

Til nafaqat maʼnaviyat va madaniyatning, balki tafakkurning ham asosiy tayanchi, shuning uchun ham milliy tafakkur tushunchasi mavjud. Tabiiyki, insonning dunyoni bilishiday adoqsiz tadrijiy jarayonning qudratli harakatlantiruvchi kuchlarining boshida tafakkur turadi. Bu kuch taʼrifini ulug‘ mutafakkir bobomiz Alisher Navoiydan o‘tkazib hech kim aytolgan emas: “Har ishki qilmish odamizod, Tafakkur birla bilmish odamizod”. Shuni ham yodda tutish joizki, tafakkurni voqelantiradigan, unga faqat shamoyilgina emas, balki aniq o‘zan baxsh etadigan qudrat esa tildir. Til milliy tafakkur tarzini tayin etadi va mutlaqo tanosibiy bir intizomda tafakkur takomili tilning tadrijiy taraqqiyotini taʼminlaydi. Insoniyat kamolotida, uning tafakkuri, tasavvuri va taxayyuli parvozida tilning beqiyos omil ekanligi bugun eʼtirof etilgan haqiqatlardandir.

Mashhur olmon allomasi V. Gumboldt va uning davomchilarining eʼtiroflaricha, til kishilar o‘rtasidagi shunchaki aloqa vositasigina emas, u millatning dunyoni ko‘rar ko‘zi, eshitar qulog‘i, anglar aqlidir. Har bir xalqning boshqalardan farqli milliy nigohi bor. Har bir til vakili muayyan tovushni boshqasidan farqli eshitadi, masalan, o‘zbek itning tovushini “vov-vov” deb, rus “gaf-gaf” deb va hokazo tarzda ifodalaydi. Idrok intizomidagi farqlarni ham sezmaslik mumkin emas, masalan, ruschadagi “ne dayot govorit” birikmasini o‘zbekchaga “gapirishga bermayapti” tarzida o‘girish ana shu ruschadagi idrok intizomini o‘zbekchaga noo‘rin ko‘chirish natijasidir, o‘zbekcha idrok intizomiga muvofiq “gapirishga qo‘ymayapti” tarzida bo‘lishi zarur. Til bu sinoatli olamni muntazam inkishof qilishning birlamchi qudratli qurolidir.

Dunyo adabiyotining nomdor namoyandasi Chingiz Aytmatov “Avezov haqida so‘z” nomli maqolasida “Til xalqning avtoportretidir”, degan behad teran obrazli taʼrifni aytgan. “Avtoportret” so‘zining maʼnosi, maʼlumki, “rassom yoki haykaltaroshning o‘z qo‘li bilan ishlagan o‘z tasviri, portreti”dir. Chindan ham, masalan, o‘zbek tili o‘zbek xalqining siyratu suratini, tafakkur va taxayyul olamini, o‘tmishu bugunini boricha aks ettiradigan, muhimi, shu tilning o‘zi vositasida hamda “o‘z qo‘li” bilan “chizilgan” ham ichki, ham tashqi xolis qiyofasidir. Bu qiyofa xalqimizning ming yillik lisoniy-tarixiy taraqqiyoti jarayonlarida, betakror madaniy va aqliy, adabiy-badiiy durdonalarida bo‘y ko‘rsatib turibdi. Bu qiyofa parvarishu muhofazaga, eʼzozu ehtiyotga, ko‘z qorachig‘idek asramoqqa, yana-da kamolot sari eltmoqqa shoyon muhtasham boylikdir.

Dunyo til ilmida til va tafakkur munosabati borasida turli fikrlar bildirilgan, ulardan biriga ko‘ra, til tafakkurning shakllanishi jarayonlarida bevosita ishtirok etadi. Bunday fikrni ilgari surganlardan biri amerikalik taniqli olim Benjamin Li Uorfdir. Uning nazariy qarashlarini tahlil qilgan Maks Blek “Til mustaqil mazmunning tashqi ifodasidir, til va mazmun o‘rtasidagi munosabat kiyimning o‘zi yopib turgan tanaga munosabatiga o‘xshaydi”, qabilidagi hukm aytilsa, bunga Uorfning mutlaqo qo‘shilmagan bo‘lishini taʼkidlaydi. Buning maʼnosi shuki, tilni Uorf hech qachon ikkilamchi, yaʼni tafakkur shakllanishidagi yordamchi vosita deb hisoblamagan. Ana shu jihatdan qaraganda, mutafakkirning quyidagi ikki mulohaza-hukmi ham alohida eʼtiborga molik: “Taʼkidlamoq kerakki, “hind-evropa tillarida gapiradigan barcha zamonaviy olimlar” va “barcha olimlar” tushunchalari bir-biri bilan teng emas. Zamonaviy xitoy yoki turk olimlarining dunyoni Yevropa olimlari kabi tavsiflashi faqat shuni ko‘rsatadiki, ular o‘z tafakkur tizimlarini mustaqil holatda ishga solmaganlar, balki butun g‘arbcha tafakkur tizimini yaxlitligicha o‘zlashtirganlar”. “Aytish mumkinki, insoniyatni kelajakda bir tilda, xoh ingliz, xoh nemis yoki xoh rus tilida, gaplashishini tasavvur qiladiganlar insoniy tafakkur taraqqiyotiga ulkan zarar keltirishi aniq bo‘lgan holatni ideal sifatida qabul qilganlari uchun qattiq adashadi”. Olimning bu gaplaridagi ayovsiz haqiqatni unutmaslik lozim. Til tafakkurning shunchaki libosi, tashqi tomoni emas, balki tafakkurning tashakkulida bevosita ishtirok etadigan, uning o‘zanini tayin etadigan benazir unsurdir. Ana shuning uchun ham unutmaslik zarurki, ona tili darsliklarini faqat xorijiy til darsliklari qolipida yaratish, ona tilini o‘qitish jarayonlarini tamoman chet tili taʼlimi andozalariga solish maqsadga muvofiq emas. Ona tili taʼlimida raso milliy tafakkur va rost milliy maʼnaviyatning muntazam tarbiyasi ustuvor yo‘nalish bo‘lmog‘i kerak.

“Davlat tili haqida”gi Qonunimizda bu tilni rivojlantirish va uning sofligini saqlash masalalariga daxldor qoidalar belgilangan. Bugungi kunda o‘zbek tili rivojlangan tillardan biri sifatida hayotimizning barcha sohasida emin-erkin qo‘llanmoqda. O‘zbek tilining sofligini saqlashday ezgu maqsad bilan baʼzan u yoki bu o‘zlashgan (arab, fors, rus, yevropa tillaridan) so‘zni tildan chiqarish, uning o‘rniga boshqa so‘zni kiritish borasidagi yetarlicha o‘ylanmagan yoki ilmiy-mantiqiy asosi anchayin bo‘sh taklif-mulohazalar bildiriladi, o‘zbek tilidagi har qanday o‘zlashmaga g‘ashlik bilan qaraladi, har qanday o‘zlashmani eski turkiy tilga oid so‘z bilan almashtirish tavsiya qilinadi. Holbuki, Yer yuzidagi 6909 ta tildan (YuNESKOning 2012-yildagi maʼlumoti) lug‘at boyligida o‘zlashmalar tamoman yo‘q bo‘lgan birorta til mavjud emas. Hatto eng yirik va rivojlangan deb hisoblangan tillarda o‘zlashmalar anchayin katta miqdorni tashkil etadi. Turkiston jadidlarining tan olingan rahnamosi Mahmudxo‘ja Behbudiy tomonidan 1915-yilda aytilgan quyidagi fikrlarning nechog‘li asosli ekanligiga diqqat qiling: “...Ming yil avvalgi tilg‘a qaytmoq qonuni tabiatg‘a muxolifdur. Chunki moziyg‘a rujuʼ mumkin yo‘q. Begona tildan so‘z olmoqdan qutulgan til yo‘qdur. Anglischani arabchadan so‘ngra eng boy til derlar. Ma fihi (shunga qaramasdan), o‘n minglar ila begona lug‘atlarni majburan olganligini yozarlar. Xulosa fikrimiz shuki, yalg‘uz turkcha so‘ylamak va yozmoq abadan mumkin yo‘q. Baqadri imkon arabiy va forsiyni oz yozayluq. Barcha ilmu fan istiloh lug‘atlarig‘a turkchadan muqobil oxtarib vaqtni zoye etmayluk”. Bugungi globallashgan XXI asrda esa bir-biri bilan muloqotda bo‘lmagan til yoki xalqning o‘zi yo‘q, tillararo so‘z olish-berish ancha faollashgan va bu odatiy hol tusini olib bo‘lgan. Tilimizga kirib, o‘zlashgan, lug‘atimiz tarkibidan joy olib ulgurgan har qanday chet so‘zga muqobil izlayverish, o‘rinli-o‘rinsiz uni almashtirish payidan bo‘laverish foydali yumush emas.

Ko‘hna va donishmand Sharq odamlarida, xususan, bizning alloma bobolarimizda ko‘p tilni bilish benihoya moʻtabar fazilat hisoblangan va ana shu fazilat sohiblari bo‘lganliklari bois ham ular jahon ilm-fani hamda adabiyotida muhtasham va muhtaram o‘rinlarni egallagan. Hatto XIII asrda yashagan tarixchi Ibn Xallikonning ko‘rsatishicha, buyuk olim Abu Nasr Forobiy o‘z ona tili — turkiy tildan tashqari yetmishdan ortiq tillarni bilgan. Bu haqdagi rivoyatlardan birida aytilishicha, bir kuni Damashq hokimi huzuridagi olimlar yig‘iniga Forobiy ham kelib qoladi. O‘z taxtida o‘tirgan hokim Sayfutdavla Forobiyni o‘tirishga taklif etadi. Forobiy: “O‘zimning martabamga qarab o‘tiraymi yoki sizning martabangizga qarab o‘tiraymi?” deb so‘raydi. Hokim: “O‘zingning martabangga qarab o‘tir”, deb javob beradi. Olim to‘ppa-to‘g‘ri hokimning taxti yoniga borib o‘tiradi. Bundan g‘azablangan hokim ko‘pchilikka nomaʼlum bo‘lgan bir tilda soqchisiga: “Bu odobsizlik qildi, axloqsizligi uchun uni ketayotganida jazolanglar!”  deydi. Shunda Forobiy: “Men hech qanday gunoh qilganim yo‘q-ku, nima uchun meni jazolaysiz?” deb so‘raydi. Hayratga tushgan hokimning “Bu tilni xalq orasida hech kim bilmas edi, sen qayerdan o‘rgangansan?” degan savoliga Forobiy: “Men ko‘p tillarni o‘rganganman”, deb javob beradi. “Ikkinchi muallim”ni tanib qolgan hokim olimdan uzr so‘raydi.

Yurtimizda ko‘p tilni bilish, ko‘p tilni o‘rganishga harakat qilish azaldan anʼana tusini olgan. Bu anʼananing mamlakatimizda bardavom bo‘lishini taʼminlash borasida davlatimiz rahbari doimiy ravishda g‘amxo‘rlik ko‘rsatib kelmoqda. Prezidentimiz o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining o‘ttiz yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida “Biz yoshlarimizning jahon tillarini egallashga bo‘lgan ulkan qiziqish va intilishlarini har doim qo‘llab-quvvatlaymiz”, deb taʼkidlar ekan, XX asr boshida olti tilli — o‘zbek, arab, fors, hind, turk va rus tillarida lug‘at tuzgan maʼrifatparvar Ishoqxon Ibratning quyidagi so‘zlarini eslatadi: “Bizning yoshlar albatta boshqa tilni bilish uchun saʼy-harakat qilsinlar, lekin avval o‘z ona tilini ko‘zlariga to‘tiyo qilib, ehtirom ko‘rsatsinlar. Zero, o‘z tiliga sadoqat — bu vataniy ishdir”. Shubhasizki, odam har qancha ko‘p tilni bilmasin, uning tamomila va tom maʼnoda o‘ziniki bo‘lgan tili faqat bitta bo‘ladi, albatta, bu uning o‘z ona tilidir. Shuning uchun ham boshqa tillarni o‘rganishda ona tili orqali u tillar olamiga kirish aql va mantiqning yo‘rig‘idir. Ona tilidagi sobitlik — milliy tafakkur o‘zanini salomat saqlaydi.

Yana shuni ham taʼkidlamoq joizki, xalqimizda “O‘z qadrini bilmagan o‘zganing qadrini bilmas” tarzidagi bikir bir hikmat bor, shu hikmat taʼbiri doirasida atoqli o‘zbek shoiri Erkin Vohidov o‘zining “So‘z latofati” nomli latif kitobida quyidagi haqqoniy gaplarni aytgan: “Biz o‘z ona tilimiz qadriga yetsak, arab tilining boyligi va mukammal qurilishini qadrlaymiz, fors tilining nafosati va go‘zalligidan bahra olamiz, ingliz, rus tillarining qudratini his qilamiz. Ularni chuqur o‘rgansak, raqobat to‘la bu olamda bamaylixotir qadam tashlaymiz”.

Intihosiz iftixor bilan aytish joizki, o‘zbek tili bu kurrai zamindagi eng qadimiy va boy tillardan biridir. Bu tilda bugun ellik millionga yaqin kishilar so‘zlashmoqda, bu tilning chin muhiblari soni ortib bormoqda. Ko‘plab turli xorijiy mamlakatlarda o‘zbek tilini katta ishtiyoq bilan o‘rganishmoqda. Mamlakatimizda millat va xalq hamiyatining muntazam himoyatini yelkalagan “Davlat tili haqida”gi Qonunimizga muvofiq tarzda shakllangan xolis til siyosati bois o‘zbek tili hamda boshqa tillar erkin rivoj va takomil yo‘lidan bormoqda.

O‘zbekiston mustaqil davlat sifatida o‘zining ozod va obod so‘zi bilan, bu so‘zga monand ko‘lamli faoliyati bilan o‘zligini dunyoga namoyish etayotir.

                                                                                                                                              

Nizomiddin MAHMUDOV,

O‘zRFA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori

instituti direktori, filologiya fanlari doktori, professor.

DamashQda mashQ

“Devonu lug‘otit turk”da edgu deb bitilgan, yaxshilikni anglatuvchi bu asl turkiy so‘z bugungi adabiy tilimizda ezgu shaklida qo‘llaniladi. Bamisoli arabcha darbni zarbdaifni zaif deb aytganimiz kabi. Til taraqqiy etgani sari qattiq tovushlar yumshoqlari bilan almashib boradi, chog‘i, qadimgi odoq so‘zi oyoqadiq so‘zi ayiq bo‘ldi. Usmonli turk tilida qattiq q tovushi yo‘qolib bo‘lgan.

Ezguga aylangan edgu so‘zidan bora-bora jo‘n xalq tilida z ham tushib qoldi. Egilikning kechi yo‘q, deydigan bo‘ldik. Darhaqiqat, yaxshilikning kechi yo‘q.

Turk qardoshlarimiz talaffuzni yengillashtirishda bizdan ham o‘zib ketdilar. Ular edgu ham, ezgu ham, egi ham deb o‘tirmay iyi dedilar-qo‘ydilar. Yaxshi so‘zi turk tilida iyi bo‘ldi.

Agar tilni muayyan xalqning jamoaviy intellektual mulki desak, so‘zlarni buzish, qisqartirish, har qanday o‘zgartirish qatʼiy taqiqlanishi kerak edi. Lekin til to‘g‘risida xalqaro bitim yo‘q. Xalqlar bir-biridan so‘z va atamalarni hech bir ijozatsiz oladilar, o‘zlariga moslab istagan shaklga soladilar, xohlagan maʼnoni yuklaydilar, tanib bo‘lmas holga keltiradilar.

Rivoyat qiladilarki, Mirzo Bedil ko‘chada ketaturib o‘z baytlarini buzib, xirgoyi qilayotgan devorzan yonida to‘xtabdi va indamay uning tergan g‘ishtlarini yiqitaveribdi. Hay-haylab dod solgan devorzanga qarab shoir shunday debdi: “Men faqat devoringni buzdim, sen sheʼrimni buzib, mening xonumonimni vayron qilding. Kim ko‘proq faryod ko‘tarishi kerak, senmi yo menmi?”

Devorzan tavba qilib uzr so‘ragan ekan.

Ajabo, sheʼrning egasi bor, lekin so‘zning egasi yo‘q. U bamisoli charaqlagan yulduz, oqib yotgan daryo, esib turgan shamol kabi hammaniki.

Hech kim hech kimga, hech bir xalq boshqa hech bir xalqqa, mening so‘zimni olding, o‘zgartirding, buzding, deya daʼvo qilmaydi.

 

                                                             Erkin Vohidov,

                                                                  “So‘z latofati” kitobidan

DamashQda mashQ  

Ruslar firʼavnni faraon, Bobilni Vavilon, Suriyani Siriya deb aytsalar, bizning ismlarimizni Kadir, Tadji, Gulyam deb talaffuz qilsalar, yoki inglizlar Rossiyani Rasha desalar, birov: “Hay, nima qilyapsan”, – demaydi. Chunki bu hol ko‘pga kelgan to‘y. O‘zimiz ham talay xorijiy so‘zlarning dodini berganmiz.

Damashqda bir arab shoiriga Alisher Navoiy devonlaridan birining nomi “Badoyi ul-vasat” deb tushuntirolmadim. Arab tilida bunaqa so‘z yo‘q, deb turib oldi. Har qancha urinmay uqtirib bo‘lmadi. Jahlim chiqib, ichimda: “eh, o‘zining tilini bilmagan arab”, – dedim.

Bu bahsni uzoqdan eshitib turgan boshqa arab yonimizga keldi-da, mendan so‘radi: – Balki “Badoiul” emas, “Badoiʼul vasat”dir?

U so‘z o‘rtasidagi ayn tovushini chuqur bo‘g‘izdan chiqarib, shunday g‘ayritabiiy ovoz bilan aytdiki, men bunaqa tovushni hech qachon o‘xshata olmasman.

– Xuddi shunday, – dedim quvonib, – faqat bunday talaffuz qilish uchun arab bo‘lib tug‘ilish kerak ekan.

O‘sha kuni o‘zining tilini bilmagan arab, deb ichimda aytgan gapimni yana ichimda qaytib oldim.

Biz mehmon bo‘lgan Suriya arablarining katta qismi xristian dinida. Xalafdan qaytishda yo‘l chetidagi nasroniylar mozorida to‘xtab o‘tdik. Marmar lavhalarga arabcha xat o‘yilgan, ustida xoch – krest o‘rnatilgan edi.

Arab yozuvi bizning ongimizga Qurʼoni karim xati, islom belgisi bo‘lib joylashgani uchun bu manzara menga ajabtovur bo‘lib ko‘rindi.

Meni ajablantirgan yana bir narsa shu bo‘ldiki, arab adiblari grammatika, yaʼni sarf-u nahv ustida tortishib qolsalar, Zamaxshariyni “qozi” qilar ekanlar. Zamaxshariy bundoq yozgan, deyilsa, tamom, bahs tugar, eʼtirozga o‘rin qolmas ekan. Mening bu ikki hayratim ifodasi Damashqda bir to‘rtlik qog‘ozga tushgan edi. Yon daftarda qolgan o‘sha mashq budir:

 

Zamaxshariy bobom sarf-u nahv bitib,

Arab o‘z tilini o‘rganib olmish.

Dunyoning yarmini musulmon etib,

Bu el o‘zi yarmi nasroniy qolmish.

Erkin Vohidov,

                                                                  “So‘z latofati” kitobidan

QORA  YOG‘ VA  YERMOYI

Bugungi kunga kelib neftni “qora yog‘” deb aytsangiz kamdan-kam odam tushunadi. Holbuki, ko‘hna manbalarning guvohlik berishicha, garchi neft turkiy so‘z bo‘lsa-da, tilimizda qadimdan “qora yog‘”, “qora moy” deb ham aytilgan. Bolaligimda men bu so‘zlarga tez-tez duch kelganman. Qishlog‘imizdan sakkiz chaqirim narida Kakaydi posyolkasi (shahar tipidagi qishloq)ning yuqori tomonida Bobtoqqa tutashib ketgan adirlarda neft quduqlari bo‘lardi. Shu yeda burg‘ilash mashinalari ishlab yotardi. Bu joyning nomini odamlar o‘zlaricha “Qoramoy” deb qo‘yib olishgandi. Bu yerdan shifobaxsh qoramoyli sho‘rsuv chiqar, odamlar unga cho‘milgani borishardi. Shu taraflarga bormoqchi bo‘lganlar “Qoramoyga borib kelamiz” deyishardi.

Men bolaligimda yermoyi deb tanishgan narsamning ikkinchi yunoncha otini keyinroq bilib qoldim. Kerosin ekan. Yunon tilida “keros” – “mum” ma’nosini anglatarkan. Kerosinni “yer moyi” deb aytish hozir ham ba’zi shevalarimizda saqlanib qolgan. “Yer moyi” degan so‘zda obraz bor. Tabiat bilan hisoblashish va bog‘lanish bor. Sigir moyi sarimoy bo‘lganiday Yerning moyi qoramoy bo‘lar ekan-da.

“QUMG‘ON”dagi  “QIMIZ”  va  “QIMRON”

Tariximizda o‘choqda choy qaynatish uchun ko‘zacha shaklida yasalgan idish “qumg‘on” deb atalgan. “O‘zbek tilining etimologik lug‘ati”da izohlanishicha, “qumg‘on” so‘zi tarkibidagi “qum” so‘zi “to‘lqinlan”, “qayna”, “chayqal” degan mazmunni ifodalagan.

U holda “qumg‘on” so‘ziga biya sutidan achitish yo‘li bilan tayyorlanadigan shifobaxsh ichimlik ma’nosidagi “qimiz” so‘zining nima aloqasi bor deyishingiz mumkin. Bu so‘zlar bir daraxtning shoxobchalariday gap. “Qimiz” so‘zining o‘zagi ham “to‘lqinlan”, “qayna”, “chayqal” ma’nosidagi “qum” so‘zidir. Tuya sutidan tayyorlanadigan ichimlikning nomini bildirgan “qimron” so‘zi ham “qimiz” va “qumg‘on”ga uyqash. Bu so‘zning ildizida ham “qum” so‘zi bor.

Mahmud Koshg‘ariy izohiga ko‘ra, “qum” so‘zi “suv to‘lqini” ma’nosini bildirgan. Koshg‘ariy “to‘lqinlandi”, “hayajonlandi” mazmunini ifodalagan “qumishdi” degan fe’lni ham keltirib o‘tgan. Odatda, qimiz ham qimron ham meshda qayta-qayta chayqaltirilib pishitilgan. Tilimizda “xom suv” va “pishgan suv” degan iboralar bor. Xalqimiz cho‘qqilardan tog‘u toshlarga urilib, chayqalib, to‘lqinlanib tushib kelayotgan suvni “pishgan suv”, turg‘un suvni “xom suv” deb atagan. “Suv yetti dumalasa toza bo‘ladi” degan ibora ham shunga yaqin ma’noda. Ot va tuya suti meshda chayqaltirilganda tez yetiladi, bu go‘yo pishgan suvga o‘xshaydi. Sigir yo echki sutini bunday pishitish qiyin. Buni chorvadorlar tuya va otning yantoq,tikan, beda ajriq kabi pishiq giyohlarni yeyishi bilan bog‘laydilar. Qimiz ham qimron ham qadimdan meshda saqlangan va qayta-qayta chayqaltirib turilgan. Gap shundaki, sarka (echki) terisidan qilingan mesh va maxsus loydan qilingan ko‘zaning ichimlikni salqin saqlash xususiyati bo‘lgan. Echki terisi ham, ko‘zaning maxsus loyi ham atrofdagi sovuq va salqinni so‘rib olish xususiyatiga ega. Shuning uchun mutaxassislar yoz oylarida echki terisidan qilingan poyabzalni kiyishni tavsiya etadilar.

Men tuya sutini ichib katta bo‘lganlardan tuya suti sog‘ilgan vaqtida ham salqingina bo‘lishi haqida eshitganman. Boshqa jonivorlarda hozir sog‘ilgan sut iliq bo‘ladi. Qimiz – issiqlik, qimron – sovuqlik sanaladi. Tuya sutining sovuqligi ham uning o‘rkachi bilan bog‘liq. Chunki, tuya o‘rkachi tuya tanasini sovutib turuvchi sovutgichday gap.
Tuyaning achitilgan sutini “qimron”, achitilmagan sutini “shubat” deyishar ekan. Qarangki, bittagina “qum” so‘zi atrofida shuncha gap bor.

“G‘ALADON”DAGI  G‘ALLA

G‘ALADON – Biz odatda stol, javon va shu kabilarning narsa solib qo‘yiladigan tortmasini “g‘aladon” deb ataymiz. Ba’zan pul yoki mayda buyumlar saqlash uchun xizmat qiladigan qutichani ham shu so‘z bilan ifodalaymiz.

“G‘aladon” so‘zining tub ildizi aslida “g‘alla idishi”, “don saqlanadigan joy” degan ma’nolarni anglatgan. (“O‘zbek tilining izohli lug‘ati”)
Qizig‘-a, stolingizning g‘aladonini ikki yuz marta tortib ko‘rganda, hech bo‘lmasa, bir martagina nima uchun uning “g‘aladon” deb atalishi haqida o‘ylab ko‘rganmisiz? O‘ylab ko‘rish kerak-da. Shunda jilla qursa, bu so‘zning “g‘alla” va “don”ga yaqinligini sezib qolardingiz va birdan ajablanib ketardingiz.

“OLChOQ”  SO‘ZINING  IKKI  MA’NOSI

“ALChAQ” – (OLChOQ) – Bugungi kunda o‘ta salbiy ma’noda ishlatiladigan bu so‘zning o‘tmishdagi tub ma’nisi Koshg‘ariy Devonidagi izohga ko‘ra, “yumshoq tabiatli”, “yuvosh”, “zaif”, “nozik” ma’nolarini bildirgan. Balki, qo‘rqoqlik, ojizlik, mumsiklik kabi illatlar bu so‘zning salbiy tus olishiga sabab bo‘lgandir. Chunki, zaiflik bor joyda bu kabi illatlar ham bo‘lgan. Yoxud zaif erkaklarga nisbatan “olchoq” so‘zini ishlatishgan bo‘lishlari ham mumkin. Chunki, qadimgi turkiylar erkak kishining “yumshoq tabiatli”, “yuvosh”, “zaif”, “nozik” bo‘lishini sira yoqtirishmagan. Lekin tarixda bu so‘zning ijobiy ma’noda qo‘llangan o‘rinlari ham juda ko‘p. Aniqrog‘i, qadimgi adabiyotlarimizda alchaqlik yuksak fazilat sifatida ulug‘langan o‘rinlar ham bor. Nega bunday? Nimaga bitta so‘z ikki qutbda ham ko‘rinish beryapti? Yoki ular bor-yo‘g‘i shunchaki shakldosh so‘zlarmi? Qolaversa, “alchaq” rus tilidagi ochko‘zlik ma’nosidagi “alchnost” so‘ziga ham shaklan yaqin. (Bu boshqa mavzu).

Ayni shu o‘rinda boshqa bir variant yuzaga qalqib chiqadi. Qadimgi turkiy tilda “alchы” degan so‘z “hiylakor”, “makkor”, “ayyor” degan ma’nolarni bildirgan. “Devonu lug‘otit-turk”da “al” so‘zi hiyla, firib, tadbir ma’nolarini anglatishi aytib o‘tilgan. Sevortyan, Budagov lug‘atlarida “al” shu ma’noda keladi. Demak, “aldamoq” fe’lining tub ildizi ayni shu “al” so‘ziga borib taqaladi. Biz bilgan salbiy ma’nodagi “alchaq”(“olchoq”) so‘zi hiyla va firib ma’nosidagi “al” so‘zidan kelib chiqqan.

RANGI  QUV  O‘ChDI

Bir qarashda bu ibora bizga har jihatdan tushunarliday va uni izohlab o‘tirishga hojat yo‘qday tuyuladi. Biroq bu iboradagi “quv” so‘zi qanday ma’noni anglatadi? Bizga “quv” so‘zining “ayyor” degan ma’nosi ma’lum. Lekin bu iborada “quv” “ayyor” ma’nosida kelsa, aslo mantiqqa to‘g‘ri bo‘lmaydi. Ya’ni, “rangi ayyor o‘chdi” deyish bema’nilik bo‘ladi. Ma’lumki, xalq iboralarida so‘zlar qattiq mixlanadi.

“Turkiy tillar etimologik lug‘ati”da “quv” so‘zi “oq-sariq” degan ma’noni anglatishi ta’kidlangan. Boshqa manbalardagi izohlarda ham bu so‘z shu ma’noga yaqin shaklda sharhlangan. Qumiqlar va qirg‘izlar tilida “quv” – “oq” degan, xakaslar tilida esa, “rangsiz” degan mazmunni bildiradi. Shuningdek, “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da oqqushning ham “quv” deb atalishi ko‘rsatib o‘tilgan. Tilimizda “Quv quv bilan uchadi, g‘oz g‘oz bilan ko‘chadi” degan maqol bor. Bu ham “quv” so‘zining oq rangni ifodalashini dalillaydi

Eshqobil Shukur,

“Bobo So‘z izidan” kitobidan

64608 Chop etish