Oliy ta’limdan keyingi ta’lim institutiga qabul to‘g‘risida e’lon
O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi Xususiylashtirish va davlat aktivlarini boshqarish muammolarini tadqiq etish markazi iqtisodiyot fanlari ixtisosliklari (08.00.07 – “Moliya, pul muomalasi va kredit” hamda 08.00.13 – “Menejment”) bo‘yicha mustaqil izlanuvchilik shaklidagi (PhD va DSc) oliy ta’limdan keyingi ta’lim institutiga (3-yilga) qabul e’lon qiladi.
Mustaqil izlanuvchilikka talabgorlar Oliy ta’limdan keyingi ta’limni muvofiqlashtiruvning Yagona elektron tizimi (http://daraja.ilmiy.uz) orqali ro‘yxatdan o‘tgach, O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi Xususiylashtirish va davlat aktivlarini boshqarish muammolarini tadqiq etish markaziga 2025-yilning 15-oktyabrdan 15-noyabr kuniga qadar barcha zaruriy hujjatlarni PDF shaklida tayorlab, o‘rnatilgan tartibda taqdim etishlari talab etiladi.
Oliy ta’limdan keyingi ta’lim institutiga qabul to‘g‘risidagi batafsil ma’lumotni Tadqiqotlar markazining veb-saytidan havola orqali olishingiz mumkin.
Yevropa ilmiy muassasalari bilan hamkorlik o‘rnatilib, shartnomalar imzolandi

Markaz direktorining o‘rinbosari, Jahon bankining «Strategic and Institutional Modernization of the UzSAMA Research Center towards Enhancing Capabilities and Improving Performance of Research Activity (SAMARA)» loyihasi menejeri Z.A.Ashurov muzokaralar o‘tkazish, hamkorlik istiqbollari va yo‘nalishlarini muhokama qilish, shuningdek, Yevropa ilmiy muassasalari bilan turdosh yo‘nalishlarda hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzolash maqsadida 2025-yil 27-sentyabrdan 9-oktyabrgacha amaliy tashrif bilan Germaniyada bo‘ldi. Tashrif davomida Z.A.Ashurov:
- Berlindagi «Deutsche Forschungsgemeinschaft (DFG)» Germaniya tadqiqot jamg‘armasining MDH mamlakatlari bo‘yicha mas’ul xodimi bilan xalqaro moliyalashtirish va tadqiqot grantlari uchun ariza berish imkoniyatlari haqidagi masalalar yuzasidan muzokaralar olib bordi;
- Germaniya Moliya vazirligi tomonidan moliyalashtiriladigan Berlindagi «German Economic Team» institutining O‘zbekiston bo‘yicha loyiha menejeri Woldemar Walter, Gruziya bo‘yicha loyiha menejeri Sebastian Staske va maslahatchi Jost de Jager bilan uchrashuv natijasida ikki tomonlama Hamkorlik bitimi imzolandi;
- Bremerxafen amaliy fanlar universiteti rektori prof. Alexis Papathanassis hamda «Menejment va axborot texnologiyalari» fakulteti dekani Gerhard Feldmeier bilan kelgusida tashkilotlar o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik masalalari muhokama qilindi;
- Bremen amaliy fanlar universiteti professori Mayank Golpelwar bilan kelgusida tashkilotlar o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik masalalari muhokama qilindi;
- Sharqiy va Janubi-Sharqiy Yevropa tadqiqotlari instituti direktori prof. Ulf Brunnbauer va uning o‘rinbosari prof. Arevik Gnutzmann-Mkrtchyan bilan uchrashuv natijasida Hamkorlik to‘g‘risida ikki tomonlama bitim imzolandi.
Yevropa ilmiy tashkilotlari bilan hamkorlik to‘g‘risidagi bitimlarning imzolanishi:
- Markazning xalqaro maydondagi ilmiy nufuzi va obro‘sini mustahkamlash;
- Markazning xususiylashtirish, davlat aktivlarini boshqarish va bozor institutlarini rivojlantirish sohasida tadqiqotlar bo‘yicha asosiy institut sifatidagi mavqeini mustahkamlash;
- Markazning xalqaro ilmiy tarmoqlar va ekspert maydonchalariga integratsiyalashuviga ko‘maklashish imkonini beradi;
- yuqori reytingli ilmiy nashrlarda qo‘shma maqolalar chop etish uchun shart-sharoit yaratadi, bu esa o‘z navbatida Markazning ham milliy, ham xalqaro miqyosdagi reytingi oshishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
“INNOWEEK-2025” Xalqaro innovatsion g‘oyalar haftaligidagi ishtirok

Xususiylashtirish va davlat aktivlarini boshqarish muammolarini tadqiq etish markazi 2025-yil 9-11-oktyabr kunlari CAEx ko‘rgazmalar majmuasida bo‘lib o‘tgan “INNOWEEK-2025” Xalqaro innovatsion g‘oyalar haftaligi tadbirlarida ishtirok etdi.
INNOWEEK-2025 ko‘rgazmasi doirasida Markaz mehmonlarga o‘zining innovatsion ishlanmasi – O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozorining multilisting tizimini (MLT) taqdim etdi. Tadbirda ushbu tizimning ko‘chmas mulk bozorini raqamli o‘zgartirish imkoniyatlari va salohiyatini namoyish etildi. INNOWEEK-2025 dagi ishtirok Markazning ilmiy va innovatsion tadqiqotlari natijalarini keng auditoriyaga taqdim etish hamda O‘zbekiston va boshqa mamlakatlarning innovatsion ekotizim vakillari bilan tajriba almashish uchun muhim imkoniyat bo‘ldi.
Taqdim etilgan ishlanma – Multilisting tizimi (MLT) ko‘rgazmaga tashrif buyuruvchilar va ekspertlar tomonidan yuqori baholandi. Ular mazkur tizimning dolzarbligini, bundagi innovatsion yondashuvni va uning ko‘chmas mulk bozorini rivojlantirish uchun muhimligini ta’kidladilar.
“Milliy iqtisodiyotni isloh qilish va barqaror rivojlantirish istiqbollari” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti huzuridagi “O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishning ilmiy asoslari va muammolari” ilmiy-tadqiqot markazida 2010-yil 10-oktyabrda “Milliy iqtisodiyotni isloh qilish va barqaror rivojlantirish istiqbollari” mavzuida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Konferensiyada Davlat aktivlarini boshqarish agentligining Tadqiqotlar markazi direktori, i.f.d., prof. I.L. Butikov “Iqtisodiy kategoriyalar tizimida qimmatli qog‘ozlar bozori” mavzusida ilmiy ma’ruza qildi. Konferensiya ishida mamlakatimizning yetakchi oliy o‘quv yurtlari va ilmiy tashkilotlari vakillari, O‘zbekistonning taniqli olimlari – i.f.d., prof. G.K.Abduraxmanova, i.f.d., prof. B.N.Umurzakov, i.f.d., prof. M.B.Xamidulin, i.f.d., prof. M.S.Kasimov, i.f.d., prof. S.A.Voronin, i.f.d., prof. A.S.Usmanov va boshqalar ishtirok etdilar va ma’ruza qildilar.
“Toshkent” Respublika fond birjasi tomonidan ustozlarni tabriklashga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi

“Toshkent” Respublika fond birjasida 30-sentyabr kuni ustozlarni tabriklashga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Ular orasida fond birjasining birinchi raisi, i.f.d., prof. Butikov Igor Leonidovich, birjaning birinchi bosh makleri Jo‘rayev Valeriy Dadajonovich va boshqalar bor. Ustozlarga tashakkurnomalar topshirildi, birjaning yosh mutaxassislari uchun birjaning tashkil etilishi tarixi bo‘yicha mahorat darsi tashkil etildi.
Markazda navbatdagi ilmiy seminar tashkil etildi

Markaz tomonidan 2025-yil 25-sentyabrda Mulkchilik va bozor munosabatlari rivojlanishini tahlil qilish va modellashtirish ilmiy laboratoriyasi doirasida navbatdagi ilmiy seminar tashkil etildi. Unda katta ilmiy xodim T.A.Qodirov 2025-yilning III choragida amalga oshirilgan tadqiqot natijalari bo‘yicha «Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish holatini tahlil qilish va ushbu jarayonni yanada faollashtirish bo‘yicha takliflar» mavzusida, kichik ilmiy xodim B.Sh.Usmanov 2025-yilning III choragida amalga oshirilgan tadqiqot natijalari bo‘yicha «Munitsipal mulkni boshqarish mexanizmini takomillashtirish muammolari va ularni hal etish yo‘llari» mavzusida ma’ruza qilishdi (rus tilida).
Tadqiqotlar markazi tomonidan xalqaro simpozium tashkil etildi
2025-yil 19-sentyabr kuni Hilton Tashkent City mehmonxonasining anjumanlar zalida «Iqtisodiyot va biznes boshqaruvi sohasidagi ilg‘or tadqiqotlar» mavzusida xalqaro simpozium bo‘lib o‘tdi. Simpozium O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi Xususiylashtirish va davlat aktivlarini boshqarish muammolarini tadqiq etish markazi tomonidan tashkil etildi. Tadbir Jahon bankining «Strategic and Institutional Modernization of the UzSAMA Research Center towards Enhancing Capabilities and Improving Performance of Research Activity (SAMARA)» loyihasi doirasida o‘tkazildi.

Simpoziumda O‘zbekiston, Germaniya, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya, Polsha, Ozarbayjon va boshqa mamlakatlardan kelgan 100 dan ortiq yetakchi olimlar, professorlar va amaliy soha vakillari ishtirok etishdi. Tadbir doirasida iqtisodiy taraqqiyot, barqaror rivojlanish, biznes jarayonlarini transformatsiyalash, innovatsion boshqaruv va investitsiya strategiyalari sohasidagi eng so‘nggi tadqiqotlar va zamonaviy konsepsiyalar ko‘rib chiqildi.
Zamonaviy iqtisodiy tadqiqotlarda tahliliy vositalar va metodologiyani rivojlantirish, shuningdek, fanning iqtisodiyotni modernizatsiya qilishdagi roliga alohida e’tibor qaratildi. Professor Gerxart Feldmayer O‘zbekistonning taraqqiyotga intilayotganini ta’kidladi, xalqaro maslahatchi Volfgang Lukas esa global savdo va investitsiyaviy aloqalarning ahamiyati haqida so‘z yuritdi.
Simpozium yakunida iqtisodiyotni rivojlantirish va xalqaro ilmiy hamkorlikni mustahkamlashga turtki bo‘ladigan ilmiy to‘plam nashr etiladi. Simpozium tajriba almashish, yangi g‘oyalar yaratish va barqaror o‘sish strategiyalarini ishlab chiqish uchun muhim maydonga aylandi.
Tadqiqotlar markazi respublika ilmiy-tadqiqot institutlari ichida kuchli 10 talikdan joy oldi

Xususiylashtirish va davlat aktivlarini boshqarish muammolarini tadqiq etish Markazi “Science and Innovation” xalqaro ilmiy jurnali va “UzReportTV” axborot agentligi tomonidan har yili o‘tkaziladigan “Science and Innovation Awards” tanlovining “Yilning eng yaxshi ilmiy tadqiqot instituti” nominatsiyasiga nomzod sifatida ishtirok etib, tanlovning barcha bosqichlaridan muvaffaqiyatli o‘tib, ariza topshirgan respublikadagi 80 ta ilmiy-tadqiqot institutlari ichida kuchli 10 talikdan joy oldi.
2024 yil 21 dekabrda Turkiston sanʼat saroyida bo‘lib o‘tgan “Olimlar bayrami”da “Science and Innovation Awards-2024” taqdirlash marosimida Markaz “Yilning eng yaxshi ilmiy-tadqiqot instituti” tanlovining finalisti sifatida respublikaning eng kuchli 10 ta ilmiy-tadqiqot institutlari qatorida joy olganligi uchun diplom bilan taqdirlandi.

