Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktorining
Davaktiv agentligi jamoasiga
MUROJAATI
Bugungi kunda Respublikamizda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishiga aylanib ulgurdi. Buni so‘nggi yillarda sohaga oid qabul qilingan konseptual ahamiyatga ega normativ-huquqiy hujjatlar, korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan maʼmuriy islohotlar misolida ham ko‘rish mumkin.
Shuningdek, korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida davlat siyosatini shakllantiradigan maxsus vakolatli davlat organi tashkil etilgani korrupsiyaga qarshi kurashni yangi bosqichga olib chiqish vaqti yetganini ko‘rsatdi.
Davlatimiz rahbari ham mazkur masalaga alohida urg‘u berib, jamiyatni «halollik vaksinasi bilan emlash» zaruriyati haqidagi fikrlari bu boradagi ishlarga qo‘yilgan tamal toshi desak ham bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tizimda korrupsiyaga qarshi kurashish bilan bog‘liq faoliyatni takomillashtirish uchun kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda. Davlat Rahbarining korrupsiyaga qarshi kurashga doir tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlagan holda, bu illatning oldini olish va profilaktika qilishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Jumladan, korrupsiya xavfini baholash, xodimlarni korrupsiyaga qarshi kurashishga o‘rgatish va ularning malakasini oshirish, buning uchun samarali ichki nazorat, xususan, aholi va xodimlarga korrupsiyaga oid masalalar, Davaktiv agentligi tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar bo‘yicha avtomatlashtirilgan yechimlar va boshqa chora-tadbirlar yuzasidan murojaat qilish tizimi joriy etilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligining asosiy faoliyatining yo‘nalishlari – xususiylashtirish tadbirlarini amalga oshirish, chet eldagi aktivlarni boshqarish, davlat aktivlarini sotish va ijaraga berish, xo‘jalik jamiyatlarida korporativ boshqaruvni joriy etish, bankrotlik, iqtisodiy nochor xo‘jalik jamiyatlarini moliyaviy sog‘lomlashtirish hisoblanadi. Ushbu yo‘nalishlarda korrupsiyaviy huquqbuzarliklarga nisbatan murosasizlik va ularni sodir etishga yo‘l qo‘ymaslik, korrupsiyaviy xavf-xatarlarga ko‘maklashuvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etishga qaratilgan preventiv chora-tadbirlarni amalga oshirishni o‘zimizga ustuvor vazifa qilib olishimiz darkor.
Bunda vatanparvarlik, sodiqlik va masʼuliyatni faoliyatning asosiy tamoyiliga aylantirgan holda, Davaktiv agentligining har bir xodimi jamoamiz oldiga qo‘yilgan vazifalarni vijdonan, xolis va yuqori saviyada amalga oshirishi lozim.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, korrupsiya xolatlari bilan bog‘liq arizalar yoki shikoyatlar, ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflar bo‘lgan har bir xodimni Davaktiv agentligining aloqa kanallari orqali xabar berishga chaqiramiz.
Xalqimiz xizmatida ekanmiz, halollikni, oshkoralikni hamda korrupsiyaga qarshi mutlaqo toqatsizlikni namoyish etishga tayyormiz.
Akmalxon Ortiqov