Ру Ўз O'z En

Yangiliklar

21 Noyabr 2024

"Lotte City Hotel Tashkent Palace" va "International" mehmonxonalarini xususiylashtirish boʻyicha kelishuvga erishildi

Avval xabar berilganidek, tegishli xususiylashtirish dasturlariga muvofiq “Tashkent New Palace” MChJ (keyingi oʻrinlarda - “Lotte City Hotel Tashkent Palace” yoki “Lotte” mehmonxonasi) va “InterHotel” MChJ (keyingi oʻrinlarda - “International” mehmonxonasi) va lar ustav kapitallaridagi 100% davlat ulushini ochiq savdo jarayonlari boshlangan.

I. “Lotte City Hotel Tashkent Palace” mehmonxonasi boʻyicha:

Davaktiv agentligi tomonidan "KPMG" xalqaro konsalting kompaniyasini xususiylashtirish boʻyicha konsultant sifatida va "Deloitte" xalqaro konsalting kompaniyasini mustaqil baholash ishlarini amalga oshirishga jalb qilgan holda “Lotte City Hotel Tashkent Palace” mehmonxonasini ochiq savdo jarayonlari boshlangan.

Mazkur mehmonxonani boshqarish “Hotel Lotte CO., Ltd” kompaniyasi (Koreya Respublikasi) tomonidan, u bilan 2013-yilda mehmonxonani boshqarish toʻgʻrisida tuzilgan kelishuvga asosan amalga oshirilib kelinmoqda.

Xalqaro konsultant va Davaktiv agentligi tomonidan xususiylashtirish jarayoni doirasida ham mahalliy, ham xalqaro darajada keng koʻlamli marketing ishlari amalga oshirildi, jumladan, investitsiya tizerlari "KPMG" xalqaro konsalting kompaniyasini dunyodagi mintaqaviy ofislar tarmogʻi orqali turli xorijiy investorlarga (investor sounding) yuborildi.

Natijada MDH, Janubiy Osiyo va Yevropa davlatlaridagi 15 nafar xalqaro hamda mahalliy investorlar tomonidan sotib olish boʻyicha qiziqish toʻgʻrisidagi arizalar (Expression of Interest) Konsultantga kelib tushdi.

Shu oʻrinda, Konsultant tomonidan xususiylashtirish jarayonining keyingi – Majburiyatga ega boʻlmagan takliflar (NBO)ni taqdim etish bosqichiga belgilangan mezonlarga muvofiq boʻlgan 13 nafar talabgor ishtirok etish uchun taklif qilingan. Mazkur bosqichda, Axborotni oshkor etmaslik (NDA) toʻgʻrisidagi bitim imzolanib, Majburiyatga ega boʻlmagan takliflar (NBO)ni tayyorlash uchun Konsultant tomonidan tayyorlangan tahliliy axborotlarni oʻz ichiga olgan virtual maʼlumotlar xonasi (VDR)ga kirish imkoniyati yaratilgan.

Belgilangan muddatlarda Majburiyatga ega boʻlmagan takliflar (NBO) taqdim qilgan nafar talabgor xususiylashtirish jarayonining yakuniy Majburiyatga ega boʻlgan takliflar (BO)ni qabul qilish bosqichida ishtirok etish uchun taklif etildi hamda ularga xalqaro konsultant tomonidan tayyorlangan “Lotte” mehmonxonasining moliyaviy, soliq, huquqiy va ekologik faoliyati yuzasidan kompleks tahlil (due diligence) hisobotlari joylangan virtual maʼlumotlar xonasi (VDR)ga kirish imkoniyati yaratildi. Shu bilan birga, barcha talabgorlarga “Lotte” mehmonxonasining boshqaruv organi bilan uchrashuvlar tashkil etildi hamda Mehmonxona bilan tanishish imkoniyati yaratildi.

Belgilangan muddatlarda 3 nafar talabgor tomonidan Majburiyatga ega boʻlgan takliflar (BO) taqdim qilingan.

“Lotte” mehmonxonasini sotib olish uchun qoʻyilgan talablariga qatʼiy rioya etgan holda boshqa talabgorlarning tijorat taklifidan yuqori narx taklifini bildirgan “ALFA INVEST Sugʻurta Kompaniyasi” AJ 20 mln.AQSH dollari miqdorida sotib olish toʻlovini toʻlash sharti bilan savdo gʻolibi deb topildi.

Qayd etish joizki, “Lotte” mehmonxonasi tashqi koʻrinishining arxitektura qiyofasini inobatga olgan holda kelgusida har qanday qurilish-taʼmirlash va rekonstruksiya ishlarini Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi hamda Madaniy meros agentligi bilan kelishilgan holda amalga oshirish boʻyicha qatʼiy talab Investor tomonidan qabul qilingan.

Taʼkidlash joizki, mazkur qatʼiy narx taklifi xalqaro mustaqil baholovchi "Deloitte" kompaniyasi tomonidan baholangan qiymatdan yuqori va "KPMG" xalqaro konsalting kompaniyasi tomonidan “Lotte” mehmonxonasini sotilishi mumkin boʻlgan qiymatlar diapazonining yuqori qismida joylashgan.

“Lotte” mehmonxonasining xususiylashtirish natijalari Davlat aktivlarini xususiylashtirish va xususiylashtirish jarayonlarini muvofiqlashtirish davlat komissiyasining tegishli qarori bilan maʼqullangan.

Maʼlumot uchun: “ALFA INVEST Sugʻurta Kompaniyasi” AJ – Oʻzbekistondagi yirik sugʻurta kompaniyalaridan biri hisoblanadi. Ushbu kompaniya barcha turdagi ixtiyoriy hamda majburiy sugʻurta xizmatlarini taqdim etib kelmoqda. "ALFA INVEST Sugʻurta Kompaniyasi" AJga "Moodyʻs Investors Service" (AQSh) xalqaro reyting agentligi tomonidan "barqaror" prognoz bilan "B2" darajasidagi reyting berilgan.

II. “International” mehmonxonasi boʻyicha:

Davaktiv agentligi tomonidan "Deloitte" xalqaro konsalting kompaniyasini xususiylashtirish boʻyicha konsultant sifatida va "Ernst & Young" xalqaro konsalting kompaniyasini mustaqil baholash ishlarini amalga oshirishga jalb qilgan holda “International” mehmonxonasini ochiq savdo jarayonlari boshlangan.

Xalqaro konsultant va Davaktiv agentligi tomonidan xususiylashtirish jarayoni doirasida ham mahalliy, ham xalqaro darajada keng koʻlamli marketing ishlari amalga oshirildi, jumladan, investitsiya tizerlari "Deloitte" xalqaro konsalting kompaniyasini dunyodagi mintaqaviy ofislar tarmogʻi orqali turli xorijiy investorlarga (investor sounding) yuborildi.

Natijada Arab, Sharqiy Osiyo va Yevropa davlatlaridagi 6 nafar xalqaro hamda mahalliy investorlar tomonidan sotib olish boʻyicha qiziqish toʻgʻrisidagi arizalar (Expression of Interest) Konsultantga kelib tushdi.

Shu oʻrinda, Konsultant tomonidan xususiylashtirish jarayonining keyingi – Majburiyatga ega boʻlmagan takliflar (NBO)ni taqdim etish bosqichiga belgilangan mezonlarga muvofiq boʻlgan barcha talabgorlar ishtirok etish uchun taklif qilingan. Mazkur bosqichda, Axborotni oshkor etmaslik (NDA) toʻgʻrisidagi bitim imzolanib, Majburiyatga ega boʻlmagan takliflar (NBO)ni tayyorlash uchun Konsultant tomonidan tayyorlangan tahliliy axborotlarni oʻz ichiga olgan virtual maʼlumotlar xonasi (VDR)ga kirish imkoniyati yaratilgan.

Belgilangan muddatlarda Majburiyatga ega boʻlmagan takliflar (NBO) taqdim qilgan 4 nafar talabgor xususiylashtirish jarayonining yakuniy Majburiyatga ega boʻlgan takliflar (BO)ni qabul qilish bosqichida ishtirok etish uchun taklif etildi hamda ularga xalqaro konsultant tomonidan tayyorlangan “International” mehmonxonasining moliyaviy, soliq, huquqiy va ekologik faoliyati yuzasidan kompleks tahlil (due diligence) hisobotlari joylangan virtual maʼlumotlar xonasi (VDR)ga kirish imkoniyati yaratildi. Shu bilan birga, barcha talabgorlarga “International” mehmonxonasining boshqaruv organi bilan uchrashuvlar tashkil etildi hamda mehmonxona bilan tanishish imkoniyati yaratildi.

Belgilangan muddatlarda 3 nafar talabgor tomonidan Majburiyatga ega boʻlgan takliflar (BO) taqdim qilingan.

Natijada, “International” mehmonxonasini sotib olish uchun eng yuqori narx taklifini bildirgan “Smart Fast Stroy” MChJ 26 mln.AQSH dollari miqdorida sotib olish toʻlovini toʻlash sharti bilan savdo gʻolibi deb topildi.

Shu bilan birga, Investor “InterHotel” MChJdagi 100 foiz davlat ulushini 26 mln.AQSH dollariga sotib olish bilan birga Jamiyatning tegishli bank oldidagi 14,7 mln.Yevro miqdoridagi kredit qarzdorligini ham qabul qilayotganligi Investor tomonidan Bitim doirasida 41 mln. AQSh dollaridan koʻp mablagʻ yoʻnaltirilishini taʼkidlash lozim.

Aytish joizki, mazkur qatʼiy narx taklifi xalqaro mustaqil baholovchi "Ernst & Young" kompaniyasi tomonidan baholangan qiymatdan sezilarli yuqori va "Deloitte" xalqaro konsalting kompaniyasi tomonidan “International” mehmonxonasini sotilishi mumkin boʻlgan qiymatlar diapazonining yuqori qismida joylashgan.

“International” mehmonxonasining xususiylashtirish natijalari Davlat aktivlarini xususiylashtirish va xususiylashtirish jarayonlarini muvofiqlashtirish davlat komissiyasining tegishli qarori bilan maʼqullangan.

5092 Chop etish