Ру Ўз O'z En

Yangiliklar

27 Iyul 2024

Qashqadaryo viloyatida tadbirkorlar va ishbilarmonlar ishtirokida navbatdagi “Roadshow” taqdimoti o‘tkazildi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 19-apreldagi Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi qaroriga muvofiq, 247 ta korxonadagi davlat aksiya paketlari va 1028 ta koʻchmas mulk obyektlari ommaviy savdolarga chiqarilishi, shuningdek, 12 ta yirik korxonadagi davlat ulushlarining mahalliy fond bozorida birlamchi (IPO) va (yoki) ikkilamchi (SPO) ommaviy taklifi oʻtkazilishi belgilangan.

Hududlarda mazkur qaror mazmun-mohiyatini tadbirkorlar va keng jamoatchilikka tushuntirish, uning targʻibot ishlarini jadallashtirish maqsadida, joriy yilning 27-iyul kuni Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan Qashqadaryo viloyatida xususiylashtirilishi belgilangan davlat aktivlari, jumladan, korxonalardagi davlat ulushlari, boʻsh turgan davlat mulki obyektlari va sotilishi belgilangan yer uchastkalari toʻgʻrisida navbatdagi “Roadshow” taqdimoti oʻtkazildi.

Ushbu tadbirda 250 nafardan ziyod tadbirkorlar va ishbilarmonlar, mahalliy hokimliklar hamda viloyatdagi yirik korxonalarning vakillari ishtirok etdi.

Taqdimot Davaktiv agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari Nodirbek Xusanov, Davaktiv agentligining Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmasi boshligʻi Asliddin Rustamov hamda viloyat hokimiyati kotibiyati mudiri Anvar Berdiyev boshchiligida boʻlib oʻtdi.

Tadbirda N.Xusanov so‘zga chiqib, so‘ngi yillarda mamlakatimizda xususiylashtirish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish, tadbirkorlikni rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash yuzasidan keskin islohotlar amalga oshirilib, tadbirkorlar uchun bir qator yangilik va qulayliklar yaratilganligini ta’kidlab o‘tdi. Xususan:

  • Davlat aktivlari 3 oyda sotilmaganda (Toshkent shahri va viloyat markazlari bundan mustasno) ularning boshlangʻich bahosining 10 foizigacha bosqichma-bosqich pasaytirilishi belgilandi;
  • 2024-yil 1-yanvargacha ijara shartnomalari asosida ijaraga olganiga kamida 5-yil boʻlgan va majburiyatlarni bajargan tadbirkorlarga xususiylashtirish dasturlariga kirgan davlat mulkini baholangan qiymatda toʻgʻridan-toʻgʻri sotib olish huquqi berildi;
  • Tadbirkorlik uchun auksion savdolariga chiqarilgan yer uchastkalari (viloyat markazlari bundan mustasno) 3 oy davomida sotilmaganda boshlangʻich qiymatining 30 foizigacha, 6 oy davomida sotilmaganda 10 foizigacha bosqichma-bosqich 10 foizdan pasaytirilishi, sotib olish toʻlovlarining 15 foizini uch oy muddatda qolgan qismini 10 yilgacha muddatda boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati yaratildi;
  • Davlat mulki sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan boʻsh yer uchastkalariga nisbatan tuman (shahar) hokimliklarining qarzdorliklari boʻyicha taqiqlar tatbiq etilmaydi, ushbu yer uchastkalari auksion savdolarida sotilganda, xaridorlarga toʻsiqlarsiz rasmiylashtirib beriladi;
  • Ixtisoslashuvi hamda kichik biznes uchun mavjud sharoitdan kelib chiqib 4 va 5-toifalarga kiritilgan tumanlarda joylashgan davlat aktivlari hamda mulk huquqi asosida sotib olingan yer uchastkalari boʻyicha toʻlovlarni, miqdoridan qatʼiy nazar, 5 yil ichida teng ulushlarda boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati yaratildi.

Shu bilan birga, “Roadshow” ishtirokchilariga Davaktiv agentligi Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan 2023-yil davomida jami 213 ta davlat aktivlari auksion savdolariga chiqarilganligi, shundan 62 ta davlat aktivlari 104,8 mlrd.soʻm qiymatga boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan sotilganligi maʼlum qilindi. Bundan tashqari, tadbirkorlar va fuqarolar uchun 3563 ta 165,2 gektar yer uchastkalari elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarilgan boʻlib, shundan 1119 ta 70,0 gektar yer uchastkalari 16,3 mlrd.soʻmga sotilishiga erishilgan.

Hududiy boshqarma tomonidan 2024-yilning oʻtgan davrida jami 243 ta davlat aktivlari auksion savdolariga chiqarilgan bo‘lib, shundan 103 ta davlat aktivlari 83,7 mlrd.soʻm qiymatga sotilishi taʼminlangan. Hozirgi kunda umumiy qiymati 311,4 mlrd.soʻm boʻlgan 140 ta davlat aktivlarining savdosi davom etmoqda.

Oʻz oʻrnida, yangi 2024-yilgi xususiylashtirish dasturiga muvofiq, Qashqadaryo viloyatida ommaviy savdolarda sotilishi belgilangan jami 127 ta davlat va davlat ishtirokidagi xoʻjalik jamiyatlarining aktivlari, shundan 113 ta koʻchmas mulk obyektlari tadbirkorlar va tadbir ishtirokchilariga yaqindan tanishtirildi.

Shuningdek, tadbir davomida qatnashchilarga “E-auksion” elektron savdo platformasidan foydalanish, savdo platformasida shaxsiy kabinet ochish, onlayn elektron imzo olish va savdolarda qatnashish uchun arizalar berish tartiblari ham nazariy, ham amaliy tushuntirildi.

Koʻtarinki ruhda va savol-javoblarga boy oʻtgan tadbir yakunida qatnashchilar va OAV vakillari tomonidan berilgan bir qator savollarga tegishli javoblar berib oʻtildi, jumladan mahalliy tadbirkorlarning bir qator takliflari qabul qilindi.

Shu bilan birga, kunning ikkinchi yarmida OAV vakillari uchun Press-tur ham tashkil etilib, davlat aktivlarini sotib olgan tadbirkorlar tomonidan ushbu obyektlar negizida bajarilgan ishlar hamda sotuvga chiqarilgan davkat aktivlari joyiga chiqqan holda o'rganildi.

Mazkur tadbir bugungi kunga qadar Farg'ona, Andijon, Namangan, Samarqand viloyatlarida o'tkazildi va keyingi o'rinlarda respublikaning barcha qolgan viloyatlarida  va Qoraqalpog'iston Respublikasida o'tkaziladi.

186 Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech