Ру Ўз O'z En

Yangiliklar

12 Iyun 2024

“Uz-Koram Kompani” MChJ va “Avtooyna” MChJlarni xususiylashtirish boʻyicha professional konsalting kompaniyasi jalb qilinadi

Tegishli xususiylashtirish dasturlariga muvofiq, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (keyingi oʻrinlarda – Davaktiv agentligi/Buyurtmachi) “Uz-Koram Kompani” MChJ va “Avtooyna” MChJ ustav kapitallaridagi 100 foiz ulushlarini (keyingi oʻrinlarda – Aktivlar) ommaviy savdolar orqali xususiylashtirishni tashkillashtirish uchun professional konsalting kompaniyasini (keyingi oʻrinlarda – Konsultant) jalb qilish yuzasidan tanlov eʼlon qiladi.

Konsultantning asosiy vazifasi aktivlarning xususiylashtirish usuli va shakli boʻyicha tavsiya berish hisoblanadi.

Barcha qiziqish bildirgan talabgorlardan quyidagi Taklif taqdim etish uchun soʻrovnomaga (RfP) asosan tijorat takliflarini 2024-yil 27-iyun kuni soat 18:00ga (Toshkent vaqti bilan) qadar taqdim etishlarini soʻraymiz.

Agar, birgalikda qoʻshma tijorat taklifi taqdim etilsa, jalb qilingan sherik — konsultantning ham ishini muvofiqlashtirish uchun masʼul boʻlgan va javobgarlikni zimmasiga oladigan asosiy konsultant koʻrsatilishi lozim.

Barcha manfaatdor tomonlar quyidagi axborot kanallari orqali tijorat takliflarini taqdim etishlari soʻraladi:

Talʼat Yuldashevich Samandarov — Davlat aktivlarini xususiylashtirishga tayyorlash va xususiylashtirish departamenti boshligʻining oʻrinbosari;

Telefon: +998-71-259-20-67;

E-mail: tender@davaktiv.uz

Konsultantlarning vakillari bilan Bitim boʻyicha ishlar yaqin hamkorlikda, zarur hollarda esa, Aktivlarda qoʻshimcha loyiha guruhini tuzish orqali amalga oshirilishi mumkinligi maʼlum qilinadi.

Diskleymer

Mazkur soʻrovnoma tijorat taklifini taqdim etish majburiyati hisoblanmaydi va Buyurtmachiga taklifni qabul qilish yoki shartnoma tuzish majburiyatini yuklamaydi. Shunga koʻra, takliflar uchun ushbu soʻrovnomani eʼlon qilish va/yoki u bilan bogʻliq arizalarni olish, bir yoki bir nechta ishtirokchilar bilan muzokaralar va muhokamalar oʻtkazish orqali shartnoma tuzishni nazarda tutmaydi.

Ushbu hujjatda keltirilgan materiallar va maʼlumotlar loyihaning faqat eng muhim tomonlarining dastlabki xulosasi va Konsultantdan xususiylashtirish boʻyicha kutilishi mumkin boʻlgan ishlar hajmi toʻgʻrisida umumiy maʼlumot sifatida xizmat qilishiga moʻljallangan.

Tanlov ishtirokchilari tanlov jarayoni bilan bogʻliq holda Buyurtmachi uchun dastlabki taqdimotlar va takliflarni tayyorlashning yagona cheklangan maqsadidan tashqari, hech narsaga tayana olmaydilar va ishonmasliklari shart.

“Uz-Koram Kompani” MChJ va “Avtooyna” MChJlarni xususiylashtirish boʻyicha professional konsalting kompaniyasi jalb qilish yuzasidan taklif taqdim etish uchun soʻrovnoma (RfP)

Kirish

Xususiylashtirish dasturlariga muvofiq, “Uz-Koram Kompani” MChJ va “Avtooyna” MChJ ustav kapitallaridagi 100 foiz ulushlari (keyingi oʻrinlarda – Bitim) ommaviy savdolarga chiqarilishi belgilangan.

Savdo jarayonlari Aktivlarning tarmoq va individual xususiyatlaridan kelib chiqib Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi talablari doirasida eng maqbul xorijiy tajriba asosida tashkil etilishi lozim. Buyurtmachi toʻgʻri qaror qabul qilishi uchun Aktivlarni mustaqil baholash ishlarini amalga oshiradi.

Ushbu Taklif taqdim etish uchun soʻrovnoma (keyingi oʻrinlarda ­- Soʻrovnoma) Konsultantga qoʻyiladigan talablarni va uning baholanishi kerak boʻlgan taklifining tuzilishini, shuningdek, ushbu Soʻrovnomaning ilovasida Bitimni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha zarur ish hajmini tavsiflaydi. Konsultantlar konsorsiumga kirishlari yoki xizmatlarning toʻliq spektrini taqdim etish boʻyicha qoʻshma takliflar kiritishlari mumkin.

Konsultant tavsiyasiga koʻra aktivlar auksion yoki tanlov savdolari orqali xususiylashtirilganda savdoning muvaffaqiyati uchun toʻlov (“success fee”) toʻlanmaydi.

Oʻzbekiston Respublikasining “Masʼuliyati cheklangan hamda qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida”gi Qonunining 20-moddasiga muvofiq:

  • jamiyat ishtirokchilaridan birortasi tomonidan sotilayotgan ulushni (ulushning bir qismini) sotib olishda jamiyat ishtirokchilari uchinchi shaxslar oldida imtiyozli huquqdan foydalanishi;
  • agar jamiyatning boshqa ishtirokchilari jamiyatning ishtirokchisi tomonidan sotilayotgan ulushni (ulushning bir qismini) sotib olishda oʻzining imtiyozli huquqidan foydalanmagan boʻlsa, jamiyat mazkur ulushni (ulushning bir qismini) sotib olishda imtiyozli huquqqa ega boʻlishi qayd etilgan.

Agar jamiyatning ishtirokchilari yoki jamiyat ulushni sotib olish boʻyicha oʻzlarining imtiyozli huquqidan foydalansa, konsultant xizmatlari yuridik jihatdan hamkorlik qilish, shu jumladan oldi-sotdi shartnomasi loyihasini tayyorlash bilan cheklanadi.

Aktivlar toʻgʻrisida qisqacha maʼlumot

Uz-Koram KompaniMChJ - 1998-yilda tashkil etilgan boʻlib, asosiy faoliyati avtomobillar uchun old va orqa bamper ishlab chiqarishdan iborat. Jamiyatning ishlab chiqarish hajmi yiliga 230 mingdan ortiq mahsulotlarni tashkil etadi.

  • Ustav fondi: 10,3 mlrd soʻm;
  • Jamiyatning rasmiy veb-sayti: https://uzkoram.uz
  • STIR: 200 908 912

AvtooynaMChJ - 1998-yilda tashkil etilgan boʻlib, aosiy faoliyati har qanday marka modeldagi avtomobillar uchun avtooyna ishlab chiqarishdan iborat. Jamiyat tomonidan 150 dan ortiq turdagi mahsulotlar ishlab chiqarilib, ishlab chiqarish hajmi yiliga 420 mingdan ortiq mahsulotlarni tashkil etadi. Bunda dunyoga mashxur kompaniyalar– Bystronic Glass (Shvetsariya), Cugher Glass, Ctriulzi, Mario Argiro, Kera Glass (Italiya), Glassrobots, Pilkington (Finlandiya) va Vetrotool (Ispaniya) kompaniyalarining zamonaviy texnologiyalaridan foydalaniladi.

  • Ustav fondi: 35,1 mlrd soʻm;
  • Jamiyatning rasmiy veb-sayti: https://avtooyna.uz
  • STIR: 202 678 977

Konsultantlardan kutilayotgan takliflar tuzilmasi va ularga qoʻyiladigan talablar

Konsultantning (individual arizachi yoki Konsorsium) taklifi rus/ingliz tilida tayyorlanishi va quyidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olishi kerak:

a) Aktivlarni xususiylashtirish jarayonini tashkillashtirish boʻyicha konsultantning kelgusidagi harakatlar ketma-ketligini va ish koʻlamini oʻz ichiga olgan rejasi. Konsultantning tavsiyalari va takliflariga qisqa vaqt ichida tegishli javob berilgan taqdirda, xususiylashtirish jarayonining davomiyligi boʻyicha xulosasi (10 ballgacha);

b) Tijorat taklifi ikki qismdan iborat (50 ballgacha):

  • Xizmat haqining qatʼiy qismi yagona raqam shaklida (QQS va boshqa xarajatlar bilan birga) boʻlishi va konsultantning subyektiv taxminlaridan holi boʻlishi lozim;
  • Taklif etilgan haq miqdori ishlab chiqilgan savdo strategiyasiga bogʻliq va Buyurtmachi taklifning muvaffaqiyati uchun (“success fee”) mutanosib haq toʻlashni taʼminlaydigan takliflarga ustunlik beradi;
    Agar xizmat haqi narxlar oraligʻida berilgan boʻlsa, unda taklifni baholash uchun uning yuqori chegarasi qabul qilinadi. Qoʻshimcha joriy xarajatlar (xizmat safari, tarjima va boshqalar uchun) belgilangan qatʼiy qismiga kiritilishi kerak;

v) Shu toifadagi aktivlar doirasida tuzilgan bitimlar yuzasidan konsultantlarning ish tajribasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, shuningdek, 2017-yil 1-yanvar kunidan boshlab hozirgi davrga qadar MDH mintaqasidagi mandatlar toʻgʻrisida maʼlumot (20 ballgacha);

g) Loyihani amalga oshirishdan kelib chiqib, Bitimni amalga oshirish yuzasidan ishlarni tashkil etish boʻyicha taklif. Taklif etilgan Bitimga jalb qilingan jamoa haqida maʼlumot, shaxslarning (jismoniy va yuridik) ismlari va ular haqidagi maʼlumotlar: ish tajribasi, faoliyat muddati, bitimlar tuzish boʻyicha umumiy tajriba va ularni amalga oshirish boʻyicha malakasi (20 ballgacha);

d) Qoʻyilgan vazifalarni bajarish uchun yetarli salohiyat va vakolatga egaligi, shuningdek, inson, vaqt va moddiy resurslarning mavjudligi toʻgʻrisida yozma ariza;

e) Manfaatlar toʻqnashuvi mavjudligi haqida maʼlumot. Maslahatchi ushbu savdoga jalb qilingan taqdirda ziddiyatlar olib kelishi mumkin boʻlgan hollarda potensial bitim boʻyicha salohiyatga ega ekanligini koʻrsatish.

Xususiylashtirish boʻyicha konsultantdan kutilayotgan ishlar hajmi 

I. Avtomobillar uchun butlovchi qismlar ishlab chiqarish bozorini tahlil qilish:

  • Oʻzbekistonda va mintaqada sohani rivojlantirishdagi sharoitlarni va bozor tahlili, soha korxonalarini rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar;
  • boshqa (jumladan, qoʻshni) davlatlarda mazkur sohada amalga oshirilgan xususiylashtirish tajribasi tahlili, ushbu turdagi aktivlarning xususiylashtirishdagi muvaffaqiyatsizliklarining asosiy sabablari, kelgusida sohani rivojlantirish va muvaffaqiyatli xususiylashtirishni taʼminlovchi omillar;

II. Aktivlarni sotishdan oldin tayyorlash boʻyicha maslahatlar:

  • Aktivlarning investitsiya jozibadorligini oshirish, eng ilgʻor amaliyotlar va oʻxshash (analog) aktivlarning tahlili asosida tuzilma va boshqaruvni takomillashtirish boʻyicha takliflar;
  • Aktivlarning har tomonlama (soliq, huquqiy, moliyaviy va ekologik) chuqur tahlilini oʻtkazish (due diligence);
  • optimal marketing strategiyasi boʻyicha tavsiyalar, marketing materiallarini tayyorlash (tizer, info-memorandum, jarayon holati boʻyicha xat va boshqalar) va investorlar oʻrtasida axborot materiallarini tarqatish;
  • marketing materiallarini tayyorlash, shu jumladan investitsiya videolari, tarqatma materiallar va boshqalar;
  • jamoatchilik bilan aloqa oʻrnatish boʻyicha tavsiyalar taqdimoti, ularning savollariga javoblar;
  • baholash uslubini toʻgʻri tanlash va ularning investorlar uchun dolzarbligini belgilash, narx diapazoni boʻyicha tavsiyalarni taqdim etish;
  • investor nuqtai nazaridan baholashga taʼsir etuvchi asosiy omillar, asosiy koʻrsatkichlar va taxminlarni aniqlash;
  • loyiha doirasida boshqa malakali konsultantlarni jalb etish (zarur boʻlgan hollarda) va ularning ishini muvofiqlashtirish.

III. Bitim jarayoniga hamrohlik qilish:

  • Aktivlarni xususiylashtirishga qaratilgan barcha choralarni koʻrish, virtual maʼlumotlar xonasi (VDR)ni tashkil etish;
  • salohiyatli talabgorlar bilan aloqalarni muvofiqlashtirish, shu jumladan, ularning savollariga javoblar berish;
  • barcha zarur hujjatlarni, jumladan, oldi-sotdi shartnoma loyihasini (oʻzbek tiliga tarjimasi bilan, kerak boʻlsa rus va ingliz tillarida ham) tayyorlash bilan birga sotish jarayonida hamrohlik qilish;
  • Bitimni eʼlon qilish va yopishni tashkillashtirish.

(1) Agar ariza konsorsium tomonidan taqdim etilgan taqdirda, konsorsium boʻyicha kelishuvni taqdim etish, shuningdek, muvofiqlashtiruvchi asosiy maslahatchi (odatda konsorsium rahbari deb ataldi) koʻrsatish lozim. Ushbu holatda xizmatlarning umumiy qiymati koʻrsatilishi kerak.

(2) Agar konsultantlarning takliflari Konsultantlardan kutilayotgan takliflar tuzilmasi va ularga qoʻyiladigan talablarning "a","v" va "g" bandlarida koʻrsatilgan talablardan kelib chiqib 30 balldan kam baholansa, "b" bandida nazarda tutilgan baholash balli qoʻllanilmaydi.

 

4263 Chop etish