Ру Ўз O'z En

Yangiliklar

12 Iyul 2024

“Andijon biokimyo zavodi” AJ ustav kapitalidagi davlat aksiyalar paketini xususiylashtirish boʻyicha kelishuvga erishildi

Tegishli xususiylashtirish dasturlariga muvofiq, Davaktiv agentligi “Andijon biokimyo zavodi” AJ (keyingi oʻrinlarda - Korxona) ustav kapitalidagi 96,0 foiz davlat aksiyalar paketini professional konsultantni jalb etgan holda muzokaralarga ommaviy ravishda taklif qilish yoʻli bilan tashkillashtirilgan xususiylashtirish natijalari boʻyicha 101,3 mlrd.soʻm sotib olish toʻlovlarini toʻlash shartlari bilan “Jasmin Gold Group” MChJ (keyingi oʻrinlarda - Xaridor) savdo gʻolibi deb topilganligini maʼlum qiladi.

Ushbu jarayonga “ABRAU CAPITAL” kompaniyasi (keyingi oʻrinlarda – Konsultant) xususiylashtirish boʻyicha konsultant sifatida jalb etilgan.

Avval xabar berilganidek, raqobat muhiti taʼminlangan savdo jarayoni natijasida, investorlar tomonidan kelib tushgan arizalar (Express of Interest) ularning toʻlovga qobiliyatlilik, xususiylashtirish jarayonida ishtirok etilishini taqiqlashi mumkin boʻlgan maʼmuriy, hakamlik yoki boshqa sud jarayonlarining yoʻqligi hamda Yevropa Ittifoqi va AQSHning, shuningdek yirik xalqaro moliya institutlarining sanksiyalari roʻyxatiga kiritilmaganligi yuzasidan oʻrganilib, mazkur shartlarga muvofiq keladigan talabgorlar xususiylashtirish jarayonining keyingi – Majburiyatga ega boʻlgan takliflar (BO)ni taqdim etish bosqichiga oʻtkazilgan.

Ushbu bosqichda talabgorlar bilan Axborotni oshkor etmaslik toʻgʻrisidagi bitim (NDA) imzolanib, Konsultant tomonidan tayyorlangan Korxonaning moliyaviy, soliq, huquqiy va ekologik faoliyati yuzasidan kompleks tahlil (due diligence) hisobotlari joylangan virtual maʼlumotlar xonasi (VDR)ga kirish va Korxonaning boshqaruv organi bilan uchrashish hamda Korxona bilan tanishish imkoniyati yaratilgan.

Oʻz navbatida, Konsultant tomonidan "Andijon biokimyo zavodi" AJ ustav kapitalidagi davlat aksiya paketlarini yaxlit paket (96,0 foiz) sifatida sotish boʻyicha takliflar qabul qilingan.

Natijada, sotib olish uchun qoʻyilgan talablarga toʻliq javob bergan, kelajakda Korxona faoliyatini barqaror rivojlanishini taʼminlay oladigan va ishlab chiqarish jarayonlarini toʻliq davomiyligini shakllantirishga salohiyatli boʻlgan “Jasmin Gold Group” MChJ eng yuqori narx taklifi bilan savdo gʻolibi deb topildi.

Taʼkidlash joizki, Xaridorning taklifi konsultant tomonidan hisoblangan Korxonaning indikativ narxlar oraligʻining yuqori qismida joylashgan hamda Korxonaning baholangan qiymatidan yuqori.

Korxonani xususiylashtirish natijalari Davlat aktivlarini xususiylashtirish va xususiylashtirish jarayonlarini muvofiqlashtirish davlat komissiyasining tegishli qarori bilan maʼqullangan.

Maʼlumot oʻrnida, 2023-yilda “Andijon biokimyo zavodi” AJ tomonidan 1,0 mln dal spirt ishlab chiqarilgan boʻlib, sof foydasi 10,1 mlrd soʻmni, sof aktivlari 71,5 mlrd soʻmni va jami majburiyatlari 17,3 mlrd soʻmni tashkil qilgan.

893 Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech