Ру Ўз O'z En

Yangiliklar

20 Yanvar 2023

Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish yuzasidan Davaktiv agentligi boshqarmasi boshlig‘i M.Ubaydov ishtirokidagi brifing

Brifing matni

Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish jarayonini soddalashtirish hamda jadallashtirish maqsadida, Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 30-noyabrdagi 685-son qarori tasdiqlandi.

Mazkur qaror bilan fuqarolarga va yuridik shaxslarga doimiy foydalanish (egalik qilish), ijara va meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi asosida tegishli bo‘lgan yer uchastkalarini xususiylashtirish jarayonidagi to‘lov summasi pasaytirildi hamda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini auksion savdolariga chiqarishning soddalashtirilgan yangi tartibi joriy qilindi. Xususan:

  • Jismoniy va yuridik shaxslarda doimiy foydalanishda (egalikda) bo‘lgan xususiylashtirilayotgan yer uchastkasini sotib olish qiymati barcha hududlar bo‘yicha yer solig‘ining bazaviy soliq stavkasi 20 baravari miqdorida belgilangan edi, yangi tartibga muvofiq Toshkent, Nukus shaharlari va viloyat markazlarida yer solig‘ining bazaviy soliq stavkasi 10 baravarga, boshqa hududlarda 5 baravari miqdoriga kamaytirildi.
  • Eng asosiysi yer uchastkalarini auksionga chiqarish 13 ta bosqichdan iborat bo‘lgan, 48 ish kunidan (ijara huquqida) 74 ish kunigacha (mulk huquqida) auksion savdosiga chiqarish uchun vaqt talab etgan. Endilikda, yer uchastkalarini savdoga chiqarishda kelishuv va muhokama jarayonlarini birlashtirish hisobiga kelishish bosqichlari 8 taga, auksionga chiqarish muddatlari esa ijara huquqida 16 ish kun muddatga va mulk huquqida 22 ish kun muddatgacha auksion savdosiga chiqarilishi belgilangan.
  • Savdo kompleksi, logistika markazi va xizmat ko‘rsatish kompleksini tashkil etish, turizm hududi sifatida belgilangan mahallalarni rivojlantirish, yo‘l bo‘yi infratuzilmasi ob’ektlarini tashkil etish uchun yer uchastkalarini tayyor master-reja ishlab chiqilgan holda auksion savdolariga chiqarish tartibi joriy qilindi. Bunda yer uchastkasini loyiha tashkilotlaridan loyihalashtirish ishlarini amalga oshirmasdan tayyor biznes-loyihada ko‘rsatilgan tartibda qurilish ishlari amalga oshiriladi.
  • Yer uchastkalarini auksion orqali realizatsiya qilishdan tushgan mablag‘larning 50 foiz miqdori yer uchastkasi joylashgan tuman (shahar) budjeti ixtiyorida qoldirilishi belgilandi. Ilgari mablag‘lar viloyat ixtiyorida qolar edi. Bu esa, o‘z o‘rnida, hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy barqarorligini oshirishiga xizmat qiladi.

Jismoniy va yuridik shaxslar tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan bo‘sh turgan yer uchastkalarini auksion savdolarida sotib olishda bir qancha imkoniyatlar mavjud:

Sotib olish qiymatlarini to‘lash bo‘yicha:

  • Ko‘p qavatli uy-joylar qurish uchun yer uchastkalarini ijaraga berish bo‘yicha o‘tkazilgan elektron onlayn-auksion g‘oliblari lot qiymatining 30 foizini auksion yakunlangan kundan boshlab besh ish kunidan kechiktirmay to‘laganda, qolgan qismini 12 oy davomida teng miqdorda foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati beriladi. (asos 09.12.2021y. PF-33)
  • Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalari mulk huquqini elektron onlayn-auksionda sotib olish qiymatini 3 yil muddatgacha bo‘lib-bo‘lib to‘lash (asos 08.04.2022y. PF-101)
  • Sanoat zonalarida yer uchastkalarini elektron onlayn-auksion orqali ijaraga berishda boshlang‘ich narxi bo‘yicha to‘lovlarni 12 oy muddatda bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati mavjud. (asos 13.06.2022y. PF-153)

Auksionga qatnashish uchun zakalat pul miqdorini to‘lash uchun ham imkoniyatlar mavjud:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 30 dekabrdagi PF-287-son Farmoni bilan tuman va shaharlar 5 ta toifalarga ajratildi.

Shunga ko‘ra, 4 va 5 toifadagi tuman (shahar)da joylashgan yer uchastkalarini auksion savdosida qatnashish uchun boshlang‘ich zakalat miqdorini 50 foizini to‘lab, qatnashish imkoniyati beriladi.

Ma’lumot uchun shuni aytib o‘tish joizki:

2022 yil davomida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan 90 mingta (5 743 gektar) bo‘sh turgan yer uchastkalari “Yerelektron” AATga kiritilib, shundan 56 mingtasi (3 303 gektar) auksion savdolariga chiqarilgan. Shundan, 12 mingtasi (982 gektar), jumladan 3,4 mingtasi (75 gektar) mulk huquqida va 8,8 mingtasi (921 gektar) ijara huquqida 989 mlrd.so‘mga sotilgan va natijada 559,9 mlrd.so‘mdan ortiq tushum tushgan, shundan 421,8 mld.so‘mi tegishli budjetlarga yo‘naltirilishi ta’minlangan.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va yuridik shaxslariga tegishli bo‘lgan yer uchastkalarini xususiylashtirish bo‘yicha davlat xizmatlariga 30 mingdan ortiq arizalar kelib tushgan bo‘lib, shundan 7080 tasiga ijobiy xulosalar berilgan, shundan, 2 005 tasi to‘lov qilish jarayonida hamda 2 320 tasi bo‘yicha davlat orderlari berilgan.

Xususiylashtirish sohasida:

Davlat aktivlarini xususiylashtirish jarayonlarini soddalashtirish xususiylashtirish jarayonlarining shaffofligini va “E-auksion” elektron savdo platformasining ommabopligini taʼminlash hamda unda ishtirok etish imkoniyatini yana-da oshirish maqsadida, “E-auksion” mobil ilovasi 1-avgustdan boshlab ishga tushirildi, aholi va tadbirkorlar uchun App Store va Play Market orqali yuklab olish imkoniyati yaratildi.

Targ‘ibot-tashviqot ishlarini kuchaytirish maqsadida hududlarda muntazam ravishda uchrashuv, muloqot va taqdimotlar (11 ta viloyatda “Road Show” o‘tkazildi) hamda press turlar o‘tkazilmoqda, ommaviy axborot vositalari, jumladan televideniye, radio, gazeta va jurnallar, ijtimoiy tarmoqlarda 1,5 mingdan ziyod reklama va targ‘ibot ishlari amalga oshirildi.

Toshkent shahri va viloyat markazlarining markaziy ko‘chalarida joylashgan 76 ta, aholi gavjum hududlardagi 150 ga yaqin LED ekran va katta yo‘llar yoqasida 100 ta bilbord, davlat xizmatlari markazlaridagi 817 ta ekranda doimiy videorolik va reklama materiallari berib borilmoqda.

O‘z navbatida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 18-martdagi PQ‒168-son qaroriga muvofiq:

  • xalqaro nufuzga ega auditorlik kompaniyalarining O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan shoʻba korxonalarining baholash hisobotlari haqqoniyligini ekspertizadan o‘tkazish talab etilmasligi;
  • davlat ko‘chmas mulk obyektlarini bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotib olgan va sotib olish to‘lovini to‘liq amalga oshirgunga qadar “tasarruf etish huquqisiz” davlat orderi berilgan tadbirkorlik subyektlari tomonidan qo‘shilgan qiymat solig‘i mazkur obyektlarga nisbatan tasarruf etish huquqi to‘liq o‘tgandan so‘ng to‘lanishi

Shuningdek, mazkur qaror bilan hokim yordamchilarining onlayn-buyurtmanomasiga asosan, hududi 2 000 kvadrat metrgacha bo‘lgan davlat ko‘chmas mulk obyektlarini Agentlik tomonidan tasdiqlanadigan tartibga muvofiq to‘g‘ridan-to‘g‘ri elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarish imkoniyati yaratildi.

Bunda, mahalladagi hududi 2 000 kvadrat metrgacha bo‘lgan davlat ko‘chmas mulk obyektlarini hokim yordamchilarining onlayn-buyurtmanomasiga asosan sotishdan tushadigan mablag‘lar, baholash va sotish xarajatlari chegirilgan holda, tegishli mahallalarning Mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish jamg‘armalariga o‘tkazilishi belgilab qo‘yildi.

Shu bilan birga, Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 1-avgustdagi PQ‒420-son qaroriga asosan, bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotilgan davlat aktivlari va qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalari bo‘yicha kamida 35 foiz miqdoridagi dastlabki to‘lovni bir yo‘la amalga oshirgan xaridorlarga mazkur davlat aktivlari va yer uchastkalarini kredit taʼminoti sifatida garovga qo‘yish huquqi berildi.

2029 Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech