Ру Ўз O'z En

Yangiliklar

22 Avgust 2023

“Foton” AJ ustav kapitalidagi davlat ulushini xususiylashtirish jarayoni yuzasidan axborot

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan joriy yil 10-iyul kuni chop etilgan eʼlonga muvofiq, “Foton” AJ ustav kapitalidagi davlat ulushini (keyingi oʻrinlarda – "Aktiv" yoki "Kompaniya") xususiylashtirish jarayonining Aktivni sotib olish boʻyicha qiziqish bildirish (Express of interest) bosqichi boshlangan.

Avval maʼlum qilinganidek, ushbu davlat aktivini xususiylashtirish jarayonini ilgʻor xalqaro tajriba asosida amalga oshirish uchun “Abrau Capital” (keyingi oʻrinlarda – "Konsultant") kompaniyasi Xususiylashtirish boʻyicha konsultant sifatida jalb etilgan.

Arizalarni qabul qilish jarayoni doirasida, Konsultant tomonidan keng qamrovli marketing ishlari amalga oshirildi, jumladan, investitsiya tizerlari salohiyatli investorlarga yuborildi. Natijada, 2023-yil 15-avgustga qadar 2 nafar investorlar tomonidan sotib olish boʻyicha qiziqish bildirish toʻgʻrisidagi arizalar Konsultantga kelib tushgan.

Davaktiv agentligi hamda Xususiylashtirish boʻyicha Konsultant tomonidan kelib tushgan barcha arizalar quyidagi mezonlar boʻyicha saralangan:

  • xususiylashtirish jarayonida ishtirok etilishini taʼqiqlashi mumkin boʻlgan maʼmuriy, hakamlik yoki boshqa sud jarayonlarining yoʻqligi;
  • Oʻzbekiston Respublikasining 660-II-sonli “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonuniga rioya etilishi;
  • Talabgor va ular bilan bogʻliq boʻlgan shaxslardan hech biri Yevropa Ittifoqi va AQSHning, shuningdek yirik xalqaro moliya institutlarining sanksiyalari roʻyxatiga kiritilmaganligi, shuningdek kelajakda bunday roʻyxatlarga kirish ehtimolining pastligi;
  • barqaror moliyaviy holati (MHXS boʻyicha tekshirilgan moliyaviy hisobotlari bilan tasdiqlangan) va ehtimoliy bitimni kafolatlangan moliyalashtirish qobiliyati.

Kelib tushgan arizalarni yuqoridagi mezon talablari asosida Maslahatchi tomonidan chuqur oʻrganish natijasida, barcha investorlarning arizalari yuqoridagi mezon talablariga to'liq mos deb topilgan.

Shunga koʻra, Aktivni sotib olish boʻyicha qiziqish bildirish (Express of interest) bosqichidan muvaffaqiyatli oʻtgan talabgorlar, xususiylashtirish jarayonining kelgusi Majburiyatga ega boʻlgan taklif (BO) qabul qilish bosqichida ishtirok etish uchun taklif qilinadi hamda ularga ushbu bosqich jarayonlari toʻgʻrisidagi xat (Process Letter) yuboriladi.

Talabgorlar tomonidan Axborotlarni oshkor etmaslik toʻgʻrisidagi bitim (NDA) imzolangandan soʻng, ularga Konsultant tomonidan tayyorlangan virtual maʼlumotlar xonasi (VDR)ga kirish imkoniyati beriladi. Ushbu maʼlumotlar xonasi Aktiv toʻgʻrisida batafsil maʼlumotlarni, jumladan, tarixiy va prognozli moliyaviy koʻrsatgichlari kabi axborotlarni oʻz ichiga oladi.

Konsultant tomonidan Aktivni sotib olish narxi boʻyicha Majburiyatga ega boʻlgan takliflar (BO) 2023-yil 25-sentabr soat 18:00 (Toshkent vaqti bilan)ga qadar qadar qabul qilinadi.

Davaktiv agentligi xususiylashtirish jarayoniga qiziqish bildirgan va arizalar topshirgan barcha ishtirokchilarga minnatdorchilik bildiradi hamda Aktivni sotib olish boʻyicha qiziqish bildirish bosqichidan muvafaqqiyatli oʻtgan talabgorlar bilan kelgusidagi konstruktiv hamkorlikni shaffof muhitda davom ettiradi.

971 Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech