Ру Ўз O'z En

Yangiliklar

14 May 2024

Ijtimoiy daftarga, hamda xorijdan qaytgan mehnat migrantlari roʻyxatiga kiritilgan talabgorlar uchun qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer maydonlarini ijaraga berish boʻyicha brifing

YouTube orqali ko'rish uchun havola

Матн:

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining PF-15 sonli farmoniga asosan 2024-yilning 1-martidan boshlab qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalarini elektron tanlov savdolari orqali ijaraga berish tartibi bekor qilinib, endilikda ushbu turdagi yer uchastkalarini ijaraga berish onlayn auksion savdolari orqali amalga oshirilmoqda.

Umumiy yer maydoni 15 336 gektar boʻlgan 17 853 ta dehqon xoʻjaligi yuritish hamda dehqon xoʻjaliklari tomonidan qishloq xoʻjaligi kooperativini tashkil etish maqsadi bilan yer uchastkalari savdoga chiqarilgan boʻlsa, hisobot davrida yer maydoni 3 919 gektar boʻlgan 238,9 mlrd soʻmlik 4 683 ta yer uchastkalari 635,7 mlrd soʻmga sotildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-153 sonli qaroriga asosan 60 588 gektar boʻlgan 166 581 ta yoshlarga dehqon xoʻjaligi maqsadlari uchun yer uchastkalari auksion savdolarida sotish uchun chiqarilgan boʻlsa, 37 439 gektar 116 814 ta yer uchastkalarida auksion gʻoliblari aniqlandi.

Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 19-apreldagi 223-son qarori bilan Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 24-noyabrdagi 709-son qaroriga quyidagi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.

Xususan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari talablariga asosan ijtimoiy daftarga kiritilganlar, shu jumladan, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” hamda xorijdan qaytgan mehnat migrantlari roʻyxatiga kiritilgan talabgorlar uchun qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer maydonlarini ijaraga berish boʻyicha “Ye-auksion” elektron savdo platformasida alohida toifa (kategoriya) ochildi;

Endilikda ushbu yoʻnalishda elektron onlayn-auksion savdosini oʻtkazish toʻgʻrisidagi xabarnoma 15 kalendar kun oldin, takroriy savdoda esa 5 kalendar kun oldin eʼlon qilinadi;

Lot boʻyicha taklif etilgan eng yuqori ijaraga olish qiymatining dastlabki 15 foiz miqdori 10 ish kuni ichida elektron onlayn-auksion savdo gʻolibi tomonidan toʻlangandan soʻng unga operator tomonidan bir ish kuni ichida elektron onlayn-auksion savdo natijalari toʻgʻrisida bayonnoma rasmiylashtiriladi;

Elektron onlayn-auksion savdo gʻolibi jismoniy shaxs boʻlsa, elektron onlayn-auksion savdo gʻolibi shartnoma imzolash uchun berilgan 10 ish kuni ichida oʻzining yagona taʼsischiligida tashkil etilgan fermer xoʻjaligi yoki boshqa yuridik shaxs toʻgʻrisidagi axborotni yoxud dehqon xoʻjaligi davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisida dehqon xoʻjaliklarining yagona davlat reestridan koʻchirmani shaxsiy kabineti orqali savdo platformasiga kiritadi;

Onlayn-auksion savdo natijalariga doir elektron bayonnomada gʻolib sifatida ushbu jismoniy shaxs, ijara shartnomasida esa u tomonidan tashkil etilgan fermer xoʻjaligi yoki boshqa yuridik shaxs koʻrsatiladi;

Yer uchastkalarini ijaraga berish boʻyicha elektron onlayn-auksion savdolari gʻoliblariga ularning tanloviga koʻra yer uchastkasi narxini uch yil muddatda, elektron onlayn-auksion savdolari gʻolibi boʻlgan “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”da roʻyxatda turgan fuqarolarga yer uchastkasi narxini besh yil muddatga teng ulushlarda foizsiz boʻlib-boʻlib toʻlashga ruxsat berildi.

822 Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech