Ру Ўз O'z En

Yangiliklar

12 May 2025

Surxondaryo viloyatida tadbirkorlar va ishbilarmonlar uchun navbatdagi “Roadshow” taqdimoti oʻtkazildi

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash, iqtisodiyotda davlat ulushini qisqartirish hamda xususiy mulk daxlsizligini taʼminlash yuzasidan keskin islohotlar amalga oshirilib, bu boradagi ishlar yanada jadallashtirilmoqda.

Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-apreldagi “2025-yil uchun xususiylashtirish dasturi toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilindi. Unga koʻra, 115 ta korxonadagi davlat aksiya paketlari, 659 ta koʻchmas mulk obyektlari hamda 6100 gektar yer uchastkalari ommaviy savdolarga chiqarilishi belgilangan.

Shu bilan birga, mazkur Farmon bilan davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini qisqartirish maqsadida, 2030-yil 1-yanvarga qadar davlat ishtirokidagi korxonalarni tashkil etishga moratoriy joriy qilindi hamda bozorlar ustavida mahalliy davlat hokimliklarning majburiy ishtirok etishi talabi bekor qilindi.

Oʻz oʻrnida, hududlarda mazkur Farmon mazmun-mohiyatini tadbirkorlar va keng jamoatchilikka tushuntirish, uning targʻibot ishlarini jadallashtirish maqsadida, joriy yilning 10-may kuni Davlat aktivlari agentligi tomonidan Surxondaryo viloyatida xususiylashtirilishi belgilangan davlat aktivlari, jumladan, korxonalardagi davlat ulushlari, boʻsh turgan davlat mulki obyektlari va sotilishi belgilangan yer uchastkalari toʻgʻrisida navbatdagi “Roadshow” taqdimoti oʻtkazildi.

Ushbu tadbirda 200 nafardan ziyod tadbirkorlar va investorlar, mahalliy hokimliklar hamda viloyatdagi yirik korxonalarning vakillari ishtirok etdi.

Taqdimot Davlat aktivlari agentligi direktorining oʻrinbosari Alisher Miraliyev, Agentlikning Surxondaryo viloyati hududiy boshqarmasi boshligʻi Samandar Xudoyberdiyev hamda viloyat hokimligi kotibiyati mudiri Otabek Ruziyev boshchiligida boʻlib oʻtdi.

Tadbirda davomida A.Miraliyev soʻzga chiqib, soʻnggi yillarda mamlakatimizda xususiylashtirish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash yuzasidan keskin islohotlar amalga oshirilib, tadbirkorlar uchun xususiylashtirish va davlat mulkini ijaraga berish yoʻnalishlarida bir qator imtiyozlar va qulayliklar yaratilganligini taʼkidlab oʻtdi. Xususan:

  • Davlat aktivini sotib olish toʻlovlari 1 oy davomida toʻlangan taqdirda, xaridorga xarid summasidan Markaziy bankning asosiy stavkasi miqdorida chegirma qoʻllaniladi;
  • davlat koʻchmas mulk obyektlari va davlat ulushlari uchun sotib olish toʻlovlarining miqdoriga qarab 3 yilgacha boʻlgan muddatda boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati mavjud.
  • mehmonxona va turizm xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha davlat mulkini savdoga chiqarishda xarid toʻlovlari miqdoridan qatʼi nazar ularni 5 yilgacha boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati beriladi;
  • tibbiyor va ta'lim tashkilotini tashkil etish uchun auksion savdolarida sotilgan davlat koʻchmas mulk obyektlarining sotib olish narxidan qatʼi nazar barcha xaridorlarga xarid toʻlovlarini 5 yil muddatda boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati beriladi;
  • ijaraga oluvchi tomonidan yillik ijara toʻlovlari 1 oy davomida toʻlangan taqdirda, unga yillik ijara summasidan Markaziy bankning asosiy stavkasi miqdorida chegirma beriladi;
  • “E-auksion” orqali ijaraga olinganiga kamida 5 yil boʻlgan davlat mulki obyektini kapital taʼmirlash, modernizatsiya qilish, tevarak-atrofini obodonlashtirish boʻyicha ishlar amalga oshirilgan va ijara toʻlovlari oʻz vaqtida toʻlab kelingan davlat mulki obyektining ijaraga olingan qismi baholangan qiymatda toʻgʻridan toʻgʻri sotib olish huquqi beriladi;
  • maydoni 10 ming m2 gacha boʻlgan davlat mulki obyektlari yuqori texnologiyali mahsulot yaratadigan tadbirkorlik subyektlariga 5 yil muddatga toʻgʻridan toʻgʻri tekin foydalanishga beriladi. Shartnoma shartlari bajarilgan taqdirda, ushbu tadbirkorlik subyektlariga baholangan qiymatda toʻgʻridan toʻgʻri sotiladi;
  • Barcha turdagi yer uchastkalarining qiymati 15 ish kunida toʻliq toʻlangan taqdirda, jami summaga nisbatan 20 foiz chegirma beriladi (boshlangʻich narxi 50 foizdan ortiqqa pasaytirilgan holda realizatsiya qilingan yer uchastkalari bundan mustasno).
  • Boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan sotilgan qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalari boʻyicha kamida 35 foiz miqdoridagi dastlabki toʻlovni biryoʻla amalga oshirgan xaridorlarga mazkur yer uchastkalarini kredit taʼminoti sifatida garovga qoʻyish huquqi beriladi;
  • Auksion savdolariga tadbirkorlik uchun chiqarilgan yer uchastkalari (viloyat markazlari bundan mustasno) 3 oy davomida sotilmaganda boshlangʻich qiymatining 30 foizigacha, 6 oy davomida sotilmaganda 10 foizigacha bosqichma-bosqich 10 foizdan pasaytirilishi, sotib olish toʻlovlarining 15 foizini uch oy muddatda qolgan qismini 10 yilgacha muddatda boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati yaratildi.

Shu bilan birga, “Roadshow” ishtirokchilariga Davlat aktivlari agentligi Surxondaryo viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan 2024-yil davomida yangi 106 ta davlat aktivlari auksion savdolariga chiqarilganligi, savdoda turgan 107 ta davlat aktivlari 252,0 mlrd.soʻm qiymatga boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan sotilganligi maʼlum qilindi. Bundan tashqari, tadbirkorlar va fuqarolar uchun 3063 ta 417,3 gektar yer uchastkalari elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarilgan boʻlib, shundan 2568 ta 119,0 gektar yer uchastkalari 50,1 mlrd.soʻmga sotilishiga erishilgan.

Hududiy boshqarma tomonidan 2025-yilning oʻtgan davrida yangi 26 ta davlat aktivlari auksion savdolariga chiqarilgan boʻlib, 52 ta davlat aktivlari 31,3 mlrd.soʻm qiymatga sotilishi taʼminlangan.

Oʻz oʻrnida, yangi 2025-yilgi xususiylashtirish dasturiga muvofiq, Surxondaryo viloyatida ommaviy savdolarda sotilishi belgilangan jami 15 ta davlat va davlat ishtirokidagi xoʻjalik jamiyatlarining ulushlari hamda 86 ta koʻchmas mulk obyektlari tadbirkorlar va tadbir ishtirokchilariga yaqindan tanishtirildi.

Shuningdek, tadbir davomida qatnashchilarga “E-auksion” elektron savdo platformasidan foydalanish, savdo platformasida shaxsiy kabinet ochish, onlayn elektron imzo olish va savdolarda qatnashish uchun arizalar berish tartiblari ham nazariy, ham amaliy tushuntirildi.

Koʻtarinki ruhda va savol-javoblarga boy oʻtgan tadbir yakunida qatnashchilar va OAV vakillari tomonidan berilgan bir qator savollarga tegishli javoblar berib oʻtildi.

Mazkur tadbir keyingi oʻrinlarda respublikaning barcha hududlarida oʻtkaziladi.

 

205 Chop etish