Ру Ўз O'z En

Yangiliklar

12 Avgust 2024

Sirdaryo viloyatida tadbirkorlar va ishbilarmonlar ishtirokida navbatdagi “Roadshow” taqdimoti oʻtkazildi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 19-apreldagi “Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, 247 ta korxonadagi davlat aksiya paketlari va 1028 ta koʻchmas mulk obyektlari ommaviy savdolarga chiqarilishi, shuningdek, 12 ta yirik korxonadagi davlat ulushlarining mahalliy fond bozorida birlamchi (IPO) va (yoki) ikkilamchi (SPO) ommaviy taklifi oʻtkazilishi belgilangan.

Hududlarda mazkur qaror mazmun-mohiyatini tadbirkorlar va keng jamoatchilikka tushuntirish, uning targʻibot ishlarini jadallashtirish maqsadida, joriy yilning 10-avgust kuni Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan Sirdaryo viloyatida xususiylashtirilishi belgilangan davlat aktivlari, jumladan, korxonalardagi davlat ulushlari, boʻsh turgan davlat mulki obyektlari va sotilishi belgilangan yer uchastkalari toʻgʻrisida navbatdagi “Roadshow” taqdimoti oʻtkazildi.

Ushbu tadbirda 200 nafardan ziyod tadbirkorlar va investorlar, mahalliy hokimliklar hamda viloyatdagi yirik korxonalarning vakillari ishtirok etdi.

Taqdimot Davaktiv agentligi direktorining oʻrinbosari Alisher Miraliyev, Davaktiv agentligining Sirdaryo viloyati hududiy boshqarmasi boshligʻi Muhammad Musurmonkulov hamda viloyat hokimining birinchi oʻrinbosari Abduraxim Umarov boshchiligida boʻlib oʻtdi.

Tadbirda A.Miraliyev soʻzga chiqib, soʻngi yillarda mamlakatimizda xususiylashtirish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish, tadbirkorlikni rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash yuzasidan keskin islohotlar amalga oshirilib, tadbirkorlar uchun bir qator yangilik va qulayliklar yaratilganligini taʼkidlab oʻtdi. Xususan:

  • Davlat aktivlari 3 oyda sotilmaganda (Toshkent shahri va viloyat markazlari bundan mustasno) ularning boshlangʻich bahosining 10 foizigacha bosqichma-bosqich pasaytirilishi belgilandi;
  • 2024-yil 1-yanvargacha ijara shartnomalari asosida ijaraga olganiga kamida 5 yil boʻlgan va majburiyatlarni bajargan tadbirkorlarga xususiylashtirish dasturlariga kirgan davlat mulkini baholangan qiymatda toʻgʻridan-toʻgʻri sotib olish huquqi berildi;
  • Tadbirkorlik uchun auksion savdolariga chiqarilgan yer uchastkalari (viloyat markazlari bundan mustasno) 3 oy davomida sotilmaganda boshlangʻich qiymatining 30 foizigacha, 6 oy davomida sotilmaganda 10 foizigacha bosqichma-bosqich 10 foizdan pasaytirilishi, sotib olish toʻlovlarining 15 foizini uch oy muddatda qolgan qismini 10 yilgacha muddatda boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati yaratildi;
  • Davlat mulki sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan boʻsh yer uchastkalariga nisbatan tuman (shahar) hokimliklarining qarzdorliklari boʻyicha taqiqlar tatbiq etilmaydi, ushbu yer uchastkalari auksion savdolarida sotilganda, xaridorlarga toʻsiqlarsiz rasmiylashtirib beriladi;
  • Ixtisoslashuvi hamda kichik biznes uchun mavjud sharoitdan kelib chiqib 4 va 5-toifalarga kiritilgan tumanlarda joylashgan davlat aktivlari hamda mulk huquqi asosida sotib olingan yer uchastkalari boʻyicha toʻlovlarni, miqdoridan qatʼiy nazar, 5 yil ichida teng ulushlarda boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati yaratildi.

Shu bilan birga, “Roadshow” ishtirokchilariga Davaktiv agentligi Sirdaryo viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan 2023-yil davomida jami 79 ta davlat aktivlari auksion savdolariga chiqarilganligi, shundan 37 ta davlat aktivlari 126,1 mlrd.soʻm qiymatga boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan sotilganligi maʼlum qilindi. Bundan tashqari, tadbirkorlar va fuqarolar uchun 2 668 ta 156,1 gektar yer uchastkalari elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarilgan boʻlib, shundan 1 047 ta 115,5 gektar yer uchastkalari 33,5 mlrd.soʻmga sotilishiga erishilgan.

Hududiy boshqarma tomonidan 2024-yilning oʻtgan davrida jami 62 ta davlat aktivlari auksion savdolariga chiqarilgan boʻlib, shundan 49 ta davlat aktivlari 146,6 mlrd.soʻm qiymatga sotilishi taʼminlangan. Hozirgi kunda umumiy qiymati 235,4 mlrd.soʻm boʻlgan 68 ta davlat aktivlarining savdosi davom etmoqda.

Oʻz oʻrnida, yangi 2024-yilgi xususiylashtirish dasturiga muvofiq, Sirdaryo viloyatida ommaviy savdolarda sotilishi belgilangan jami 7 ta davlat va davlat ishtirokidagi xoʻjalik jamiyatlarining aktivlari, shundan 80 ta koʻchmas mulk obyektlari tadbirkorlar va tadbir ishtirokchilariga yaqindan tanishtirildi.

Shuningdek, tadbir davomida qatnashchilarga “E-auksion” elektron savdo platformasidan foydalanish, savdo platformasida shaxsiy kabinet ochish, onlayn elektron imzo olish va savdolarda qatnashish uchun arizalar berish tartiblari ham nazariy, ham amaliy tushuntirildi.

Koʻtarinki ruhda va savol-javoblarga boy oʻtgan tadbir yakunida qatnashchilar va OAV vakillari tomonidan berilgan bir qator savollarga tegishli javoblar berib oʻtildi. Jumladan, maxsus sanoat zonalarida tadbirkorlarga berilgan davlat koʻchmas mulk obyektlarini xususiylashtirish imkoniyatlari va tartibi yuzasidan tadbirkor tomonidan berilgan savolga tushuntirish berildi. Shuningdek, mahalliy tadbirkorlarning davlat obyektlarini ijara olish muddatlari boʻyicha bir qator takliflari qabul qilindi.

Shu bilan birga, kunning ikkinchi yarmida OAV vakillari uchun Press-tur ham tashkil etilib, davlat aktivlarini sotib olgan tadbirkorlar tomonidan ushbu obyektlar negizida bajarilgan ishlar hamda sotuvga chiqarilgan davlat aktivlari joyiga chiqqan holda oʻrganildi.

Mazkur tadbir bugungi kunga qadar Fargʻona, Andijon, Namangan, Samarqand, Qashqadaryo, Navoiy, Buxoro, Jizzax viloyatlarida oʻtkazildi va keyingi oʻrinlarda respublikaning barcha qolgan viloyatlarida hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasida oʻtkaziladi.

3941 Chop etish