Ру Ўз O'z En

Yangiliklar

05 Yanvar 2024

“Oʻzbekiston shampani” AJning ustav kapitalidagi 51,48 foiz davlat aksiyalar paketini sotish boʻyicha kelishuvga erishildi

Tegishli xususiylashtirish dasturlariga muvofiq, Davaktiv agentligi “Oʻzbekiston shampani” AJ (keyingi oʻrinlarda - Korxona) ustav kapitalidagi 51,48 foiz davlat aksiyalar paketini sotish boʻyicha professional konsultantni jalb etgan holda tashkillashtirilgan savdo natijalari boʻyicha quyidagilarni maʼlum qiladi.

Bunda, Davaktiv agentligi tomonidan eng maqbul takliflarni tanlab olish asosida KPMG xalqaro kompaniyasi (keyingi oʻrinlarda – Konsultant) xususiylashtirish boʻyicha konsultant sifatida jalb etilgan.

Konsultant tomonidan xususiylashtirish jarayoni doirasida ham mahalliy, ham xalqaro darajada keng koʻlamli marketing ishlari amalga oshirildi, jumladan investitsiya tizerlari konsultantning investorlar tarmogʻi orqali turli salohiyatli investorlarga (investor sounding) yuborildi.

Natijada investorlardan sotib olish boʻyicha qiziqish toʻgʻrisidagi 5 ta arizalar (Express of Interest) kelib tushdi.

Talabgorlar xususiylashtirish jarayonida ishtirok etilishini taqiqlashi mumkin boʻlgan maʼmuriy, hakamlik yoki boshqa sud jarayonlarining yoʻqligi hamda Yevropa Ittifoqi va AQSHning, shuningdek yirik xalqaro moliya institutlarining sanksiyalari roʻyxatiga kiritilmaganligi yuzasidan oʻrganilgan.

Talabgorlarning 4 tasi xususiylashtirish jarayonining keyingi bosqichi – Majburiyatga ega boʻlgan takliflar (BO)ni taqdim etish bosqichiga taklif etildi. Ushbu bosqichda talabgorlar bilan Axborotni oshkor etmaslik toʻgʻrisidagi bitim (NDA) imzolanib, Konsultant tomonidan tayyorlangan Korxonaning moliyaviy, soliq, huquqiy va ekologik faoliyati yuzasidan kompleks tahlil (due diligence) hisobotlari joylangan virtual maʼlumotlar xonasi (VDR)ga kirish imkoniyati yaratildi. Shu bilan birga, barcha talabgorlarga Korxonaning boshqaruv organi bilan uchrashuvlar tashkil etish hamda Korxona bilan tanishish imkoniyati yaratildi.

Qayd etish joizki, kelib tushgan takliflar orasida eng yuqori narx taklifi bildirgan, kelajakda jamiyat faoliyatini barqaror rivojlanishini taʼminlay oladigan va ishlab chiqarish jarayonlarini toʻliq davomiyligini shakllantirishga salohiyatli boʻlgan “Euro Pack” MChJ (keyingi oʻrinlarda – Xaridor), “Oʻzbekiston shampani” AJ ustav kapitalidagi 51,48 foiz davlat aksiyalar paketini sotib olish uchun qoʻyilgan talablarga toʻliq javob bergan va 72,0 mlrd.soʻm sotib olish toʻlovi bilan gʻolib deb topilgan.

Shu bilan birga, Xaridorning taklifi xalqaro konsultant tomonidan hisoblangan Korxonaning indikativ narxlar oraligʻining yuqori qismida joylashgan hamda Korxonaning baholangan qiymatidan yuqori.

Korxonani xususiylashtirish natijalari Davlat aktivlarini xususiylashtirish va xususiylashtirish jarayonlarini muvofiqlashtirish davlat komissiyasining tegishli qarori bilan maʼqullangan.

Shuningdek, Xaridor sotib olish toʻloviga qoʻshimcha ravishda 2024-2025 yillarda Korxonani rivojlantirish uchun 18,5 mln. AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritish, bunda ishlab chiqarish quvvatlarini rekonstruksiya va modernizatsiya qilish, konyak spirtini ishlab chiqarish uskunasini va saqlash uchun dub bochkalarini oʻrnatish, shu bilan birga, gastronomik turizmni rivojlantirish va rivojlangan bu kabi ishlab chiqarishning samarali tajribasidan kelib chiqib, Korxona hududida restoran va degustatsiya zalini tashkil etish, Parkent tumanida uzumchilik plantatsiyasini tashkil etish hamda vinoturizm maskanini barpo etish kabi majburiyatlarni oʻz zimmasiga oladi.

Maʼlumot uchun: “Euro Pack” MCHJ – alkogol mahsulotlar uchun kerakli boʻlgan shisha va plastik idishlarni ishlab chiqaruvchi korxona hisoblanadi. 

2803 Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech