Joriy yilning 28 may kuni Davlat aktivlari agentligi tomonidan Toshkent viloyatida xususiylashtirilishi belgilangan davlat aktivlari, jumladan, korxonalardagi davlat ulushlari, boʻsh turgan davlat mulki obyektlari va sotilishi belgilangan yer uchastkalari toʻgʻrisida navbatdagi “Roadshow” taqdimoti oʻtkazildi.
Taqdimot Davlat aktivlari agentligi direktorining oʻrinbosari Alisher Miraliyev, Toshkent viloyati hokimining oʻrinbosari Ilxomjon Arzikulov, Agentlikning Toshkent viloyati hududiy boshqarmasi boshligʻi Sardor Jumayev va viloyat hududiy tashkilot rahbarlari boshchiligida hamda 200 nafardan ziyod tadbirkorlar va investorlar ishtirokida boʻlib oʻtdi.
Tadbirni kirish qismida, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-apreldagi PF-70-sonli Farmoni bilan 2025-yil uchun xususiylashtirish dasturi qabul qilinganligi, mazkur dastur doirasida Toshkent viloyatida ommaviy savdolarga chiqarilishi belgilangan 13 ta davlat va davlat ishtirokidagi xoʻjalik jamiyatlarining ulushlari, 96 ta koʻchmas mulk obyektlari hamda 649,5 gektar yer maydonlari ishtirokchilarga taqdimot qilindi va yaqindan tanishtirildi.
A.Miraliyev soʻzga chiqib, soʻnggi yillarda mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash, iqtisodiyotda davlat ulushini qisqartirish yuzasidan keskin islohotlar amalga oshirilganligini, xususan yuqorida qayd etilgan Farmonning tegishli ilovasi bilan xususiylashtirish va davlat mulkini ijaraga berish yoʻnalishlarida tadbirkorlar uchun bir qator imtiyozlar va qulayliklar tasdiqlab berilganligini taʼkidlab oʻtdi (imtiyozlar bilan tanishish uchun havola).
Oʻz oʻrnida, Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 17-iyuldagi 432-sonli qaroriga muvofiq, kichik sanoat zonalari hududida investitsiya va ijtimoiy majburiyatlarni toʻliq bajargan ishtirokchilarga berilgan davlat koʻchmas mulk obyektlarini xususiylashtirish tartibi ishlab chiqilganligi hamda kichik sanoat zonalari direksiyasi orqali Davlat aktivlari agentligiga xususiylashtirish boʻyicha ariza yuborish yuzasidan tadbir ishtirokchilariga tushuntirish berildi.
Shu bilan birga, “Roadshow” ishtirokchilariga Davlat aktivlari agentligi Toshkent viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan 2024-yil davomida 107 ta davlat aktivlari auksion savdolariga chiqarilganligi, savdoda turgan 106 ta davlat aktivlari 252,0 mlrd.soʻm qiymatga boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan sotilganligi maʼlum qilindi. Bundan tashqari, tadbirkorlar va fuqarolar uchun 3063 ta 417,3 gektar yer uchastkalari elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarilgan boʻlib, shundan 2568 ta 119,0 gektar yer uchastkalari 50,1 mlrd.soʻmga sotilishiga erishilgan.
Hududiy boshqarma tomonidan 2025-yilning oʻtgan davrida yangi 89 ta davlat aktivlari auksion savdolariga chiqarilgan boʻlib, savdoda turgan 77 ta davlat aktivlari 202,7 mlrd.soʻm qiymatga sotilishi taʼminlangan.
Shuningdek, tadbir davomida qatnashchilarga “E-auksion” elektron savdo platformasidan foydalanish, savdo platformasida shaxsiy kabinet ochish, onlayn elektron imzo olish va savdolarda qatnashish uchun arizalar berish tartiblari ham nazariy, ham amaliy tushuntirildi.
Koʻtarinki ruhda va savol-javoblarga boy oʻtgan tadbir yakunida qatnashchilar va OAV vakillari tomonidan berilgan bir qator savollarga tegishli javoblar berib oʻtildi.
Jumladan, Qibray tumanidan tashrif buyurgan tadbirkor tumanda uzoq yillardan beri boʻsh turgan koʻchmas mulk obyektini ijaraga olish tartibi boʻyicha savol berdi. Mazkur savolga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-martdagi PQ-102-son Qarori bilan jismoniy shaxslarga “Davlat mulki” axborot tizimi orqali maydoni 2 000 metr kvadratgacha boʻlgan davlat koʻchmas mulk obyektlarini xususiylashtirish yoki ijaraga berish uchun toʻgʻridan-toʻgʻri onlayn auksion savdolariga chiqarish boʻyicha ariza berish huquqi berilganligi toʻgʻrisida tushuntirish berildi.
Shuningdek, Pskent tumanida maktab hududidagi boʻsh yerni ijaraga olib 3 yil davomida faoliyat yuritib kelayotgan tadbirkor mazkur boʻsh yerni xususiylashtirish tartibi boʻyicha savol berdi. Mazkur savolga, ijtimoiy soha obyektlarini, xususan maktab hududidagi obyektlar va yerlarni xususiylashtirish mumkin emasligi tushuntirildi.
Mazkur tadbir bunga qadar Surxondaryo, Xorazm, Buxoro, Navoiy, Jizzax, Farg‘ona, Andijon, Sirdaryo viloyatlarida va Qoraqalpogʻiston Respublikasida, bugun Toshkent viloyatida oʻtkazildi hamda keyingi oʻrinda Samarqand viloyatida va respublikaning qolgan barcha viloyatlarida oʻtkaziladi.