Avval xabar berilganidek, tegishli xususiylashtirish dasturlariga muvofiq, Toshkent shahar, Mirobod tumani, Buyuk Turon koʻchasi 41 va 42-uy manzilida joylashgan mulkiy majmuani ochiq savdo jarayonlarining barcha bosqichlari “E-auksion” elektron savdo platformasida amalga oshirildi.
Qayd etish joizki, mulkiy majmua tashqi koʻrinishining tarixiy arxitektura qiyofasini saqlab qolish maqsadida, savdo jarayonlarida quyidagi qatʼiy talablar belgilangan:
- Buyuk Turon koʻchasi 42-uy, Oʻzbekiston milliy axborot agentligi (UzA)ning sobiq maʼmuriy binosi (kurantli 16 qavatli bino, Richard Bleze arxitekturasi) hamda Buxoro va Buyuk Turon koʻchalari kesishmasidagi 4 qavatli maʼmuriy bino (“A.Navoiy teatri” tomonidagi qismi) qatʼiyan buzilmasligi hamda tashqi koʻrinishining tarixiy arxitektura qiyofasini saqlab qolish;
- kelgusida qurilish taʼmirlash va rekonstruksiya ishlarini Madaniy meros agentligi bilan kelishilgan holda amalga oshirish.
Raqobat muhitida boʻlib oʻtgan ochiq savdolarda 6 nafar talabgorlar mulkiy majmuani sotib olish boʻyicha takliflari “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali kelib tushgan.
Mulkiy majmuani sotib olish uchun qoʻyilgan shaharsozlik talablariga qatʼiy rioya etgan holda eng yaxshi loyiha konsepsiyasini taqdim qilgan hamda boshqa talabgorlarning tijorat taklifidan yuqori narx taklifini bildirgan “CENTARA PRO” MChJ 300,0 mlrd. soʻm sotib olish toʻlovi va 50,0 mln. AQSH dollari miqdoridagi investitsiyalar kiritish sharti bilan savdo gʻolibi deb topildi.
Taʼkidlash joizki, Xaridorning taklifi mustaqil baholovchi tashkilotining baholagan qiymatidan yuqori.
“CENTARA PRO” MChJ tomonidan taqdim etilgan loyiha konsepsiyasiga asosan mulkiy majmua negizida zamonaviy hordiq va madaniyat, shu jumladan muzey, koʻngilochar obyektlar, ofis va apartamentlar barpo etilishi koʻzda tutilgan.
Mulkiy majmuani xususiylashtirish natijalari Davlat aktivlarini xususiylashtirish va xususiylashtirish jarayonlarini muvofiqlashtirish davlat komissiyasining tegishli qarori bilan maʼqullangan.
Taʼkidlash joizki, mulkiy majmua boʻyicha savdo jarayonining har bir bosqichi yuzasidan Davaktiv agentligining rasmiy veb-sayti orqali jamoatchilikka axborotlar berib borilgan va savdo jarayonida raqobat muhiti taʼminlangan.
Maʼlumot uchun: Oʻzbekiston milliy axborot agentligi (UzA)ga Toshkent shahar, Mirobod tumani, Matbuotchilar 32-uy manzilida joylashgan bino maʼmuriy bino sifatida ajratilgan.
“CENTARA PRO” MChJ turistik va reklama faoliyati, shu jumladan mehmonxonalar hamda koʻchmas mulk obyektlarining boshqaruvi faoliyatini amalga oshiradi.