Ру Ўз O'z En

Yangiliklar

28 Aprel 2025

Boʻsh turgan davlat koʻchmas mulk obyektlarini xatlovdan oʻtkazish va ulardan samarali foydalanishni tashkil etish tartibi belgilandi

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 21-apreldagi “Boʻsh turgan davlat koʻchmas mulk obyektlarini xatlovdan oʻtkazish va ulardan samarali foydalanishni tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

Qaror bilan “Boʻsh turgan davlat koʻchmas mulk obyektlarini xatlovdan oʻtkazish va ulardan samarali foydalanishni tashkil etish tartibi toʻgʻrisida” Nizom tasdiqlandi.

Shuningdek, qaror bilan quyidagilar belgilanmoqda:

davlat koʻchmas mulk obyektlaridan samarali foydalanish va binolarning ortiqcha maydonlari mavjudligi holati Davlat aktivlari agentligining “Davlat mulki” axborot tizimida tegishli tashkilotlar bilan elektron axborot almashinuvi orqali real vaqt rejimida tahlil qilinadi va monitoringi yuritiladi;

boʻsh turgan binolar birinchi navbatda ommaviy savdolarga chiqarilishi uchun xususiylashtirish dasturiga kiritiladi, bunda davlat tashkilotlari boʻsh turgan binoni oʻzida “sot yoki tushuntir” tamoyili boʻyicha saqlab qoladi;

uch oydan ortiq boʻsh turgan binolar balansda saqlovchilar bilan kelishilmagan holda (ijtimoiy soha obyektlari oʻz yoʻnalishi boʻyicha) ijaraga berish uchun “E-auksion” elektron savdo platformasidagi elektron onlayn-auksion savdolariga chiqariladi (harbiy, maxsus maqsadlar uchun moʻljallangan, yaroqsiz va qurilishi tugallanmagan obyektlar bundan mustasno);

davlat koʻchmas mulk obyektlarini tekin foydalanishga berish boʻyicha shartnomalar, shuningdek, ularni ijaraga yoki tekin foydalanishga berish boʻyicha tuzilgan shartnomalarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish yoki ularni bekor qilish faqatgina “online-ijara.uz” axborot tizimi orqali amalga oshiriladi;

Davlat aktivlari agentligi huzuridagi Davlat mulki obyektlaridan samarali foydalanish markazi aniqlangan boʻsh turgan binolar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni xatlov yakunlangandan soʻng oʻn kun muddatda oʻzining rasmiy veb-saytida eʼlon qiladi.

86 Chop etish