Joriy yil 25-sentabr kuni “Coca-Cola Ichimligi Uzbekistan Ltd” (CCI Uzbekistan) kompaniyasining yangi bosh direktori Furkan Aydin Oʻzbekistondagi faoliyatini boshlayotganligi munosabati bilan Davaktiv agentligiga tashrif buyurdi.
Uchrashuv boshida CCI Uzbekistan kompaniyasi Turkiyaning yirik kompaniyalaridan biri boʻlgan “Anadolu Group” xoldingi tarkibiga kiruvchi “Coca-Cola İçecek”ga 2021 yilda sotilishi Oʻzbekistondagi xususiylashtirishning birinchi muvaffaqiyatli misollaridan biri hisoblanishi, shuningdek, CCI Uzbekistan kompaniyasida zamonaviy korporativ va moliyaviy boshqaruv tizimlari joriy etilishi, kompaniyaning ishlab chiqarish quvvatlari va operatsion samaradorligi oshganligi, Samarqand shahrida qiymati 112 million AQSh dollar boʻlgan yangi va zamonaviy toʻrtinchi zavod ishga tushirilishi xususiylashtirishdan keyingi jarayonning ijobiy tomonlari ekanligi taʼkidlab oʻtdi.
Shu bilan birga, 2025-yilda Namangandagi mavjud zavod oʻrniga yangi zamonaviy infratuzilmaga va texnologiyalarga ega boʻlgan zavod boshqa joyda yangidan qurib ishga tushirilishi, janob Furkan Aydin boshqaruvi davrida muvaffaqiyatli amalga oshirilishiga ishonch bildirildi.
Oʻz navbatida, janob Furkan Aydin tomonidan Oʻzbekistonda xorijiy investorlar uchun yaratilgan sharoitlar, ijobiy investitsion muhit, soʻngi yillardagi amalga oshirilayotgan institutsional islohotlar hamda xususiylashtirish jarayonlari ochiq va shaffof amalga oshirilayotgani yuqori eʼtirof etildi.
Uchrashuv yakunida Davaktiv agentligi janob Furkan Aydinning kelgusidagi faoliyatiga ulkan zafarlar va muvaffaqiyatlar tilab, kelgusi hamkorlik yoʻnalishlari belgilab olindi.