Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 19-apreldagi “Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, 247 ta korxonadagi davlat aksiya paketlari va 1028 ta koʻchmas mulk obyektlari ommaviy savdolarga chiqarilishi, shuningdek, 12 ta yirik korxonadagi davlat ulushlarining mahalliy fond bozorida birlamchi (IPO) va (yoki) ikkilamchi (SPO) ommaviy taklifi oʻtkazilishi belgilangan.
Hududlarda mazkur qaror mazmun-mohiyatini tadbirkorlar va keng jamoatchilikka tushuntirish, uning targʻibot ishlarini jadallashtirish maqsadida, joriy yilning 17-avgust kuni Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan Xorazm viloyatida xususiylashtirilishi belgilangan davlat aktivlari, jumladan, korxonalardagi davlat ulushlari, boʻsh turgan davlat mulki obyektlari va sotilishi belgilangan yer uchastkalari toʻgʻrisida navbatdagi “Roadshow” taqdimoti oʻtkazildi.
Ushbu tadbirda 250 nafardan ziyod tadbirkorlar va investorlar, mahalliy hokimliklar hamda viloyatdagi yirik korxonalarning vakillari ishtirok etdi.
Taqdimot Davaktiv agentligi direktorining oʻrinbosari Alisher Miraliyev, Davaktiv agentligining Xorazm viloyati hududiy boshqarmasi boshligʻi Shuxrat Raximov, viloyat hokimining oʻrinbosari Anvar Davletov boshchiligida boʻlib oʻtdi.
Tadbirda A.Miraliyev soʻzga chiqib, soʻngi yillarda mamlakatimizda xususiylashtirish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish, tadbirkorlikni rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash yuzasidan keskin islohotlar amalga oshirilib, tadbirkorlar uchun bir qator yangilik va qulayliklar yaratilganligini taʼkidlab oʻtdi. Xususan:
- Davlat aktivlari 3 oyda sotilmaganda (Toshkent shahri va viloyat markazlari bundan mustasno) ularning boshlangʻich bahosining 10 foizigacha bosqichma-bosqich pasaytirilishi belgilandi;
- 2024-yil 1-yanvargacha ijara shartnomalari asosida ijaraga olganiga kamida 5 yil boʻlgan va majburiyatlarni bajargan tadbirkorlarga xususiylashtirish dasturlariga kirgan davlat mulkini baholangan qiymatda toʻgʻridan-toʻgʻri sotib olish huquqi berildi;
- Tadbirkorlik uchun auksion savdolariga chiqarilgan yer uchastkalari (viloyat markazlari bundan mustasno) 3 oy davomida sotilmaganda boshlangʻich qiymatining 30 foizigacha, 6 oy davomida sotilmaganda 10 foizigacha bosqichma-bosqich 10 foizdan pasaytirilishi, sotib olish toʻlovlarining 15 foizini uch oy muddatda qolgan qismini 10 yilgacha muddatda boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati yaratildi;
- Davlat mulki sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan boʻsh yer uchastkalariga nisbatan tuman (shahar) hokimliklarining qarzdorliklari boʻyicha taqiqlar tatbiq etilmaydi, ushbu yer uchastkalari auksion savdolarida sotilganda, xaridorlarga toʻsiqlarsiz rasmiylashtirib beriladi;
- Ixtisoslashuvi hamda kichik biznes uchun mavjud sharoitdan kelib chiqib 4 va 5-toifalarga kiritilgan tumanlarda joylashgan davlat aktivlari hamda mulk huquqi asosida sotib olingan yer uchastkalari boʻyicha toʻlovlarni, miqdoridan qatʼiy nazar, 5 yil ichida teng ulushlarda boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati yaratildi.
Shu bilan birga, “Roadshow” ishtirokchilariga Davaktiv agentligi Xorazm viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan 2023-yil davomida jami 89 ta davlat aktivlari auksion savdolariga chiqarilganligi, shundan 62 ta davlat aktivlari 70,3 mlrd.soʻm qiymatga boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan sotilganligi maʼlum qilindi. Bundan tashqari, tadbirkorlar va fuqarolar uchun 1655 ta 110,9 gektar yer uchastkalari elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarilgan boʻlib, shundan 1303 ta 43,7 gektar yer uchastkalari 31,9 mlrd.soʻmga sotilishiga erishilgan.
Hududiy boshqarma tomonidan 2024-yilning oʻtgan davrida jami 57 ta yangi davlat aktivlari auksion savdolariga chiqarilgan boʻlib, 62 ta davlat aktivlari 110,8 mlrd.soʻm qiymatga sotilishi taʼminlangan. Hozirgi kunda umumiy qiymati 170,8 mlrd.soʻm boʻlgan 43 ta davlat aktivlarining savdosi davom etmoqda.
Oʻz oʻrnida, yangi 2024-yilgi xususiylashtirish dasturiga muvofiq, Xorazm viloyatida ommaviy savdolarda sotilishi belgilangan jami 20 ta davlat va davlat ishtirokidagi xoʻjalik jamiyatlarining ulushlari hamda 65 ta koʻchmas mulk obyektlari tadbirkorlar va tadbir ishtirokchilariga yaqindan tanishtirildi.
Shuningdek, tadbir davomida qatnashchilarga “E-auksion” elektron savdo platformasidan foydalanish, savdo platformasida shaxsiy kabinet ochish, onlayn elektron imzo olish va savdolarda qatnashish uchun arizalar berish tartiblari ham nazariy, ham amaliy tushuntirildi.
Koʻtarinki ruhda va savol-javoblarga boy oʻtgan tadbir yakunida qatnashchilar va OAV vakillari tomonidan berilgan bir qator savollarga tegishli javoblar berib oʻtildi. Jumladan, maxsus sanoat zonalarida tadbirkorlarga berilgan davlat koʻchmas mulk obyektlarini xususiylashtirish imkoniyatlari va tartibi yuzasidan tadbirkor tomonidan berilgan savolga tushuntirish berildi.
Shu bilan birga, kunning ikkinchi yarmida OAV vakillari uchun Press-tur ham tashkil etilib, davlat aktivlarini sotib olgan tadbirkorlar tomonidan ushbu obyektlar negizida bajarilgan ishlar hamda sotuvga chiqarilgan davlat aktivlari joyiga chiqqan holda oʻrganildi.
Mazkur tadbir bugungi kunga qadar Fargʻona, Andijon, Namangan, Samarqand, Qashqadaryo, Navoiy, Buxoro, Sirdaryo, Jizzax viloyatlarida va Qoraqalpogʻiston Respublikasida oʻtkazildi hamda keyingi oʻrinlarda Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida oʻtkaziladi.