Ру Ўз O'z En

Yangiliklar

13 Fevral 2023

“Kvarts” AJning ustav kapitalidagi 89,78 foiz aksiyalar paketini sotish bo‘yicha kelishuvga erishildi

Tegishli xususiylashtirish dasturlariga muvofiq, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (Davaktiv agentligi) huzuridagi "UzAssets investitsiya kompaniyasi" AJ “Kvarts” AJ (keyingi oʻrinlarda – Korxona) ustav kapitalidagi 89,78 foiz aksiyalar paketini 265,0 mlrd.soʻmga “Quvasoysement” AJ (keyingi oʻrinlarda – Xaridor)ga sotish boʻyicha kelishuvga erishilganligini maʼlum qiladi.

Bunda, Xaridor tomonidan Korxonaning 47,2 mln.yevro miqdoridagi kredit majburiyatini toʻliq qoplash inobatga olingan.

Korxona aksiya paketini xususiylashtirish boʻyicha oʻtkazilgan xalqaro jarayon natijalari Davlat mulkini sotishda tender savdolarini oʻtkazish boʻyicha davlat komissiyasining tegishli qarori bilan maʼqullangan.

Bunda, “UzAssets investitsiya kompaniyasi” AJ (UzAssets) tomonidan eng maqbul takliflarni tanlab olish asosida Deloitte xalqaro konsalting kompaniyasi (keyingi oʻrinlarda – Konsultant) xususiylashtirish boʻyicha konsultant sifatida jalb etilgan va Dentons xalqaro yuridik kompaniyasi huquqiy masalalarda koʻmaklashgan.

Konsultant va UzAssets tomonidan xususiylashtirish jarayoni doirasida ham mahalliy, ham xalqaro darajada keng koʻlamli marketing ishlari amalga oshirilgan, jumladan investitsiya tizerlari konsultantning xalqaro tarmogʻi orqali turli xorijiy investorlarga (investor sounding) yuborilgan.

Natijada investorlardan sotib olish boʻyicha qiziqish toʻgʻrisidagi 3 ta talabgordan arizalar (Express of Interest) kelib tushgan. Talabgorlar xususiylashtirish jarayonida ishtirok etishini taʼqiqlashi mumkin boʻlgan maʼmuriy, hakamlik yoki boshqa sud jarayonlarining yoʻqligi hamda Yevropa Ittifoqi va AQSHning, shuningdek yirik xalqaro moliya institutlarining sanksiyalari roʻyxatiga kiritilmaganligi yuzasidan oʻrganilgan.

Bundan tashqari, Majburiyatga ega boʻlgan takliflar (BO)ni tayyorlash doirasida, sanksiyalar roʻyxatiga kiritilmaganligi yuzasidan tanlab olingan investorlarga Korxonani oʻzlari tomonidan kompleks tahlil (due diligence) oʻtkazish, shuningdek Konsultant tomonidan tayyorlangan hamda virtual maʼlumotlar xonasi (VDR)ga joylangan Korxonaning moliyaviy, soliq, huquqiy va ekologik faoliyati yuzasidan tahliliy hisobotlar bilan tanishish imkoniyati berildi.

Eng yaxshi majburiyatga ega boʻlgan taklif “Quvasoysement” AJ tomonidan taqdim etilgan va uning narx taklifi Konsultant tomonidan hisoblangan Korxonaning indikativ narxlar parametrlari oraligʻida joylashgan hamda Korxonaning baholangan qiymatidan yuqori. Shu bilan birga, Davaktiv agentligi ishonadiki, Xaridor kelajakda bozordagi raqobat kuchaygan sharoitda “Kvarts” AJ faoliyatining barqaror rivojlanishini taʼminlay oladigan hamda Korxonaning yuqori qarz yuki bilan bogʻliq masalalarni samarali hal qilishga salohiyatli boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasining yirik sanoat korxonalaridan biri hisoblanadi.

Taʼkidlash joizki, 2018-2021-yillarda 47,2 mln.yevro miqdoridagi bank kreditlari hisobiga “Kvarts” AJda yillik quvvati 22,2 mln. kvadrat metr float-oyna ishlab chiqarish boʻyicha investitsiya loyihasi amalga oshirilgan. Loyihani amalga oshirish doirasida jalb etilgan kredit mablagʻlari 2026 yil yakuniga qadar soʻndirilishi belgilangan boʻlib, Xaridor ushbu aksiyalar paketini sotib olish kelishuvi shartlarida Jamiyatning kredit majburiyatlari bilan qabul qilgan.

Maʼlumot uchun:

“Quvasoysement” AJ yuqori sifatli mineral qoʻshimchali portlandsement, tarkibida gips va ohakli birlashtiruvchi aralashmalar, qovurgʻali asbest sement listlar, keramik cherepitsalarni ishlab chiqaruvchi kompaniya hisoblanadi. Kompaniya Oʻzbekiston va Markaziy Osiyo mintaqasi bozoriga yuqori sifatli qurilish materiallarining yetakchi va yirik yetkazib beruvchilaridan biri boʻlib, Kompaniyada sifat menejmenti tizimiga qoʻyiladigan talablarni tartibga soluvchi xalqaro ISO 9001-2000 standarti joriy etilgan.

3627 Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech