Ру Ўз O'z En

Yangiliklar

31 Yanvar 2023

“Qo‘qon biokimyo” AJning ustav kapitalidagi davlat aksiyalar paketini sotish bo‘yicha kelishuvga erishildi

Tegishli xususiylashtirish dasturlariga muvofiq, Davaktiv agentligi “Qo‘qon biokimyo” AJ (keyingi o‘rinlarda - Korxona) ustav kapitalidagi 99,7 foiz davlat aksiyalar paketini 277,0 mlrd.so‘mga “First Premium Alliance” MChJ (keyingi o‘rinlarda - Xaridor)ga sotish bo‘yicha kelishuvga erishilganligini maʼlum qiladi.

Korxonani xususiylashtirish natijalari Davlat mulkini sotishda tender savdolarini o‘tkazish bo‘yicha davlat komissiyasining tegishli qarori bilan maʼqullangan.

Bunda, “UzAssets investitsiya kompaniyasi” AJ (UzAssets) tomonidan eng maqbul takliflarni tanlab olish asosida Deloitte xalqaro kompaniyasi (keyingi o‘rinlarda – Konsultant) xususiylashtirish bo‘yicha konsultant sifatida jalb etilgan va Dentons xalqaro yuridik kompaniyasi huquqiy ko‘maklashgan. Mazkur xususiylashtirish doirasida konsultantlarning faoliyatlari UzAssets tomonidan muvofiqlashtirilgan.

Konsultant, UzAssets va Davaktiv agentligi tomonidan xususiylashtirish jarayoni doirasida ham mahalliy, ham xalqaro darajada keng ko‘lamli marketing ishlari amalga oshirildi, jumladan investitsiya tizerlari konsultantning investorlar tarmog‘i orqali turli xorijiy investorlarga (investor sounding) yuborildi.

Natijada investorlardan sotib olish bo‘yicha qiziqish to‘g‘risidagi 4 ta arizalar (Express of Interest) kelib tushdi.

Talabgorlar xususiylashtirish jarayonida ishtirok etilishini taʼqiqlashi mumkin bo‘lgan maʼmuriy, hakamlik yoki boshqa sud jarayonlarining yo‘qligi hamda Yevropa Ittifoqi va AQSHning, shuningdek yirik xalqaro moliya institutlarining sanksiyalari ro‘yxatiga kiritilmaganligi yuzasidan o‘rganilgan.

Barcha talabgorlar xususiylashtirish jarayonining keyingi bosqichi – Majburiyatga ega bo‘lgan takliflar (BO)ni taqdim etish bosqichiga taklif etildi. Ushbu bosqichda talabgorlar bilan Axborotni oshkor etmaslik to‘g‘risidagi bitim (NDA) imzolanib, Konsultant tomonidan tayyorlangan Korxonaning moliyaviy, soliq, huquqiy va ekologik faoliyati yuzasidan kompleks tahlil (due diligence) hisobotlari joylangan virtual maʼlumotlar xonasi (VDR)ga kirish imkoniyati yaratildi. Shu bilan birga, barcha talabgorlarga Korxonaning boshqaruv organi bilan uchrashuvlar tashkil etish hamda Korxona bilan tanishish imkoniyati yaratildi.

Qayd etish joizki, kelib tushgan takliflar orasida kelajakda jamiyat faoliyatini barqaror rivojlanishini taʼminlay oladigan va yuqori qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan alkogol mahsulotlarini ishlab chiqarish zanjirini to‘liq davomiyligini shakllantirishga salohiyatli bo‘lgan “First Premium Alliance” MChJ qo‘yilgan talablarga to‘liq javob bergan. Shu bilan birga, Xaridorning taklifi konsultant tomonidan hisoblangan Korxonaning indikativ narxlar oralig‘ida joylashgan hamda mustaqil baholovchi tomonidan belgilangan Korxonaning baholangan qiymatidan yuqori.

Shuningdek, spirt va alkogol mahsulotlarini ishlab chiqarishda raqamli markirovkalarni joriy etilishi, “First Premium Alliance” MChJ uchun butun taʼminot zanjirini yakuniy isteʼmolchilargacha yetkazib berishni kuzatib borish va biznesni yana-da samarali boshqarish imkoniyatini yaratadi.

"First Premium Alliance" MChJ to‘g‘risida maʼlumot:

"First Premium Alliance" MChJ – alkogol mahsulotlarini ulgurji va chakana sotishga ixtisoslashgan kompaniya hisoblandi. Kompaniyada oziq-ovqat mahsulotlarining havfsizligi bo‘yicha xalqaro ISO 22000:2005 standarti joriy etilgan. Kompaniya taʼsischilari Toshkent shahrida alkogol mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi yirik zavodga ega ekanligi hamda Kompaniyaning Respublikada va MDH mamlakatlarida yirik distribyutorlik tarmoqlari mavjudligi Kompaniya tomonidan “Qo‘qon biokimyo” AJ keyingi faoliyatini rivojlantirish, qo‘shimcha infrastruktura yaratish imkoniyatini yaratadi. Bugungi kunda Kompaniya Legion, Lavini, Duty Free International Airport kabi yirik riteylik tarmoqlari bilan hamkorlikda faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.

 

2607 Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech