Ру Ўз O'z En

Yangiliklar

04 Mart 2024

“Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilindi

“Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni (2024-yil 21-fevral, OʻRQ-911) qabul qilindi.

Mazkur Qonun bilan 7 ta kodeks va 18 ta qonunlarga quyidagilarni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi. Jumladan:

1) “Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiq jismoniy shaxslarning toʻlovga qobiliyatsizligi amaliyoti joriy etilganligi munosabati bilan Jinoyat kodeksining 180, 181 va 1811-moddalariga oʻzgartirish kiritilib, soxta toʻlovga qobiliyatsizlik, toʻlovga qobiliyatsizlikni yashirganlik yoki qasddan toʻlovga qobiliyatsizlikka olib kelganlik uchun jismoniy shaxslarga nisbatan jinoiy javobgarlik belgilandi.

Shuningdek, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 1795- moddasiga oʻzgartirish kiritilib, qasddan toʻlovga qobiliyatsizlikka olib kelgan jismoniy shaxsga nisbatan maʼmuriy javobgarlik belgilandi.

2) Qonun bilan fuqarolik kodeksi 261-modda bilan toʻldirilib, unga koʻra, jismoniy shaxs pul majburiyatlari boʻyicha kreditorlarning talablarini toʻla hajmda qanoatlantirishga yoki soliqlar hamda yigʻimlar boʻyicha oʻz majburiyatlarini bajarishga qodir boʻlmasa, sud tomonidan toʻlovga qobiliyatsiz deb topilishi mumkin.

Mazkur kodeksning 48-moddasiga oʻzgartirish kiritilib, unga koʻra agar yuridik shaxsning toʻlovga qobiliyatsizligi shu yuridik shaxs uchun majburiy koʻrsatmalarni berish huquqiga ega boʻlgan muassis (ishtirokchi) sifatidagi shaxsning yoki yuridik shaxs mol-mulki mulkdorining yoxud yuridik shaxsning boshqaruv organi tarkibiga kiruvchi shaxsning yoki qarzdorning ishlarini boshqaruvchi shaxsning gʻayriqonuniy harakatlari tufayli vujudga keltirilgan boʻlsa, yuridik shaxsning mol-mulki yetarli boʻlmagan taqdirda bunday shaxs zimmasiga qonunga muvofiq uning majburiyatlari boʻyicha subsidiar javobgarlik yuklatilishi mumkin.

3) “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonunning 19-moddasi 29-qism bilan toʻldirilib, sud boshqaruvchisi toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ish jarayonida oʻz huquq va majburiyatlarini amalga oshirishi uchun daʼvo arizalar hamda boshqa arizalar bilan davlat bojini toʻlamasdan sudga murojaat qilishi huquqi berildi.

4) Soliq kodeksining 97-moddasi oʻn uchinchi qism bilan toʻldirilib, toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha sud sanatsiyasi yoki tashqi boshqaruv jarayonida yuzaga keladigan joriy soliq toʻlovlarini toʻlashni toʻxtatib turish va mazkur tartib-taomil yakunlangach soliq qarzlarini olti oy ichida teng ulushlarda boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati yaratildi.

Shuningdek, soliq kodeksining 304-moddasi 21-band bilan toʻldirilib, bankrot deb topilgan qarzdor yuridik va jismoniy shaxslarning yoki yakka tartibdagi tadbirkorning mol-mulkini sotishdan tushgan mablagʻlarining qarzni toʻlashga yoʻnaltirilgan qismini daromad sifatida hisobga olmaslik belgilandi.

5) “Advokatura toʻgʻrisida”gi Qonunning 3-moddasining 3-qismi  yettinchi xatboshi bilan toʻldirilib, fuqarolik va iqtisodiy sud ishlarini yuritishga ixtisoslashuvi boʻyicha litsenziyaga ega boʻlgan advokatlarga sud boshqaruvchisi sifatida faoliyat yuritish huquqi berildi.

6) Kodeks va qonunlardagi bankrotlik atamasi oʻrniga iqtisodiy nochor holatga tushgan tadbirkorlik subyektlarini moliyaviy sogʻlomlashtirishni nazarda tutuvchi toʻlovga qobiliyatsizlik atamasi kiritildi.

Ushbu Qonun amaldagi qonunchilik hujjatlarini “Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiqlashtirilishi va toʻlovga qobiliyatsizlik holatidagi korxonalarga nisbatan sogʻlomlashtirish taomillarini qoʻllash orqali ularning faoliyatini tiklash va istiqbolsiz korxonalarni tugatish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kirdi.

1612 Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech