Ру Ўз O'z En

Yangiliklar

20 Iyul 2024

Andijon viloyatida tadbirkorlar va ishbilarmonlar ishtirokida navbatdagi “Roadshow” taqdimoti o‘tkazildi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 19-apreldagi “Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, 247 ta korxonadagi davlat aksiya paketlari va 1028 ta koʻchmas mulk obyektlari ommaviy savdolarga chiqarilishi, shuningdek, 12 ta yirik korxonadagi davlat ulushlarining mahalliy fond bozorida birlamchi (IPO) va (yoki) ikkilamchi (SPO) ommaviy taklifi oʻtkazilishi belgilangan.

Hududlarda mazkur qaror mazmun-mohiyatini tadbirkorlar va keng jamoatchilikka tushuntirish, uning targʻibot ishlarini jadallashtirish maqsadida, joriy yilning 19-iyul kuni Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan Andijon viloyatida xususiylashtirilishi belgilangan davlat aktivlari, jumladan, korxonalardagi davlat ulushlari, boʻsh turgan davlat mulki obyektlari va sotilishi belgilangan yer uchastkalari toʻgʻrisida navbatdagi “Roadshow” taqdimoti oʻtkazildi.

Ushbu tadbirda 400 nafardan ziyod tadbirkorlar va ishbilarmonlar, mahalliy hokimliklar hamda viloyatdagi yirik korxonalarning vakillari ishtirok etdi.

Taqdimot Davaktiv agentligi direktori oʻrinbosari Alisher Miraliyev, Davaktiv agentligining Andijon viloyati hududiy boshqarmasi boshligʻi Otabek Alimjanov hamda viloyat hokimi o‘rinbosari Ergashali Abdujalilov boshchiligida boʻlib oʻtdi.

Tadbirda A.Miraliyev so‘zga chiqib, so‘ngi yillarda mamlakatimizda xususiylashtirish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish, tadbirkorlikni rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash yuzasidan keskin islohotlar amalga oshirilib, tadbirkorlar uchun bir qator yangilik va qulayliklar yaratilganligini ta’kidlab o‘tdi. Xususan:

  • Davlat aktivlari 3 oyda sotilmaganda (Toshkent shahri va viloyat markazlari bundan mustasno) ularning boshlangʻich bahosining 10 foizigacha bosqichma-bosqich pasaytirilishi belgilandi;
  • 2024-yil 1-yanvargacha ijara shartnomalari asosida ijaraga olganiga kamida 5-yil boʻlgan va majburiyatlarni bajargan tadbirkorlarga xususiylashtirish dasturlariga kirgan davlat mulkini baholangan qiymatda toʻgʻridan-toʻgʻri sotib olish huquqi berildi;
  • Tadbirkorlik uchun auksion savdolariga chiqarilgan yer uchastkalari (viloyat markazlari bundan mustasno) 3 oy davomida sotilmaganda boshlangʻich qiymatining 30 foizigacha, 6 oy davomida sotilmaganda 10 foizigacha bosqichma-bosqich 10 foizdan pasaytirilishi, sotib olish toʻlovlarining 15 foizini uch oy muddatda qolgan qismini 10-yilgacha muddatda boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati yaratildi;
  • Davlat mulki sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan boʻsh yer uchastkalariga nisbatan tuman (shahar) hokimliklarining qarzdorliklari boʻyicha taqiqlar tatbiq etilmaydi, ushbu yer uchastkalari auksion savdolarida sotilganda, xaridorlarga toʻsiqlarsiz rasmiylashtirib beriladi;
  • Ixtisoslashuvi hamda kichik biznes uchun mavjud sharoitdan kelib chiqib 4 va 5-toifalarga kiritilgan tumanlarda joylashgan davlat aktivlari hamda mulk huquqi asosida sotib olingan yer uchastkalari boʻyicha toʻlovlarni, miqdoridan qatʼiy nazar, 5-yil ichida teng ulushlarda boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati yaratildi.

Shu bilan birga, “Roadshow” ishtirokchilariga Davaktiv agentligi Andijon viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan 2023-yilgi xususiylashtirish dasturlariga muvofiq jami 113 ta davlat aktivlari auksion savdolariga chiqarilganligi, shundan 75 ta davlat aktivlari 103,6 mlrd.soʻm qiymatga boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan sotilganligi maʼlum qilindi. Bundan tashqari, tadbirkorlar va fuqarolar uchun 1380 ta 136,3 gektar yer uchastkalari elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarilgan boʻlib, shundan 297 ta 44,8 gektar yer uchastkalari 15,2 mlrd.soʻmga sotilishiga erishilgan.

Hududiy boshqarma tomonidan 2024-yilning oʻtgan davrida jami 103 ta davlat aktivlari auksion savdolariga chiqarilgan bo‘lib, shundan 48 ta davlat aktivlari 150,0 mlrd.soʻm qiymatga sotilishi taʼminlangan. Hozirgi kunda umumiy qiymati 51,9 mlrd.soʻm boʻlgan 55 ta davlat aktivlarining savdosi davom etmoqda.

Oʻz oʻrnida, yangi 2024-yilgi xususiylashtirish dasturiga muvofiq, Andijon viloyatida ommaviy savdolarda sotilishi belgilangan jami 109 ta davlat va davlat ishtirokidagi xoʻjalik jamiyatlarining aktivlari, shundan 90 ta koʻchmas mulk obyektlari tadbirkorlar va tadbir ishtirokchilariga yaqindan tanishtirildi.

Shuningdek, tadbir davomida qatnashchilarga “E-auksion” elektron savdo platformasidan foydalanish, savdo platformasida shaxsiy kabinet ochish, onlayn elektron imzo olish va savdolarda qatnashish uchun arizalar berish tartiblari ham nazariy, ham amaliy tushuntirildi.

Koʻtarinki ruhda va savol-javoblarga boy oʻtgan tadbir yakunida qatnashchilar va OAV vakillari tomonidan berilgan bir qator savollarga tegishli javoblar berib oʻtildi, jumladan mahalliy tadbirkorlarning bir qator takliflari qabul qilindi.

Shu bilan birga, kunning ikkinchi yarmida OAV vakillari uchun Press-tur ham tashkil etilib, hududda xususiylashtirilishi belgilangan davlat aktivlari joyiga chiqqan holda oʻrganildi.

Mazkur tadbir keyingi oʻrinlarda respublikaning barcha viloyatlarida va Qoraqalpogʻiston Respublikasida oʻtkaziladi.

393 Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech