Ру Ўз O'z En

Yangiliklar

11 Avgust 2022

"CHINOZ NEFTNI QAYTA ISHLASH ZAVODI" MCHJni xususiylashtirish bo‘yicha professional konsalting kompaniyasini jalb qilish to‘g‘risida eʼlon

O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (keyingi o‘rinlarda - Davaktiv agentligi/Buyurtmachi) tegishli xususiylashtirish dasturlariga muvofiq, “Chinoz neftni qayta ishlash zavodi” MChJ ustav kapitalidagi 100,0% ulushi (keyingi o‘rinlarda - Аktiv)ni  xususiylashtirish bo‘yicha professional konsalting kompaniyasi (keyingi o‘rinlarda - Konsultant) tanlab olinishi yuzasidan tanlov eʼlon qiladi.

Barcha qiziqish bildirgan talabgorlardan Taklif taqdim etish uchun so‘rovnomaga (RfP) asosan tijorat takliflarini joriy yil 27 avgust kuni soat 18:00 (Toshkent vaqti bilan)ga qadar taqdim etishlarini so‘raymiz.

Аgar, birgalikda qo‘shma tijorat taklifi taqdim etilsa, jalb qilingan sherik-konsultantning ham ishini muvofiqlashtirish uchun masʼul bo‘lgan va javobgarlikni zimmasiga oladigan asosiy konsultant ko‘rsatilishi lozim.

Barcha manfaatdor tomonlar quyidagi axborot kanallari orqali tijorat takliflarini taqdim etishlari so‘raladi (kodlangan holda):

Vohidjon Tojiyev, O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligining Yirik davlat aktivlarini transfarmatsiya qilish va xususiylashritirish departamenti boshlig‘i o'rinbosari;

эл.почта: tender@davaktiv.uz;

тел.: + 998-71-259-20-91.

Konsultantlarning vakillari bilan Bitim bo‘yicha ishlar yaqin hamkorlikda, zarur hollarda esa Аktivda qo‘shimcha loyiha guruhini tuzish orqali amalga oshirilishi mumkinligi maʼlum qilinadi.

Diskleymer:

Mazkur so‘rovnoma tijorat taklifini taqdim etish majburiyati hisoblanmaydi va Buyurtmachiga taklifni qabul qilish yoki shartnoma tuzish majburiyatini yuklamaydi. Shunga ko‘ra, takliflar uchun ushbu so‘rovni eʼlon qilish va/yoki u bilan bog‘liq arizalarni olish, bir yoki bir nechta ishtirokchilar bilan muzokaralar va muhokamalar orqali shartnoma tuzishni nazarda tutmaydi.

Ushbu hujjatda keltirilgan materiallar va maʼlumotlar loyihaning faqat eng muhim tomonlarining dastlabki xulosasi va Konsultantdan xususiylashtirish bo‘yicha kutilishi mumkin boʼlgan ishlar hajmi toʼgʼrisida umumiy maʼlumot sifatida xizmat qilishiga mo‘ljallangan.

Buyurtmachi sotish jarayoni bo‘yicha, shu jumladan, ularning tavsiyalari asosida qaror qabul qilish huquqini o‘zida saqlab qoladi.

“Chinoz neftni qayta ishlash zavodi” MChJni xususiylashtirish bo‘yicha konsultantni jalb qilish yuzasidan taklif taqdim etish uchun so‘rovnoma (RfP)

Kirish

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 18 martdagi PQ-168-son qaroriga muvofiq, “Chinoz neftni qayta ishlash zavodi” MChJni ustav kapitalidagi 100% davlat ulushini xususiylashtirish (keyingi oʼrinlarda - Bitim) belgilangan.

Sotish jarayonlari neftni qayta ishlash sohasi va individual xususiyatlaridan kelib chiqib hamda O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi talablari doirasida, eng maqbul xorijiy tajriba asosida tashkil etilishi lozim. Qonun hujjatlariga hamda Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari (MHXS)ga asosan tayyorlangan moliyaviy hisobotga muvofiq, Buyurtmachi to‘g‘ri qaror qabul qilishi uchun Аktivni mustaqil baholash ishlarini amalga oshiradi.

Аktiv to‘g‘risida qisqacha maʼlumot

“Chinoz neftni qayta ishlash zavodi” MChJ – asosiy vazifasi neftni qayta ishlab benzin, kerosin, mazut, dizel yoqilg‘isi va moylarga aylantirishni tashkil etishdan iborat. Ushbu sanoat korxonasi yiliga 117,0 ming tonnadan ziyod uglevodorod xomashyosini qayta ishlash imkonini beruvchi zamonaviy texnologik uskunalar bilan jihozlangan. Korxona “Chinoz neftni qayta ishlash zavodi” MChJ savdo belgisi ostida faoliyat yuritadi.

Korxonaning Markaziy ofisi Toshkent viloyati, Chinoz tumani, Oxunboboyev ko‘chasi, 125-uyda joylashgan. Korxona 2016 yil 11 avgust kuni faoliyatini boshlagan. Ustav fondi – 102,0 mlrd. so’mni tashkil etadi.

Konsultantlardan kutilayotgan takliflar tuzilmasi va ularga qo‘yiladigan talablar

Neft sanoati sohasida tegishli bilim va tajribaga ega bo'lgan maslahatchiga ustunlik beriladi.

Konsultantning taklifi (individual ariza beruvchi yoki konsorsium) o‘zbek yoki rus/ingliz tillarida tayyorlanishi hamda quyidagi maʼlumotlarni oʼz ichiga olishi lozim:

a) Аktivni xususiylashtirish jarayonini tashkillashtirish boʼyicha konsultantning kelgusidagi harakatlar ketma-ketligini va ish koʼlamini oʼz ichiga olgan rejasi. Konsultantning tavsiyalari va takliflariga qisqa vaqt ichida tegishli javob berilgan taqdirda, xususiylashtirish jarayonning davomiyligi boʼyicha xulosasi (10 ballgacha);

b) Shu toifadagi aktivlar doirasida tuzilgan bitimlar yuzasidan konsultantlarning ish tajribasi toʼgʼrisidagi maʼlumotlar, shuningdek, 2017 yil 1 yanvar kunidan boshlab hozirgi davrga qadar MDH mintaqasidagi mandatlar toʼgʼrisida maʼlumot (35 ballgacha);

v) Loyihani amalga oshirishdan kelib chiqib, Bitimni amalga oshirish yuzasidan ishlarni tashkil etish boʼyicha taklif. Taklif etilgan bitimga jalb qilingan jamoa haqida maʼlumot, shaxslarning (jismoniy va yuridik) ismlari va ular haqidagi maʼlumotlar: ish tajribasi, faoliyat muddati, bitimlar tuzish boʼyicha umumiy tajriba va ularni amalga oshirish boʼyicha malakasi. Jamoa aʼzolarining oʼzbek tilini bilishi inobatga olinadi (15 ballgacha);

g) Tijorat taklifi ikki qismdan iborat (40 ballgacha):

Xizmat haqining qatʼiy qismi yagona raqam shaklida (QQS va boshqa xarajatlar bilan birga) boʼlishi va konsultantning subyektiv taxminlaridan holi bo‘lishi lozim;

Taklif etilgan haq miqdori ishlab chiqilgan savdo strategiyasiga bog‘liq va Buyurtmachi taklifning muvaffaqiyati uchun (“success fee”) mutanosib haq to‘lashni taʼminlaydigan takliflarga ustunlik beradi;

Аgar xizmat haqi narxlar oraligʼida berilgan bo‘lsa, unda taklifni baholash uchun uning yuqori chegarasi qabul qilinadi. Qoʼshimcha joriy xarajatlar (xizmat safari, tarjima va boshqalar uchun) belgilangan qatʼiy qismiga kiritilishi kerak;

d) Qoʼyilgan vazifalarni bajarish uchun yetarli salohiyat va vakolatga egaligi, shuningdek, inson, vaqt va moddiy resurslarning mavjudligi to‘g‘risida yozma ariza;

e) Manfaatlar to‘qnashuvi mavjudligi haqida maʼlumot. Maslahatchi ushbu savdoga jalb qilingan taqdirda ziddiyatlar olib kelishi mumkin bo‘lgan hollarda potentsial bitim bo‘yicha salohiyatga ega ekanligini ko‘rsatish.

Xususiylashtirish bo‘yicha konsultantdan kutilayotgan ishlar hajmi:

I. Neftni qayta ishlash bozorini tahlil qilish:

O‘zbekistonda va mintaqada sohani rivojlantirishdagi sharoitlarni va bozor tahlili, soha korxonalarini rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar;

boshqa (jumladan, qoʼshni) davlatlarda mazkur sohada amalga oshirilgan xususiylashtirish tajribasi tahlili, ushbu turdagi aktivning xususiylashtirishdagi muvaffaqiyatsizliklarining asosiy sabablari, kelgusida sohani rivojlantirish va muvaffaqiyatli xususiylashtirishni taʼminlovchi omillar.

II. Аktiv tahlili:

Аktivning tavsifi, uning bozor va raqobatdagi o‘rni;

xatarlar (risk)ning tahlili: investor tahliliga muvofiq aktivni xatarga qo‘yadigan potentsial yo‘nalish va ehtimollarni aniqlash va bunday bitimlarning muvoffaqiyatsizligiga sabab bo‘ladigan eng keng tarqalgan sabablarni oʼrganish. Аniqlangan xatarlarni kamaytirish borasida chora-tadbirlarni belgilash to‘g‘risida tavsiyalar berish;

yuridik ekspertizadan o‘tkazish, jumladan, quyidagi masalalarda:

intellektual faoliyatning obyektiv ifodalangan natijalariga va ularga tenglashtirilgan individuallashtirish vositalariga, shu jumladan tovar belgisiga, bozor brendlariga va intellektual mulkning boshqa jihatlariga egalik huquqini belgilash;

tadbirkorlik faoliyati natijasi bo‘yicha asoslangan huquqiy manbalarini va mulkdan foydalanish bilan bog‘liq boshqa xo‘jalik faoliyatlari bo‘yicha asoslarni aniqlash va xulosa berish;

shuningdek, mol-mulkni yaratish, ko‘paytirish, bitimlar asosida qo‘lga kiritish, meros qilib qoldirish, Аktiv foydasiga yoki uchinchi shaxs mulkiga egalik qilish huquqini vujudga keltirish muddati, uchinchi shaxslar foydasiga Аktivning mol-mulkiga boʼlgan mulkiy huquqlar bo‘yicha belgilangan cheklovlar;

yuklanish, shuningdek, qarzlarni undirish va majburiy ijro etish bo‘yicha ko‘rilgan choralar;

mehnat va antimonopoliya qonunlariga, atrof-muhitni muhofaza qilish to‘g‘risidagi nizomlarga rioya qilish holati.

III. Aktivni sotishdan oldin tayyorlash bo‘yicha maslahatlar: 

Aktivning investitsiya jozibadorligini oshirish, eng ilg‘or amaliyotlar va o‘xshash (analog) aktivlarning tahlili asosida tuzilma va boshqaruvni takomillashtirish bo‘yicha takliflar;

Aktivning har tomonlama (soliq, huquqiy, moliyaviy va ekologik) chuqur tahlilini o‘tkazish (due diligence);

optimal marketing strategiyasi bo‘yicha tavsiyalar, marketing materiallarini tayyorlash (tizer, info-memorandum, jarayon holati bo‘yicha xat va boshqalar) va investorlar o‘rtasida axborot materiallarini tarqatish;

jamoatchilik bilan aloqalar o‘rnatish bo‘yicha tavsiyalar taqdimoti, ularning savollariga javoblar;

baholash uslubini to‘g‘ri tanlash va ularning investorlar uchun dolzarbligini belgilash, narx diapazoni bo‘yicha tavsiyalarni taqdim etish;

investor nuqtai nazaridan baholashga ta'sir etuvchi asosiy omillar, asosiy ko‘rsatkichlar va taxminlarni aniqlash;

loyiha doirasida boshqa malakali konsultantlarni jalb etish (zarur bo‘lgan hollarda) va ularning ishini muvofiqlashtirish.

IV. Bitim jarayoniga hamrohlik qilish:

Aktivni xususiylashtirishga qaratilgan barcha choralarni ko‘rish, virtual ma'lumotlar xonasi (VDR)ni tashkil etish;

salohiyatli talabgorlar bilan aloqalarni muvofiqlashtirish, shu jumladan, ularning savollariga javoblar berish;

barcha zarur hujjatlarni, jumladan, oldi-sotdi shartnoma loyihasini (o‘zbek tiliga tarjimasi bilan, kerak bo‘lsa rus va ingliz tillarida ham) tayyorlash bilan birga sotish jarayonida hamrohlik qilish;

Bitimni e'lon qilish va yopishni tashkillashtirish.

(1) Agar ariza konsorsium tomonidan taqdim etilgan taqdirda, konsorsium boyicha kelishuvni taqdim etish, shuningdek, muvofiqlashtiruvchi asosiy maslahatchini (odatda konsorsium rahbari deb ataladi) ko‘rsatish lozim. Ushbu holatda, xizmatlarning umumiy qiymati ko'rsatilishi kerak.

(2) Аgar konsultantlarning takliflari “a”, “b” va “v” bandlarida ko‘rsatilgan talablardan kelib chiqib 30 balldan kam baholansa,  “g” bandida nazarda tutilgan baholash balli qollanilmaydi.

 

5104 Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech