Ру Ўз O'z En

Yangiliklar

22 May 2020

Davaktiv agentligida "Korrupsiya va uning oqibatlari" mavzusida seminar o'tkazildi

Joriy yil 21-may kuni korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari, korrupsiya holatlarini barvaqt aniqlash va oldini olish, ularning sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish, manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻymaslik hamda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish toʻgʻrisida tushunchaga ega boʻlish maqsadida Davaktiv agentligida Bosh prokuratura bilan hamkorlikda "Korrupsiya va uning oqibatlari" mavzusida seminar tashkil etildi. Mazkur seminarda Davaktiv agentligining markaziy apparati, hududiy boshqarmalari (Zoom orqali) va tizim tashkilotlari ishtirok etishdi.

Seminarda Davaktiv agentligi direktorining oʻrinbosari M.Kadirov soʻzga chiqib, korrupsiyaga qarshi kurashish zamonaviy dunyoda bugungi kunning eng dolzarb muammolaridan biri boʻlib qolayotganligi, 2023-yil yakunlari boʻyicha korrupsiyaning dunyo miqyosidagi zarari qariyb 3 trillion AQSH dollarini tashkil qilganligi, ammo korrupsiya natijasida jamiyat koʻradigan maʼnaviy zararning koʻlamini hech narsa bilan oʻlchab boʻlmasligi to'g'risida alohida toʻxtalib oʻtdi.

Oʻz navbatida, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 21-fevraldagi PF-37-son Farmoni bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston-2030” strategiyasining har bir insonga oʻz salohiyatini roʻyobga chiqarish uchun munosib sharoitlar yaratish yoʻnalishi boʻyicha 2024-yilga moʻljallangan amaliy tadbirlar rejasida korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish tizimining samaradorligini oshirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish ishlarini jadal davom ettirish ushbu strategiyaning maqsadlaridan biri etib belgilab berilganligini taʼkidladi.

Shu bilan birga, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi boshqarma katta prokurori N.Sharipov korrupsiya va uning oqibatlari, korrupsiyani sodir etgan shaxslarga nisbatan qoʻllanilgan jazo choralari hamda ushbu shaxslarning jamiyatda tutgan oʻrniga bagʻishlangan keng qamrovli tushuntirish berib oʻtdi.

2023-yilda xalqaro “Transparency International” tashkilotining Korrupsiyani qabul qilish indeksida Oʻzbekiston 121-oʻringa koʻtarilib, 7 yil davomida barqaror oʻsishga erishib kelayotganligi, ushbu sohada prokuratura organlari tomonidan 394 951 nafar fuqaroning buzilgan huquqlari tiklanganligi, davlat organlarining 45 514 ta qonunga zid hujjatlariga protest kiritilganligi, 8 284 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatilganligi, tekshirishlar va dastlabki tergov davomida 2 trln. soʻm zarar undirilganligi haqida toʻxtalib oʻtdi.

Shuningdek, N.Sharipov soʻzini davom ettirib, oʻtgan yili Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Birlashgan millatlar tashkilotining Giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan Korrupsiya qarshi kurashuvchi huquqni muhofaza qiluvchi organlarning global operativ tarmogʻiga (Global Network) qoʻshilganligini bildirib oʻtdi. Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining korrupsiyaga oid jinoyatlar bilan bogʻliq moddalar va ularda belgilangan jazo hamda sanksiyalar haqida maʼlumot berdi.

Seminar davomida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javoblar olishdi hamda seminar tashkilotchilari va Bosh prokuratura xodimlariga o‘z minnatdorchiliklarini bildirib qo‘yishdi.

173 Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech