Ру Ўз O'z En

Yangiliklar

01 Noyabr 2022

Davlat ishtirokidagi korxonalarni boshqarish va isloh qilish strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan Davaktiv agentligining departamenti boshlig‘i S.Qurbonaliev ishtirokidagi brifing

Brifing matni:

Davlat ishtirokidagi korxonalarni boshqarish va isloh qilish Strategiyasi ilg‘or xorijiy tajribaga asosan ishlab chiqilib, Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan.

Strategiyaning asosiy maqsadlari sifatida quyidagilarni ta'kidlab o‘tish mumkin:

  • Korxonalarni boshqarish va isloh qilishga oid qonunchilikni takomillashtirish;
  • Davlat ishtirokidagi korxonalar sonini muttasil qisqartirib borish;
  • Korxonalarda korporativ boshqaruvning zamonaviy uslublarini joriy etish va ular faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta'minlash.

Ushbu maqsadlarga erishish uchun Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan quyidagi ishlar amalga oshirildi:

1) Strategiya talablaridan kelib chiqib, tegishli qonunchilik normalari muvofiqlashtirildi.

2) “Davlat mulkini boshqarish to‘g‘risida”gi Qonuni Oliy Majlis Senati tomonidan ma'qullandi, “Xususiylashtirish to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi Qonunchilik palatasi muhokamasiga kiritildi.

3) Davlat ishtirokidagi korxonalarning rahbarlari va kuzatuv kengashi a'zoligiga nomzodlarni shakllantirish tartibi ishlab chiqildi.

4) Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va Hukumatning qarorlari doirasida 500 dan ortiq davlat korxonalarni xususiylashtirish va qariyb 600 ta korxonani qayta tashkil etish va tugatish belgilandi.

Natijada, 2021 yilda davlat ishtirokidagi korxonalar sonini 30 foizga qisqartirishga erishildi.

Bugungi kunda, Strategiyada belgilangan “sot yoki tushuntir” tamoyili asosida 2 mingdan ortiq korxonalar xatlovdan o‘tkazilib, ularni sotish, qayta tashkil etish va tugatish bo‘yicha takliflar tayyorlandi.

Bu boradagi ishlarni davom ettirgan holda, 2025 yilgacha davlat ishtirokidagi korxonalar sonini 75 foizga qisqartirish ko‘zda tutilmoqda.

Buning uchun, tegishli asoslarsiz davlat ishtirokida yangi korxonalarni tashkil etishga yo‘l qo‘yilmaydi, faoliyat yuritayotgan davlat unitar korxonalari esa bosqichma-bosqich xususiylashtiriladi yoki tugatiladi.

5) Strategiya normalarini amaliyotga tatbiq etish, jumladan yirik korxonalarga nisbatan tijorat va notijorat maqsadlarni aniqlash, dividend siyosati va ahloq kodeksini ishlab chiqish uchun Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ko‘magida 5 ta xalqaro va mahalliy kompaniyalar jalb etilib, bu borada ishlar boshlab yuborildi.

6) Davlat ishtirokidagi korxonalor va xususiy sektorga teng sharoitlar yaratish maqsadida davlat korxonalariga eksklyuziv imtiyozlar va davlat kafolatlarini taqdim etish amaliyoti bekor qilinadi.

7) Korxonalar boshqaruv organlariga malakali mutaxassislarni jalb etish maqsadida Kuzatuv kengashi mustaqil a'zolari uyushmasi tashkil qilindi.

Bugungi kunda 54 ta davlat korxonalarining kuzatuv kengashlariga 71 nafar mustaqil a'zolar jalb etilgan.

Ushbu ishlarni davom ettirish uchun Jahon banki bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tanlovlarga ko‘ra, maxsus xalqaro miqyosdagi kompaniya jalb etildi.

Ta'kidlash joizki, joriy yildan boshlab, korxona rahbarlari va kuzatuv kengashi a'zolarining vakolati muddati uch yilgacha uzaytirildi – oldin bir yil edi.

Bunda, korxona rahbarlarining faoliyati – KPI natijalariga hamda Kuzatuv kengashlari a'zolari faoliyati korporativ boshqaruv holatiga qarab baholanadi, natijasi yuzasidan ular bilan mehnat shartnomasini uzaytirish masalasi ko‘rib chiqiladi.

8) Ichki nazorat tizimini mustahkamlash maqsadida, 120 dan ortiq korxonalarda kuzatuv kengashi qoshida audit qo‘mitasi tashkil etildi.

9) Hozirda, “Ernst & Young” kompaniyasi bilan hamkorlikda ta korxona (“O‘zmetkombinat” AJ, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ)da tavakkalchilikni boshqarish tizimi tatbiq etilmoqda.

10) Shaffoflik va ma'lumotni oshkor qilish borasida amalga oshirilgan ishlarga to‘xtalib o‘tsak, ilk bor korxonalarning faoliyati natijadorligi va davlat mulkidan foydalanish holati to‘g‘risidagi yig‘ma hisobot shakllantirilib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Vazirlar Mahkamasiga taqdim etildi.

Bundan tashqari, korxonalar faoliyatining ochiqligi va hisobdorligini ta'minlash uchun ularning veb-saytlarida ma'lumotlar to‘liqligi va aktualligini monitoring qilish tizimi yo‘lga qo‘yildi.

Ushbu tadbirlarning barchasi – davlat organlari hamda korxonalarning jamoatchilik oldidagi hisobdorligini oshirish va ochiqlikni ta'minlashga xizmat qiladi.

11) Shuningdek, joriy yilning 26 oktyabr kuni Strategiya talablaridan kelib 8 ta normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalarni kiritishni nazarda tutuvchi Hukumat qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra:

- davlat unitar korxonalarida kuzatuv kengashini tashkil etilishi;

ichki audit xizmatini tanlov asosida saylanishi;

- korxonalarda korporativ boshqaruv tizimini baholash bo‘yicha savolnoma Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan tasdiqlanishi belgilandi.

Shu bilan birga, korxonalar tomonidan majburiy oshkor etilishi lozim bo‘lgan ma'lumotlar ro‘yxati kengaytirildi, davlatning maxsus huquqi “oltin aksiya” bekor qilindi.

Bu boradagi ishlar Agentlik tomonidan davom ettiriladi.

E'tiboringiz uchun rahmat!

1766 Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech