Ру Ўз O'z En

Yangiliklar

20 Iyun 2024

“Uz-Dongju Peint Kompani” MChJ QK ustav kapitalidagi 50,0 foiz davlat ulushini xususiylashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi

Tegishli xususiylashtirish dasturlariga muvofiq, Davaktiv agentligi “Uz-Dongju Peint Kompani” MChJ QK (keyingi oʻrinlarda - Korxona) ustav kapitalidagi 50,0 foiz davlat ulushini professional konsultantni jalb etgan holda muzokaralarga ommaviy ravishda taklif qilish yoʻli bilan tashkillashtirilgan xususiylashtirish natijalari boʻyicha 24 mlrd.soʻm sotib olish toʻlovi, 5 mln.AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritish hamda yangi 200 ta ish oʻrinlari yaratish shartlari bilan “COMFORT ENGINEERING GROUP” MChJ (keyingi oʻrinlarda - Xaridor) savdo gʻolibi deb topilganligini maʼlum qiladi.

Ushbu jarayonga Resolut va Dentons xalqaro kompaniyalari (keyingi oʻrinlarda – Konsultant) xususiylashtirish boʻyicha konsultant sifatida jalb etilgan.

Konsultant tomonidan xususiylashtirish jarayoni doirasida ham mahalliy, ham xalqaro darajada keng koʻlamli marketing ishlari amalga oshirildi, jumladan investitsiya tizerlari salohiyatli investorlarga (investor sounding) yuborildi.

Natijada investorlardan sotib olish boʻyicha qiziqish toʻgʻrisidagi 8 ta arizalar (Express of Interest) kelib tushdi.

Talabgorlar toʻlovga qobiliyatlilik, xususiylashtirish jarayonida ishtirok etilishini taqiqlashi mumkin boʻlgan maʼmuriy, hakamlik yoki boshqa sud jarayonlarining yoʻqligi hamda Yevropa Ittifoqi va AQSHning, shuningdek yirik xalqaro moliya institutlarining sanksiyalari roʻyxatiga kiritilmaganligi yuzasidan oʻrganilgan.

Talabgorlarning 4 tasi xususiylashtirish jarayonining keyingi bosqichi – Majburiyatga ega boʻlgan takliflar (BO)ni taqdim etish bosqichiga o‘tdi.

Ushbu bosqichda talabgorlar bilan Axborotni oshkor etmaslik toʻgʻrisidagi bitim (NDA) imzolanib, Konsultant tomonidan tayyorlangan Korxonaning moliyaviy, soliq, huquqiy va ekologik faoliyati yuzasidan kompleks tahlil (due diligence) hisobotlari joylangan virtual maʼlumotlar xonasi (VDR)ga kirish imkoniyati yaratildi. Shu bilan birga, barcha talabgorlarga Korxonaning boshqaruv organi bilan uchrashuvlar tashkil etish hamda Korxona bilan tanishish imkoniyati yaratildi.

Qayd etish joizki, kelajakda Korxona faoliyatini barqaror rivojlanishini taʼminlay oladigan va ishlab chiqarish jarayonlarini toʻliq davomiyligini shakllantirishga salohiyatli boʻlgan “COMFORT ENGINEERING GROUP” MChJ kelib tushgan takliflar orasida eng yuqori narx taklifini bildirgan hamda qoʻyilgan talablarga toʻliq javob bergan.

Shu bilan birga, Xaridorning taklifi xalqaro konsultant tomonidan hisoblangan Korxonaning indikativ narxlar oraligʻining yuqori qismida joylashgan hamda Korxonaning baholangan qiymatidan yuqori.

Bundan tashqari, Xaridor Korxonaning faoliyat turini saqlab qolish bilan bir qatorda, u tomonidan mahalliy avtomobil sanoati uchun ishlab chiqariladigan mahsulotlarni "General Motors" standartlariga hamda "OEM" talablariga muvofiqligini taʼminlash boʻyicha "Oʻzavtosanoat" AJ bilan yaqin hamkorlikda faoliyatini davom ettirish majburiyatini olgan.

Korxonani xususiylashtirish natijalari Davlat aktivlarini xususiylashtirish va xususiylashtirish jarayonlarini muvofiqlashtirish davlat komissiyasining tegishli qarori bilan maʼqullangan.

Maʼlumot uchun: “COMFORT ENGINEERING GROUP” MChJ – 2009-yilda tashkil topilgan boʻlib, avtomobil sanoati uchun ehtiyot qismlarni yetkazib berish va yordamchi detallar ishlab chiqarish sohasida koʻp yillik tajribaga ega boʻlgan korxona.

1142 Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech