Ру Ўз O'z En

Yangiliklar

10 Mart 2023

O‘zbekiston Respublikasining “Davlat mulkini boshqarish to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-oktyabrdagi PF-6096-son Farmoni va 2021-2025-yillarda davlat ishtirokidagi korxonalarni boshqarish va isloh qilish strategiyasi doirasida Davaktiv agentligi tomonidan ishlab chiqilgan Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat mulkini boshqarish toʻgʻrisida”gi Qonuni qabul qilinib, ijroga kiritildi (2023-yil 9 mart, OʻRQ-821).

Qonunni ishlab chiqishda ushbu sohaga oid xalqaro tajriba, xususan, Xalqaro moliya tashkilotlari ekspertlari va boshqa bir qator malakali horijiy maslahatchilar takliflari inobatga olingan.

Qonunning maqsadi – davlat mulkini boshqarish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

Qonunda quyidagi asosiy normalar nazarda tutilgan:

1) davlat mulkini boshqarish sohasida davlat siyosatining yoʻnalishlari;

2) davlat mulkini boshqarish prinsiplari: bunda muhim prinsiplardan biri sifatida davlat korxonalari va nodavlat tashkilotlari yuridik shaxslariga teng shart-sharoitlar yaratish hamda davlat korxonalariga qoʻshimcha imtiyozlar va preferensiyalar berilmasligi belgilab qoʻyildi;

3) davlat mulkining toifalanishi: endilikda, davlat mulki respublika va munitsipal mulkka toifalanadi;

4) xususiylashtirilmaydigan davlat mulki obyektlari roʻyxati tasdiqlandi (jumladan, yer osti boyliklari, suv omborlari, oʻsimlik va hayvonot dunyosi, shuningdek xiyobonlar va botanika bogʻlari va boshqalar);

5) davlat mulkini boshqarish subyektlari etib, Vazirlar Mahkamasi, Davaktiv agentligi, maxsus vakolatli davlat organlari, davlat muassasalari, shu jumladan davlat organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari va ularning vakolatlari belgilanmoqda;

Davaktiv agentligi davlat mulkini boshqarish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirishi belgilab qoʻyildi.

6) davlat mulkiga egalik qilish va undan foydalanishning asosiy qoidalari belgilanmoqda: davlat mulkiga biriktirilgan shaxslar, egalik qilish, undan oqilona va samarali foydalanish, ehtiyotkorlik bilan munosabatda boʻlish, uning yaxlitligi va but saqlanishini taʼminlash uchun masʼul etib belgilanmoqda;

7) davlat mulkidan foydalanish qoidalari va davlat mulkini boshqarish samaradorligini baholash tartibi ishlab chiqiladi. Bunda, ortiqcha, foydalanilmagan yoki maqsadga muvofiq foydalanilmagan mulk qaytarib olinadi;

8) davlat ishtirokidagi korxonalarni tashkil etishga faqat davlat mulkiga egalik qilish mezonlariga muvofiq boʻlgan taqdirda yoʻl qoʻyiladi;

9) davlat ishtirokidagi korxonalarda korporativ boshqaruvni joriy etishning asosiy yoʻnalishlari belgilanmoqda:

  • davlat ishtirokidagi korxonalar rahbarlariga ularning faoliyati samaradorligiga qarab, kuzatuv kengashiga esa, korxonalardagi korporativ boshqaruv tizimi natijalariga qarab baho beriladi. Kuzatuv kengashi tomonidan rahbarning hisobotlari, jumladan xaridlar toʻgʻrisidagi hisobotlari har chorakda kamida bir marta koʻrib chiqiladi;
  • korxonalarda kuzatuv kengashining aʼzolariga haq toʻlash mexanizmi korporativ boshqaruv tizimining baholash natijalariga bogʻliq holda ishlab chiqiladi;

10) kuzatuv kengashlari va ijroiya organlari aʼzolarining javobgarligi sugʻurta qilinishi belgilandi;

11) kuzatuv kengashi aʼzolarining korxona manfaatlarini koʻzlab harakat qilishi va qonunga muvofiq javobgar boʻlishi belgilandi;

12) davlat mulkiga egalik qilish mezonlariga muvofiq boʻlmagan davlat unitar korxonasi va davlat muassasasi xoʻjalik jamiyati etib (AJ, MChJ) oʻzgartiriladi;

13) davlat mulki reestri yagona markazlashtirilgan elektron axborot maʼlumotlar bazasi shaklida yuritiladi;

14) davlat mulkidan foydalanish samaradorligini baholashni joriy qilish hamda davlat mulkini boshqarishda hisobdorlik, shaffoflik va maʼlumotlarni oshkor qilish talablari belgilandi.

Davlat mulkini boshqarish samaradorligi boʻyicha Davaktiv agentligi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga bir yilda kamida bir marta, soʻrovlar boʻyicha esa, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga hisobot berib boradi.

Davlat mulkini boshqaruvchi barcha tashkilotlar tomonidan maʼlumotlar oshkor etiladi va davlat mulkini boshqarish samaradorligi toʻgʻrisidagi yigʻma hisobot Davaktiv agentligi saytida joylashtiriladi.

15) davlat mulkiga egalik qilish mezonlariga muvofiq har yili 1 oktyabrga qadar realizatsiya qilinadigan korxonalar roʻyxati tasdiqlanadi;

Tabiiy monopoliya, norentabel sohalar, xususiylashtirilmaydigan obyektlar, strategik manfaat va aholi xavfsizligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilangan obyektlar saqlab qolinadi.

16) mulkdor huquqini Davaktiv agentligiga yoki tartibga solish vazifalarini boshqa davlat organlariga oʻtkazish orqali mulkdor va tartibga solish vazifalari ajratiladi;

Bugungi kunda korxonalar 61 ta vazirlik va idoralar tomonidan boshqarilmoqda.

Ushbu Qonunning qabul qilinishi davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini kamaytirishga, davlat mulkini boshqarish sohasini yanada takomillashtirishga hamda bu sohada davlat va mahalliy davlat hokimiyati organlarining masʼuliyati va vakolatlarini aniq belgilash, davlat mulkini boshqarish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Eslatib oʻtamiz, ushbu Qonun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik Palatasi tomonidan 2022-yil 15-mart kuni qabul qilinib, Oliy Majlis Senati tomonidan 2022-yil 13-iyunda maʼqullangan.

4031 Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech