Ру Ўз O'z En

Yangiliklar

09 Dekabr 2020

VAZIRLAR MAHKAMASINING DAVLAT IShTIROKIDAGI KORXONALAR IJRO ETUVChI ORGANI FAOLIYaTI SAMARADORLIGINI BAHOLASh TIZIMINI TAKOMILLAShTIRISh BO‘YIChA QARORI QABUL QILINDI

Davlat ishtirokidagi korxonalar ijro etuvchi organi faoliyati samaradorligini baholash, ularning mas’uliyatini oshirish va monitoring tizimini yo‘lga qo‘yish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 79-moddasiga muvofiq jamiyatning direktoriga, boshqaruv a’zolariga to‘lanadigan haq miqdori jamiyat faoliyatining samaradorligiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liq bo‘lishi va shartnomada belgilanishi nazarda tutilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (keyingi o‘rinlarda – Agentlik), Moliya vazirligi hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining davlat ishtirokidagi korxonalarda ijro etuvchi organ faoliyatining samaradorligini baholashning takomillashtirilgan tizimini joriy etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
3. Belgilansinki:
davlat ishtirokidagi korxonalarda ijro etuvchi organ faoliyati samaradorligi natijalari Agentlik rasmiy veb-saytida joylashtirilmagan yoki ularning faoliyati qoniqarsiz yoxud past darajada deb e’tirof etilgan taqdirda, ijro etuvchi organ a’zolari rag‘batlantirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi;
davlat ishtirokidagi korxonalar, shu jumladan, tijorat banklari ijro etuvchi organining yil yakunlari bo‘yicha faoliyati samaradorligi yuqori baholangan taqdirda, ularga korxonaning tegishli boshqaruv organi qaroriga asosan olingan sof foydaning besh foizigacha bo‘lgan miqdorda, belgilangan tartibda bir yo‘la to‘lanadigan bonus berilishi mumkin.
To‘langan bonus miqdori to‘g‘risidagi axborot to‘lov amalga oshirilgan sanadan boshlab ikki kun muddatda davlat ishtirokidagi korxonalar rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.     

4. Agentlik:a) O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda energiya sig‘imi va energiya samaradorligiga oid boshqa indikatorlarni ishlab chiqsin, ularni hisoblash qoidalari va normativ ko‘rsatkichlarini tasdiqlasin;
b) O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi, Davlat statistika qo‘mitasi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda:
bir oy muddatda davlat ishtirokidagi korxonalar va ularning tizimidagi yuridik shaxslar to‘g‘risidagi ma’umotlarni, shu jumladan, buxgalteriya balansi va moliyaviy natijalar to‘g‘risidagi hisobotlarni Agentlikning “Davlat mulki” axborot tizimiga kiritish ishlarini yakuniga yetkazsin;
ikki oy muddatda davlat ishtirokidagi korxonalar uchun ularning faoliyati samaradorligining muhim ko‘rsatkichlariga oid ma’lumotlar onlayn tarzda “Davlat mulki” axborot tizimiga kiritilishini nazarda tutuvchi dasturiy ta’minot ishlab chiqilishini ta’minlasin;
2021 yil 1 fevralga qadar davlat ishtirokidagi korxonalarning iqtisodiyotdagi ulushini, ularni yalpi ichki mahsulot, eksport hajmlari, asosiy kapitalga investitsiyalar shakllanishi, ishlab chiqarishdagi va aholi bandligidagi ulushlarini hisoblash va har chorak yakuni bo‘yicha monitoring olib borish tizimini yo‘lga qo‘ysin;
2021 yil 1 martga qadar davlat ishtirokidagi korxonalarning investitsiya loyihalari, ularni amalga oshirish natijasida tashkil etiladigan ish o‘rinlari va boshqa ma’lumotlar “Davlat mulki” axborot tizimiga avtomatik tarzda integratsiya qilinishini yo‘lga qo‘ysin;
v) uch oy muddatda davlat ishtirokidagi korxonalarning ijro etuvchi organi faoliyati samaradorligi natijalarini joylashtirish uchun qulay bo‘lgan, uning natijalarini hududlar va tarmoqlar bo‘yicha, foydalanuvchilar uchun qulay shaklda ko‘rish, tegishli samaradorlikning muhim ko‘rsatkichlarini avtomatik tarzda hisoblab chiqish va boshqa funksiyalarni aks ettiruvchi yangi modulni “Davlat mulki” axborot tizimiga kiritsin. Ushbu tizimdagi ommaviy oshkor qilinadigan ma’lumotlar, shu jumladan, samaradorlikning muhim ko‘rsatkichlari bajarilishi to‘g‘risidagi yig‘ma ma’lumotlar, Agentlikning rasmiy veb-saytida avtomatik tarzda dinamik yangilanuvchan kontent shaklida chop etilishini ta’minlasin;
g) 2021 yil 1 martga qadar davlat ishtirokidagi korxonalar tomonidan ilg‘or xalqaro tajriba va standartlar asosida korxona faoliyati davomiyligini (business continuity) ta’minlashga qaratilgan xujjatlar va ko‘rsatkichlar ishlab chiqilishi va ularning vakolatli boshqaruv organlari tomonidan tasdiqlanishini tashkil etsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari – iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri J.A. Qo‘chqorov va O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori S.X. Bekenov zimmasiga yuklansin.

1310 Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech