Ру Ўз O'z En

Yangiliklar

12 Iyul 2023

Xalqaro tajriba asosida Davlat ishtirokidagi korxonalar uchun korporativ boshqaruv qoidalari va namunaviy Axloq kodeksi ishlab chiqildi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-martdagi PQ-101-son qarori hamda “2021—2025-yillarda davlat ishtirokidagi korxonalarni boshqarish va isloh qilish strategiyasi”ga muvofiq, Davaktiv agentligi tomonidan yangilangan Davlat ishtirokidagi korxonalar uchun korporativ boshqaruv qoidalari, namunaviy Axloq kodeksi hamda uning ajralmas qismi sifatida Korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati, Manfaatlar toʻqnashuvini boshqarish siyosati va Qoidabuzarliklar haqida xabardor qilish siyosati ishlab chiqildi. Mazkur hujjatlar Osiyo taraqqiyot banki hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ishtirokida ishlab chiqildi.

Ushbu hujjatlarda korxonalar va boshqaruv organlarining faoliyati samaradorligini oshirish, manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish maqsadida quyidagi normalar kiritildi:

I. Davlat ishtirokidagi korxonalar uchun korporativ boshqaruv qoidalarida:

  • davlat ishtirokidagi korxonalarda barcha aksiyadorlar (ishtirokchilar) huquqlarini teng taʼminlash, minoritar aksiyadorlar huquqlarini himoya qilish;
  • davlat ishtirokidagi korxonalarning barcha manfaatdor tomonlar, shu jumladan xodimlar, kreditorlar, mijozlar, etkazib beruvchilar va boshqalar oldidagi majburiyatlarini oshirish;
  • korxonalarda ichki nazorat tizimini takomillashtirish, tavakkalchilikni boshqarish va ichki nazorat tizimini samarali tashkil etish maqsadida COSO (The Committee of Sponsoring Organizations of the Treadway Commission) modeliga asoslangan integratsiyalashgan nazorat tizimini joriy etish;
  • korxonalarning SWOT tahlillarini yoritishda ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash, korxonalarni boshqarishda kuzatuv kengashi va ijro organini masʼuliyatini oshirish, korporativ qoidalarga amal qilish monitoringini yuritish.

II. Axloq kodeksi hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati, Manfaatlar toʻqnashuvini boshqarish siyosati va Qoidabuzarliklar haqida xabardor qilish siyosatida:

  • davlat ishtirokidagi korxonalar xodimlarining axloqiy meʼyorlari, axloqiy meʼyorlarning asosiy tamoyillari, korrupsiyaga qarshi siyosatning amalga oshirish, yetkazib beruvchilar va biznes hamkorlar bilan munosabatlarda axloqiy meʼyorlar;
  • manfaatlar toʻqnashuvining yuzaga kelishi, uning oqibatlarining oldini olish va bartaraf etish, manfaatlar toʻqnashuvining yuzaga kelishi mumkin boʻlgan omillarni aniqlash, sodir etilgan manfaatlar toʻqnuvlarining reyestrini yuritish;
  • ahloqiy meʼyorlarning buzilishi toʻgʻrisida xabar berish majburiyatlari, xabar berganlarni himoyalash kafolatlari, meʼyorlarni buzgan shaxslarning javobgarligi.

Mazkur hujjatlar Davaktiv agentligining 2023-yil 23-iyundagi 145-son buyrugʻi bilan tasdiqlandi va grafikka asosan 62 ta korxonalarga boshqaruv organlari vakolatlari doirasida koʻrib chiqish va joriy etish yuzasidan koʻrsatmalar yuborildi.

 

1987 Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech