Ру Ўз O'z En

Yangiliklar

28 Mart 2023

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan Davlat aktivlarini boshqarish agentligining faoliyati yanada takomillashtiriladi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-yanvardagi “Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyishga doir birinchi navbatdagi tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF–14-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori imzolandi.

1. Unga koʻra:

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi faoliyatining ustuvor yoʻnalishlari;

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tizimi tashkilotlarini qayta tashkil qilish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi;

Davlat aktivlarini boshqarish agentligining tashkiliy tuzilmasi ;

Davlat aktivlarini boshqarish sohasida islohotlarni chuqurlashtirish va tizim faoliyatini transformatsiya qilish boʻyicha “yoʻl xaritasi”;

Davlat mulki” axborot tizimiga integratsiya qilinadigan vazirlik va idoralarning axborot tizimlari roʻyxati tasdiqlandi.

2. 2023-yil 1-maydan boshlab, davlat mulki hisobini yuritish, uning toʻliqligi va toʻgʻriligini taʼminlashning quyidagi tartibi joriy qilinadi:

Respublika mulki boʻlgan davlat koʻchmas mulklari va davlat aksiya paketlari (ulushlari) Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga oʻtkaziladi, bundan Strategik islohotlar agentligi, Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasiga tegishli ulushlar hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlarida nazarda tutilgan hollar mustasno;

davlat muassasalari va davlat ishtirokidagi korxonalarni tashkil etish, shuningdek, davlat ulushining vujudga kelishi va miqdorining oʻzgarishi bilan bogʻliq taʼsis hujjatlariga kiritiladigan oʻzgartirishlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish Davaktiv agentligining tegishli buyrugʻi mavjud boʻlganda amalga oshiriladi;

davlat koʻchmas mulk obyekti va boʻsh yer uchastkalari negizida amalga oshiriladigan davlat-xususiy sheriklik loyihalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar davlat sherigi tomonidan tegishli bitim tuzilgandan soʻng oʻn kun muddatdaDavlat mulki” axborot tizimiga kiritiladi;

vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlarining davlat koʻchmas mulki negizida investitsiya loyihalarini amalga oshirish va ularni begonalashtirish hamda davlat ishtirokidagi korxonalar va ular tizimidagi korxonalarga uchinchi shaxslar tomonidan investitsiya kiritishga oid kelishuvlari (bitim, shartnoma, memorandumlar) boʻyicha majburiy tartibda Davlat aktivlarini boshqarish agentligining xulosasi olinadi.

3.  2023-yil 1-iyuldan boshlab davlat ishtirokidagi korxonalarda zamonaviy korporativ boshqaruv tizimini joriy qilish, ularning faoliyat samaradorligini oshirish va dividend siyosatini takomillashtirish maqsadida:

davlat ishtirokidagi korxonalarning rahbari va uning oʻrinbosarlarini tayinlash (saylash) tanlov asosida amalga oshiriladi, bundan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlarida nazarda tutilgan hollar mustasno;

davlat ishtirokidagi korxonalarning faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarida belgilangan maʼlumotDavlat mulki” axborot tizimiga oʻz vaqtida taqdim etilmaganda ularning ijroiya organi rahbarlari ragʻbatlantirilishiga yoʻl qoʻyilmaydi;

davlat ulushi boʻyicha dividend miqdori korxonaning investitsiya loyihalari, biznes-reja koʻrsatkichlari va moliyaviy holatidan kelib chiqqan holda davlat ishtirokidagi korxonalarning davlat ulushi boʻyicha saylangan kuzatuv kengashi aʼzolari tomonidan Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan kelishilgan holda aksiyadorlar (ishtirokchilar) umumiy yigʻilishiga tavsiya etiladi.

4. 2023-yil 1-iyuldan boshlab, davlat organlari va muassasalari, davlat ishtirokidagi korxonalar maʼmuriy binolaridan xodimlar uchun belgilangan meʼyordan kelib chiqib, samarali foydalanish tartibi joriy etilsin.

Bunda, davlat organlari va muassasalari, davlat ishtirokidagi korxonalarning maʼmuriy binolarida tijorat tashkilotlarini “nolstavkada yoki toʻgʻridan-toʻgʻri joylashtirishga yoʻl qoʻyilmaydi, mazkur binolarning boʻsh maydonlari ijaraga berish uchun elektron onlayn-auksion savdolariga chiqariladi va ijara shartnomalari soliq organlarining “E-ijara” elektron tizimida roʻyxatdan oʻtkaziladi. 

5. Davlat aktivlari, ularni boshqarish va xususiylashtirish toʻgʻrisida jamoatchilikni xabardor qilishning quyidagi yangi tizimi joriy qilinadi:

davlat koʻchmas mulk obyektlari, davlat ulushi, davlat unitar korxonalari va davlat muassasalari hamda ularga tegishli avtotransport vositalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Davlat aktivlarini boshqarish agentligining rasmiy veb-saytida real vaqt rejimida eʼlon qilinadi, qonunchilikda belgilangan hollar bundan mustasno;

davlat ishtirokidagi korxonalarning iqtisodiyotdagi oʻrni va ulushi, moliyaviy natijalari, biznes-reja koʻrsatkichlari bajarilishi va boshqa muhim axborotlarni oʻz ichiga oluvchi davlat ishtirokidagi korxonalarning yigʻma hisoboti har yili 1-avgustga qadar Davlat aktivlarini boshqarish agentligining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi;

2023-yil 1-oktyabrgacha “Davlat mulki obyektlari bilan savdolarni oʻtkazish toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni joylashtirish portali” yaratiladi, unda barcha davlat mulki obyektlarini savdoga chiqarish va uning natijalari toʻgʻrisidagi axborotlar joylashtiriladi hamda ushbu tizim soliq organlarining axborot tizimiga integratsiya qilinadi.

6. “E-auksion” elektron savdo platformasida:

xususiy mulkdorlar buyurtmasiga asosan ularning mulklarini soddalashtirilgan tartib va muddatlarda sotish boʻyicha savdolar oʻtkaziladi;

2023-yil 1-sentyabrdan boshlab davlat ishtirokidagi korxonalarning boʻsh pul mablagʻlarini depozitga joylashtirish boʻyicha tijorat banklari oʻrtasida foiz oshib borish tarzida bank kapitali yetarliligi, bank kapitalining uning majburiyatlariga nisbati, likvidlilik koeffitsiyenti kabi shartlarni nazarda tutgan holda auksion savdolari oʻtkaziladi.

1919 Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech