Ру Ўз O'z En

Yangiliklar

06 Dekabr 2023

8-dekabr - Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuniga bagʻishlangan tadbir

Barchamizga maʼlumki 8-dekabr - Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun. Joriy yilning 30-aprel kuni boʻlib oʻtgan umumhalq referendumida xalqimiz oʻzining yuksak siyosiy ongi, huquqiy madaniyati va dunyoqarashini namoyon etib, yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini qabul qildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kunini munosib kutib olish va yuksak saviyada nishonlash maqsadida Davlat aktivlarini boshqarish agentligida direktor oʻrinbosari M.Kadirov boshchiligida tadbir boʻlib oʻtdi. Unda Toshkent davlat yuridik universiteti kafedrasi professori, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yurist Esanova Zamira Normurotovna va shu kafedra mudiri, yuridik fanlar nomzodi Xabibullayev Davlatjon Yulchiboyevich oʻz maʼruzasi bilan ishtirok etdilar.

Ma'ruzachilar yangilangan Konstitutsiya mazmun-mohiyati va “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasining asosiy ustuvor yoʻnalishlari doirasida belgilangan tub islohotlar toʻgʻrisida soʻz olib borishdi. Shuningdek, Davaktiv agentligi xodimlari soʻnggi yillarda iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy-maʼnaviy hayotning turli sohalarida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar va bu borada erishilayotgan natijalarni mustahkamlashda yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning oʻrni va roli bilan tanishdi.

Bundan tashqari “Konstitutsiya – xalqchil davlat, barqaror taraqqiyot va farovon hayot asosi!” degan hayotiy shiorning mohiyati va ahamiyati, yangi tahrirdagi Konstitutsiya asosida inson huquq va erkinliklari sohasida mutlaqo yangi bosqichga oʻtilganligi ochib berildi. Shuningdek, mulkiy huquqlarning ishonchli himoyasini taʼminlash, ushbu huquqlarni cheklayotgan omillarni bartaraf etish, sogʻliqni saqlash, ilm-fan, madaniyat, sanʼat va sport sohalarini rivojlantirish, nuroniylar, xotin-qizlar va yoshlarga doimiy eʼtibor va gʻamxoʻrlik koʻrsatish, oila, onalik, bolalik va otalikni himoya qilish boʻyicha amalga oshirilayotgan islohotlarning ahamiyati keng yoritib berildi.

Tadbir soʻngida Davaktiv agentligi markaziy apparat hamda tizim tashkilotlari xodimlari oʻzini qiziqtirgan barcha savollariga toʻliq javob oldi.

1730 Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech