Ру Ўз O'z En

Yangiliklar

16 Sentyabr 2022

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Davlat ishtirokidagi korxonalar natijadorligi to‘g‘risidagi yig‘ma hisobotini Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga taqdim qildi

Oshkoralik va hisobdorlikning ilg‘or standartlari davlat korxonalari samaradorligi va qiymatini oshirish hamda investisiyalarni jalb etishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Shu bois, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 6 iyuldagi PF-6257-son Farmoni bilan tasdiqlangan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2021-2022 yillarga mo‘ljallangan Davlat dasturi va Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 29 martdagi 166-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat ishtirokidagi korxonalarni boshqarish va isloh qilish strategiyasida Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga har yili davlat ishtirokidagi korxonalarning faoliyati natijadorligi va davlat mulkidan foydalanish holati to‘g‘risidagi hisobotni Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga taqdim etish amaliyotini joriy etish topshirilgan.

Shunga ko‘ra, joriy yilning 15 sentyabr kuni Davlat aktivlarini boshqarish agentligining Davlat ishtirokidagi korxonalarning 2021 yildagi faoliyati natijadorligi va davlat mulkidan foydalanish holati to‘g‘risidagi ilk yig‘ma hisoboti Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasida eshitildi.

Ta'kidlash joizki, yig‘ma hisobot shakli Xalqaro moliya institutlari (Evropa tiklanish va taraqqiyot banki, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki) va horijiy ekspertlar bilan hamkorlikda korporativ boshqaruvning ilg‘or xalqaro tajribasiga, xususan Shvesiya, Norvegiya, Finlyandiya, Yangi Zelandiya, Latviya davlatlarining hisobotlariga asoslangan holda ishlab chiqilgan.

Hisobot davlat korxonalari to‘g‘risidagi yillik jamlangan ma'lumot bo‘lib, ularning boshqaruv tuzilmasi, faoliyati natijalari, moliyaviy rivojlanishi va hisobot yilidagi muhim voqealar to‘g‘risidagi ma'lumotlarni qamrab olgan. Shuningdek, davlat ishtirokidagi korxonalar haqidagi ma'lumotlardan tashqari, umuman Davaktiv agentligi faoliyati, davlat mulkini boshqarish va xususiylashtirish jarayonlari haqidagi muhim ma'lumotlar yoritilgan.

Xususan, 2022 yil 1 yanvar holatiga davlat ishtirokidagi korxonalar soni 2 144 tani tashkil qilgan, shundan 231 tasi aksiyadorlik jamiyati, 871 tasi mas'uliyati cheklangan jamiyat, 1 042 tasi davlat unitar korxonasi shaklida, bularga 72 ta vazirlik va idora egalik qilgan.

2021 yilda korxonalarning jami daromadlari 287,5 trln. so‘mni tashkil qilib, 32,1 trln.so‘m sof foyda ko‘rgan, shu bilan birga 335 ta korxona o‘z faoliyatini 8,9 trln.so‘m zarar bilan yakunlagan. Korxonalar tomonidan davlat byudjetiga 52,7 trln. so‘m soliq va 13,9 trln. so‘m dividend (ajratma) to‘langan bo‘lib, davlat byudjeti daromadining 40,5 foizini tashkil qilgan.

Davlat ishtirokidagi korxonalarda jami 575,6 ming nafar xodim faoliyat yuritib, ular jami band aholining 4,2 foizini tashkil qildi.

Shu bilan birga, hisobotda Davlat ishtirokidagi korxonalarni boshqarish va isloh qilish Strategiyasi bilan belgilangan topshiriqlar ijrosi to‘g‘risida ma'lumotlar keltirilgan.

Davlat ishtirokidagi korxonalarning faoliyati natijadorligi va davlat mulkidan foydalanish holati to‘g‘risidagi yig‘ma hisobot har yili Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga taqdim etib boriladi.

2182 Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech