Ру Ўз O'z En

Yangiliklar

28 Dekabr 2024

“Uz-Koram Kompani” MChJ ustav kapitalidagi davlat ulushini xususiylashtirish boʻyicha kelishuvga erishildi

Avval maʼlum qilinganidek, tegishli xususiylashtirish dasturlariga muvofiq, Davaktiv agentligi tomonidan Portfolio Investments konsalting kompaniyasini xususiylashtirish boʻyicha konsultant sifatida jalb qilgan holda Uz-Koram Kompani” MChJ (keyingi oʻrinlarda - Korxona) ustav kapitalidagi 100 foiz davlat ulushini sotish boʻyicha ochiq savdo jarayonlari boshlangan.

Xususiylashtirish jarayoni doirasida, Konsultant tomonidan keng qamrovli marketing ishlari amalga oshirildi, jumladan, investitsiya tizerlari salohiyatli investorlarga yuborildi. Natijada, Yevropa, Gʻarbiy va Janubi-Sharqiy Osiyo hamda MDH davlatlaridagi 5 nafar xalqaro va mahalliy investorlar tomonidan sotib olish boʻyicha qiziqish bildirish toʻgʻrisidagi arizalar (Expression of Interest) Konsultantga kelib tushdi.

Shu oʻrinda, Konsultant tomonidan mazkur bosqichda avvaldan belgilangan mezonlarga muvofiq boʻlgan 4 nafar talabgor xususiylashtirish jarayonining keyingi – Majburiyatga ega boʻlgan takliflar (BO)ni taqdim etish bosqichida ishtirok etish uchun taklif qilindi, shuningdek 1 nafar talabgor ushbu bosqichda belgilangan mezonlarga muvofiq hujjatlarni taqdim etmaganligi va aktivni sotib olish uchun moliyaviy resurslarining yetarliligi keltirilmaganligi sababli jarayonning navbatdagi bosqichiga oʻtkazilmadi.

Ushbu bosqichda, talabgorlar bilan Axborotni oshkor etmaslik toʻgʻrisidagi bitim (NDA) imzolanib, Konsultant tomonidan tayyorlangan Korxonaning moliyaviy, soliq, huquqiy va ekologik faoliyati yuzasidan kompleks tahlil (due diligence) hisobotlari joylashtirilgan virtual maʼlumotlar xonasi (VDR)ga kirish va Korxonaning boshqaruv organi bilan uchrashish imkoniyati yaratildi.

Belgilangan muddatlarda 2 nafar talabgor tomonidan Majburiyatga ega boʻlgan takliflar (BO) taqdim qilingan.

Natijada, Korxonani sotib olish uchun eng yuqori narx taklifini bildirgan “Centrum Aviation FZCO” (Birlashgan Arab Amirliklari) kompaniyasi 24 mln. AQSh dollari miqdorida sotib olish toʻlovini toʻlash sharti bilan savdo gʻolibi deb topildi.

Shuningdek, Xaridorning taklifi Konsultant tomonidan hisoblangan Korxonaning indikativ narxlar oraligʻining yuqori qismida joylashgan hamda Korxonaning baholangan qiymatidan yuqori.

Shu bilan birga, Korxonaning asosiy faoliyat turini 10 yildan kam boʻlmagan muddat davomida saqlab qolish, mahsulotlarning litsenziati boʻlgan “General Motors” kompaniyasi (AQSH) tomonidan tasdiqlangan yetkazib beruvchi bilan texnik qoʻllab-quvvatlash boʻyicha litsenziya kelishuvlariga va “General Motors” texnologiyalari bilan bogʻliq texnologik jihozlardan foydalanish yuzasidagi "Bosh Alyans" kelishuvida oʻrnatilgan talablar va tegishli cheklovlarga qatʼiy rioya qilish kabi shartlar Xaridor tomonidan qabul qilingan.

Korxonani xususiylashtirish natijalari Davlat aktivlarini xususiylashtirish va xususiylashtirish jarayonlarini muvofiqlashtirish davlat komissiyasining tegishli qarori bilan maʼqullangan.

Maʼlumot uchun: “Centrum Aviation FZCO” Centrum Holding tarkibida tashkil etilgan. Asosiy faoliyati havo yuk tashish va aviatsiya savdosida brokerlik xizmatlarini koʻrsatish, havo kemalarini ijaraga berishdan iborat. “Centrum Air” brendi ostida Oʻzbekistonda avia xizmatlarini koʻrsatadi.

 

4347 Chop etish