Ру Ўз O'z En

Yangiliklar

05 Avgust 2023

"Davlat mulkini boshqarish toʻgʻrisida"gi Qonunga muvofiq tayyorlangan Davlat ishtirokidagi korxonalarning faoliyati natijadorligi va davlat mulkidan foydalanish holati toʻgʻrisidagi yigʻma hisobot

Oshkoralik va hisobdorlikning ilgʻor standartlari davlat ishtirokidagi korxonalar samaradorligi va qiymatini oshirish, ular faoliyatining ochiqligi va shaffofligini taʼminlash hamda investitsiyaviy jozibadorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Shu bois, Oʻzbekiston Respublikasining "Davlat mulkini boshqarish to'g'risida"gi Qonuni,  Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 6-iyuldagi PF-6257-son Farmoni, 2023-yil 24-martdagi PQ-101-son Qarori, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 29-martdagi 166-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat ishtirokidagi korxonalarni boshqarish va isloh qilish strategiyasiga muvofiq, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan har yili Davlat ishtirokidagi korxonalarning faoliyati natijadorligi va davlat mulkidan foydalanish holati toʻgʻrisidagi yigʻma hisobotni oshkor etish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi.

-Yigʻma hisobotni yuklab olish uchun ushbu havolaga bosing-

Davlat ishtirokidagi korxonalarning 2022-yildagi faoliyati natijadorligi va davlat mulkidan foydalanish holati toʻgʻrisidagi yigʻma hisobot shakli Xalqaro moliya institutlari (Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki) va horijiy ekspertlar bilan hamkorlikda korporativ boshqaruvning ilgʻor xalqaro tajribasiga, xususan Shvetsiya, Norvegiya, Finlyandiya, Yangi Zelandiya, Latviya davlatlarining hisobotlariga asoslangan holda ishlab chiqilgan.

Ushbu hujjat davlat ishtirokidagi korxonalar toʻgʻrisidagi yillik jamlangan maʼlumot boʻlib, ularning boshqaruv tuzilmasi, faoliyati natijalari, moliyaviy rivojlanishi va hisobot yilidagi muhim voqealar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni qamrab olgan. Shuningdek, yigʻma hisobotda davlat ishtirokidagi korxonalar haqidagi maʼlumotlardan tashqari, Davaktiv agentligi faoliyati, davlat mulkini boshqarish va xususiylashtirish jarayonlari, korxonalarni boshqarish va isloh qilish strategiyasi ijrosi va boshqa muhim masalalar haqidagi maʼlumotlar yoritilgan.

Xususan, hisobot yilida 1 375 ta davlat aktivlari 11,3 trln. soʻmga (oʻtgan davrga nisbatan 1,6 barobar ortiq) sotilib, 6,6 trln. soʻmlik tushum taʼminlandi.

Masalan, “Fargʻona neftni qayta ishlash zavodi” MCHJ (1,1 trln soʻm), “Hayatt Regency Tashkent” mehmonxonasi (970 mlrd soʻm), “UzAuto TRAILER” MCHJ (561 mlrd soʻm) kabi davlat aktivlari salohiyatli investorlarga sotildi.

Davlat ishtirokidagi korxonalar soni 2023-yil 1-yanvar holatiga 2 340 tani tashkil etib, shundan 224 tasi aksiyadorlik jamiyatlari, 1 219 tasi masʼuliyati cheklangan jamiyat va 897 tasi davlat unitar korxonalari hisoblanadi, bularda aksiyador (ishtirokchi, muassis) funksiyaari 82 ta vazirlik va idoralar tomonidan amalga oshirilgan.

Umuman olganda, iqtisodiyotdagi davlat ulushini qisqartirishga qaratilgan islohotlar boshlanganidan buyon davlat ishtirokidagi korxonalar soni 3 mingtadan 2022-yilda yakunida qariyb 1 362 taga yoki 45 foizga kamaytirishga erishildi (123 tasi sotilgan, 578 tasi tugatilgan, 661 tasi qayta tashkil etilgan, ustav kapitaliga berilgan va h.k.). Shu bilan birga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumati qarorlari doirasida davlat ishtirokidagi korxonalarga tegishli aktivlarni keyinchalik xususiylashtirish maqsadida Davaktiv agentligiga oʻtkazish boʻyicha ishlar davom etmoqda.

Maʼlumot tariqasida, 2022-yilda korxonalarning jami daromadlari 360,2 trln. soʻmni tashkil qilib, 41,1 trln. soʻm sof foyda koʻrgan, shu bilan birga 439 ta korxona oʻz faoliyatini 13,2 trln. soʻm zarar bilan yakunlagan. Korxonalar tomonidan davlat byudjetiga 58,2 trln. soʻm soliqlar va 22,2 trln. soʻm dividend (ajratma) toʻlangan boʻlib, davlat byudjeti daromadining 39,4 foizini tashkil qilgan.

Davlat ishtirokidagi korxonalarda jami 547,3 ming nafar xodimlar faoliyat yuritib, ular jami band aholining 3,9 foizini tashkil qilgan.

1203 Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech