Ру Ўз O'z En

Yangiliklar

25 Iyun 2024

“Poytaxt bank” AJning 100 foiz aksiyalar paketini xususiylashtirish yuzasidan kelishuvga erishildi

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (keyingi oʻrinlarda – Davaktiv agentligi) “Poytaxt bank” AJ ustav kapitalidagi 100 foiz aksiyalar paketini Birlashgan Arab Amirliklarining Bond Investments limited LLC kompaniyasi (keyingi oʻrinlarda  – Investor)ga 10,0 mln. AQSh dollari miqdordagi sotib olish toʻlovini biryoʻla amalga oshirish sharti bilan sotish boʻyicha kelishuvga erishilganligini maʼlum qiladi.

Avval xabar berilganidek, mazkur bank davlat ulushini ommaviy savdo jarayoni natijasida “Ekspobank” AJ (Rossiya Federatsiyasi) bilan tegishli kelishuv imzolangan edi. Biroq, xalqaro munosabatlarda yuzaga kelgan vaziyat sababli Ekspobank tomonidan amaldagi kelishuv shartlarini bajarish imkoniyati mavjud emasligi inobatga olinib uni oʻzaro kelishuvga asosan bekor qilingan.

Shundan soʻng, Davaktiv agentligi va xususiylashtirish jarayoniga jalb etilgan xalqaro professional konsultant “Deloitte” tomonidan strategik investorlardan takliflarni qabul qilish ishlari davom ettirildi.

Jarayon davomidaBond Investments limited LLC kompaniyasi tomonidan taqdim etilgan taklif avvalgi talabgorlarning bildirgan sotib olish qiymatidan hamda mustaqil baholovchi (“KPMG” xalqaro kompaniyasi) tomonidan baholangan qiymatdan yuqori boʻlgan tijorat taklifi hisoblanadi.

Mazkur jarayon konsultant “Deloitte” tomonidan muvofiqlashtirilgan va oldi-sotdi shartnomasi loyihasi tayyorlangan, konsultant tomonidanBond Investments limited LLC kompaniyasi hamda unga tegishli shaxslaridan hech biri Yevropa Ittifoqi, AQSh, shuningdek yirik xalqaro moliya institutlarining ochiq sanksiyalari roʻyxatiga kiritilmaganligi oʻrganilgan.

Investor Birlashgan Arab Amirliklarining yuqori surʼatlarda rivojlanayotgan investitsiya kompaniyalaridan biri boʻlib, Das Holding LLC” kompaniyasi guruhi tarkibida faoliyat yuritadi. Xolding guruhi yaqin Sharq va butun dunyodagi diversifikatsiyalangan biznes sohalarida faoliyat yurituvchi kompaniyalardan iborat. Taʼkidlash lozimki, Xolding guruhi BAAda islomiy va raqamli bankni oʻz ichiga olgan muvaffaqiyatli banklarni tashkil etish va ularning faoliyatini yuritish tajribasiga ega. Ushbu tajriba Oʻzbekiston bank sektorida tatbiq etishga xizmat qiladi.

Investor tomonidan ushbu bank negizida eng zamonaviy mobil va raqamli moliyaviy texnologiyalarni joriy qilgan bank infratuzilmasini yaratish rejalashtirilgan.

Taʼkidlash joizki, Bitimni huquqiy jihatdan toʻliq yakunlash uchun Investor tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining “Poytaxt bank” AJ aksiyalarini sotib olishga doir dastlabki ruxsatnomasini olish talab etiladi.

2114 Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech