Ру Ўз O'z En

Yangiliklar

25 Oktyabr 2024

“Xalqchil IPO” dasturi doirasida “OʻzRTXB” aksiyalarini ommaviy joylashtirish jarayoni toʻgʻrisida axborot

Davaktiv agentligining joriy yil 26-sentabrdagi “Xalqchil IPO” dasturi doirasida “OʻzRTXB” AJning aksiyalarini ommaviy joylashtirish boʻyicha OAVda bergan eʼloniga muvofiq quyidagilar maʼlum qilinadi.

Davaktiv agentligi tomonidan “KPMG” xalqaro kompaniyasi bilan birgalikda “OʻzRTXB” AJ aksiyalarini ommaviy joylashtirishni tashkil etish uchun eng maqbul takliflar asosida “KAP DEPO” investitsiya kompaniyasi (“Kapital-Depozit” MChJ, “Satori Capital” MChJ va “Satori IB Group” MChJ anderrayterlar konsorsiumi) anderrayter sifatida jalb etildi.

Mahalliy investorlarning buyurtmalarini qabul qilish “Toshkent” RFB savdo maydonchasida amalda boʻlgan usullarga qoʻshimcha ravishda, “E-auksion” elektron savdo platformasi (ipo.e-auksion.uz) va uning mobil ilovasi, shuningdek “KAP DEPO” kompaniyasining GoInvest ilovasi hamda Jett servisi (Multicard, Zoomrad, MyUztelecom, DavrMobile ilovalari) va uning app.jett.uz veb-terminali orqali onlayn xarid qilish imkoniyatlari yaratildi.

Shuningdek, “OʻzRTXB” AJ aksiyalarini ommaviy joylashtirish jarayonida raqobat muhitini taʼminlash va jamoatchilik qamrovini kengaytirish maqsadida qoʻshimcha ravishda 10 dan ortiq – “Mulk sarmoya brokerlik uyi” AJ, “Freedom Finance” MChJ, “Alkes Research” MChJ, “Alp Omad Invest” MChJ, “Premium Finance” MChJ, “Qoraqalpogʻiston vaqt” MChJ, “Dalal Standart” MChJ, “Leader Finance Capital” MChJ, “Silk Capital” MChJ, “Ishonch Ltd” MChJ, “Tat-Reestr” MChJ va “Finance Invest Brok” MChJ kabi investitsiya vositachilari jalb qilindi.

Olib borilgan targʻibot-tashviqot ishlari va hududlarda oʻtkazilgan Road show dasturlari hamda fuqarolar tomonidan bildirilgan qiziqishlari natijasida sotib olishga taklif etilgan aksiyalar boʻyicha yetarlicha buyurtmalar yigʻildi.

Shunga qaramasdan, aksiyalarni sotib olish boʻyicha aholidan koʻplab qiziqish kelib tushmoqda.

Shu bilan birga, “OʻzRTXB” AJ aksiyalarini ommaviy joylashtirishni bilan bogʻliq targʻibot jarayonlari yurtimizdagi siyosiy tadbir – Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar deputatlari saylovi kampaniyasi bilan bir vaqtga toʻgʻri kelganligi sababli hamda aksiyalarni sotib olishga mavjud boʻlgan talabni inobatga olib, anderrayterlar tomonidan buyurtmalarni qabul qilish muddatini uzaytirish taklif etilgan.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda "Xalqchil IPO" dasturida ishtirok etish uchun aholining barcha qatlamlariga keng imkoniyat yaratish va uning sezilarli qismining ishtiroki orqali jarayonning xalqchilligini taʼminlash maqsadida, “OʻzRTXB” AJ aksiyalarini ommaviy joylashtirish muddati 2024-yil 8-noyabr kuni soat 23:59 ga (Toshkent vaqti bilan) qadar uzaytiriladi.

5930 Chop etish