Ру Ўз O'z En

Yangiliklar

04 Noyabr 2024

“Avtokomponent” MCHJ va “Avto Climate Control” MCHJ ustav kapitalidagi davlat ulushlarini xususiylashtirish jarayoni yuzasidan axborot

Davaktiv agentligi tomonidan joriy yil 7-avgust kuni chop etilgan eʼlonlarga muvofiq, “Avtokomponent” MChJ va “Avto Climat Control” MChJ ustav kapitalidagi davlat ulushlarini (keyingi oʻrinlarda – "Aktivlar") xususiylashtirish jarayonining Aktivni sotib olish boʻyicha qiziqish bildirish (Express of interest) bosqichi boshlangan.

Ushbu Aktivni xususiylashtirish jarayonini ilgʻor xalqaro tajriba asosida amalga oshirish uchun “Portfolio Investments” (keyingi oʻrinlarda – "Konsultant") kompaniyasi xususiylashtirish boʻyicha Konsultant sifatida jalb etilgan.

Mazkur bosqich doirasida Konsultant tomonidan keng qamrovli marketing ishlari amalga oshirildi, jumladan, investitsiya tizerlari salohiyatli investorlarga yuborildi. Natijada, 2024-yil 30-oktabrga qadar “Avtokomponent” MChJ bo'yicha 2 nafar mahalliy investorlar, “Avto Climat Control” MChJ bo'yicha 3 nafar xorijiy va mahalliy investorlar tomonidan sotib olish boʻyicha qiziqish bildirish toʻgʻrisidagi arizalar Konsultantga kelib tushgan.

Konsultant tomonidan kelib tushgan barcha arizalar avval maʼlum qilingan quyidagi mezonlar asosida oʻrganib chiqilgan:

  • Aktivni sotib olish uchun moliyaviy resurslarining yetarliligi;
  • xususiylashtirish jarayonida ishtirok etilishini taqiqlashi mumkin boʻlgan maʼmuriy, hakamlik yoki boshqa sud jarayonlarining yoʻqligi;
  • Oʻzbekiston Respublikasining 660-II-sonli “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonuniga rioya etilishi;
  • Talabgor (konsorsium holatida, konsorsium aʼzolaridan hech biri) va uning aksiyadorlari/ishtirokchilarining hech biri davlat kompaniyasi yoki ustav kapitalida davlat ulushi boʻlgan kompaniya emasligi;
  • Talabgor (konsorsium holatida, konsorsium aʼzolaridan hech biri) va uning tegishli shaxslaridan hech biri Yevropa Ittifoqi va AQSHning, shuningdek yirik xalqaro moliya institutlarining (Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki) sanksiyalari roʻyxatiga kiritilmagan boʻlishi lozim. Shu bilan birga, ariza topshirilgan sanada talabgorlar sanksiyalangan shaxs/(lar) yoki yuqorida aytib oʻtilgan sanksiya organlari tomonidan har qanday ish yoki tergov obyekti/(lar) boʻlmasligi kerak. Shuningdek, talabgorlar (konsorsium holatida, konsorsium aʼzolaridan hech biri) va uning tegishli shaxslaridan hech biri yuqorida aytib oʻtilgan muassasalar va davlatlarning sanksiyalar rejimiga zid boʻlgan har qanday faoliyatga (toʻgʻridan-toʻgʻri yoki biron bir shoʻba korxonasi orqali) jalb etilmagan boʻlishlari lozim va Talabgor (konsorsium holatida, konsorsium aʼzolaridan hech biri), shuningdek uning tegishli shaxslaridan birortasining asosiy moliyalashtiruvchi tomonlari yoki kreditorlari sanksiyadagi shaxslar yoki sanksiyadagi shaxslarga tegishli boʻlgan yoki ular tomonidan egalik va nazorat qilinadigan banklar yoki moliya institutlari boʻlmasligi lozim.

Kelib tushgan arizalarni oʻrganish natijasida, barcha talabgorlar yuqoridagi mezon talablariga toʻliq mos deb topilgan.

Shuningdek, Konsultant tomonidan barcha talabgorlarga jarayon xati “Process letter” orqali navbatdagi bosqich toʻgʻrisida batafsil maʼlumot beriladi.

Navbatdagi bosqich toʻgʻrisida maʼlumot:

Talabgorlarga Majburiyatga ega boʻlgan takliflarini (BO) tayyorlash uchun Aktiv toʻgʻrisidagi Axborotlarni oshkor etmaslik toʻgʻrisidagi bitim (NDA)ni imzolagan holda Konsultant tomonidan tayyorlangan Aktivning moliyaviy, yuridik va operatsion faoliyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, shuningdek, analitik hisobotlar joylangan virtual maʼlumotlar xonasi (VDR)ga kirish imkoniyati beriladi.

Konsultant tomonidan Aktivlarni sotib olish narxi boʻyicha Majburiyatga ega boʻlgan takliflar (BO) 2024-yil 20-noyabr soat 18:00 (Toshkent vaqti bilan)ga qadar qabul qilinadi.

Shu bilan birga, mazkur muddatga qadar talabgorlar tomonidan “E-auksion” elektron savdo platformasida ochiladigan shaxsiy kabinetlari orqali taklif etiladigan Majburiyatga ega boʻlgan takliflarining kamida 1 foizini kafolatli toʻlov (zakalat) sifatida “Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish” AJning tegishli hisob raqamiga oʻtkazish talab etiladi. “E-auksion” elektron savdo platformasida ochiladigan shaxsiy kabinet va hisob-raqam koʻrsatkichlari Konsultant tomonidan ishtirokchilarga yuboriladigan jarayon toʻgʻrisidagi individual xatlar (Process Letter) orqali yetkaziladi.

Bunda, mazkur kafolat toʻlovi talabgorlar gʻolib deb topilmagan taqdirda ularning shaxsiy kabinetiga qaytariladi, gʻolib boʻlgan taqdirlarida - sotib olish toʻlovining bir qismi sifatida hisobga olinadi.

Davaktiv agentligi xususiylashtirish jarayoniga qiziqish bildirgan va arizalar topshirgan barcha ishtirokchilarga minnatdorchilik bildiradi hamda Aktivni sotib olish boʻyicha qiziqish bildirish bosqichidan muvaffaqiyatli oʻtgan talabgorlar bilan jarayonning navbatdagi bosqichida konstruktiv hamkorlikka ishonch bildiradi.

Diskleymer

Davaktiv agentligi sotish jarayonining ketma-ketligini oʻzgartirish yoki potensial xaridorga (xaridorlarga) sotishni yoki sabablarini tushuntirmasdan istalgan vaqtda ular bilan muzokara olib borishni rad etish huquqini oʻzida saqlab qoladi.

Ushbu eʼlon yoki uning mazmunining biron-bir qismi mazkur eʼlon chop etilishidan kelib chiqib taxmin qilinishi mumkin boʻlgan Davaktiv agentligi va “Portfolio Investments”ning Aktivlarni sotish bilan bogʻliq biror-bir shakldagi majburiyati sifatida talqin qilinmasligi kerak. Davaktiv agentligi va “Portfolio Investments” oʻz xohishiga koʻra har qanday vaqtda va har qanday munosabatda, birgalikdagi yoki shaxsiy javobgarlikni oʻz zimmalariga olmasdan:

(i) arizalar berish muddatiga oʻzgartirish kiritish;

(ii) turli xil manfaatdor tomonlar uchun turli xil tartib-qoidalar boʻyicha ish tutish va/yoki Davaktiv agentligi va “Portfolio Investments” tomonidan koʻzda tutilgan reja-jadval va tartib doirasida istalgan boshqa potensial xaridorni (xaridorlarni) oldindan ogohlantirmasdan chiqarib tashlagan holda bir yoki bir nechta potensial xaridorlar bilan muzokaralar olib borish;

(iii) har qanday sababga koʻra sotish jarayonini toʻxtatish;

(iv) va/yoki istalgan vaqtda va sabablarni tushuntirmasdan Savdoga taalluqli boʻlgan har qanday potensial xaridor (xaridorlar) bilan har qanday muhokama va muzokaralarni tugatish huquqlarini oʻzida saqlab qoladi.

3042 Chop etish