Ру Ўз O'z En

Yangiliklar

13 Yanvar 2023

Ayrim ijtimoiy tarmoqlarda Davaktiv agentligi faoliyatini isloh qilish to‘g‘risidagi savollar yuzasidan axborot

O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 14 yanvardagi “Davlat aktivlarini boshqarish, monopoliyaga qarshi kurashishni tartibga solish tizimini va kapital bozorini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5630-son Farmoniga asosan tashkil etilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 14 yanvardagi PQ-4112-son qarorining 4-bandi a-kichik bandi 4-xatboshiga muvofiq, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi o‘z faoliyatida bevosita O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga bo‘ysunadi va hisobot beradi.

Davaktiv agentligi davlat aktivlarini boshqarish, xususiylashtirish, va to‘lovga qobiliyatsizlik jarayonini muvofiqlashtirish, baholovchi va rieltorlarni sertifikatlashtirish bo‘yicha vakolatli davlat organi sifatida yagona davlat siyosatini yuritadi.

Shu bilan birga, Davaktiv agentligi o‘z faoliyatida ochiqlik, shaffoflik va hisobdorlik tamoyiliga amal qilgan holda o‘z faoliyati to‘g‘risida rasmiy Veb-saytda, ijtimoiy tarmoqlardagi kanallarida axborot berib bormoqda.

Xususan, olib borilayotgan xususiylashtirish jarayonlari, davlat aktivlarini reyestri, xususiylashtiriladigan davlat obyektlari va korxonalar, davlat ishtirokidagi korxonalar moliyaviy ko‘rsatkichlari to‘g‘risidagi maʼlumotlar Agentlikning rasmiy Veb-sayti va “Davlat mulki” axborot tizimida boshqa vazirlik, idoralarning axborot tizimlari bilan integratsiya qilingan holda real vaqt rejimida eʼlon qilib borilmoqda.

Xususiylashtirish jarayonlarining shaffofligini va “E-auksion” elektron savdo platformasining ommabopligini taʼminlash hamda unda ishtirok etish imkoniyatini yana-da oshirish maqsadida 2022 yilda uning mobil ilovasi ishga tushirildi, aholi va tadbirkorlar uchun App Store va Play Market orqali yuklab olish imkoniyati yaratildi.

Natijada, “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali tashkil etilgan savdolarda 2022 yilda jami 1,15 mln nafar jismoniy va yuridik shaxslar ishtirok etgan bo‘lib, ushbu ko‘rsatkich 2021 yilga nisbatan 11 barobarga ko‘pni tashkil etdi.

Shuningdek, joriy 2023 yil boshidan har kungi auksion savdolari natijalari eʼlon qilinmoqda.

Umuman, 2022 yil davomida auksion savdolari orqali boshlang‘ich qiymati 7,72 trln so‘m bo‘lgan 2 868 ta davlat aktivlari va davlat ishtirokidagi korxonalar mulklari savdoga chiqarilib, shundan boshlang‘ich narxi 1,78 trln so‘m bo‘lgan 963 ta obyekt 2,5 trln so‘mga sotildi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 21 dekabrdagi “Yangi O‘zbekiston maʼmuriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-269-son Farmoni ijrosi doirasida Davaktiv agentligi shtat birliklarini 30 foizgacha maqbullashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlanmoqda.

Bunda Agentlik tomonidan unga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirishda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, jumladan ish jarayonini raqamlashtirish, davlat xizmatlarini Davlat xizmatlari markazlari va (yoki) yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ko‘rsatish nazarda tutilmoqda.

1675 Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech