Ру Ўз O'z En

Yangiliklar

19 Yanvar 2023

Kuzatuv kengashining mustaqil a'zolariga talablar takomillashtirish bo'yicha Qonun imzolandi

O‘zbekiston Respublikasining 2023 yil 18 yanvardagi “Korporativ boshqaruv tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan Oʼzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʼzgartish va qoʼshimchalar kiritish toʼgʼrisida”gi O‘RQ-814-sonli Qonuni qabul qilinib, unga koʼra “Аktsiyadorlik jamiyatlari va aktsiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to'g'risida”gi va “Mas'uliyati cheklangan hamda qo'shimcha masʼuliyatli jamiyatlar to'g'risida”gi Qonunlariga kuzatuv kengashining mustaqil aʼzolarini kiritish talabi, mustaqil aʼzolikka nomzodlarni koʼrsatish tartibi, mustaqil aʼzolarga qoʼyiladigan talablar hamda ularning reestrini yuritish va uni oshkor etib borish bilan bogʼliq normalar kiritildi.

Mazkur Qonun O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 13 apreldagi PF–6207-son Farmoni va Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 29 martdagi 166-son qarori bilan tasdiqlangan 2021-2025 yillarda davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilish strategiyasiga asosan Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan ishlab chiqilgan.

Maʼlumki, korxonalardagi kuzatuv kengashi bu korxonani boshqarishda muhim rol o'ynaydigan asosiy organlardan biri hisoblanadi. Kuzatuv kengashi tarkibini faqat davlat organlari xodimlari bilan emas, balki professional mustaqil vakillardan shakllantirish korxonani rivojlantirish va faoliyati qonuniyligini taʼminlashning asosiy mezonlaridan biridir. Strategiya talablariga koʼra keyingi 3-4 yilda kuzatuv kengashi tarkibidagi mustaqil aʼzolarni kamida 30 foizga yetkazish vazifasi qo'yilgan.

Shunga ko'ra, kuzatuv kengashi tarkibidagi mustaqil aʼzolarning faoliyatini va qonunchilik normalarini takomillashtirish maqsadida yuqoridagi qonun qabul qilindi.

Qonunni ishlab chiqishda Xalqaro moliya tashkilotlari (JB, YeTTB, OTB) ekspertlari hamda vazirlik va idoralarning mutaxassislari ishtirok etgan.

Qonun bilan kiritilayotgan asosiy yangiliklar:

  1. Davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo'lgan jamiyatlarda kuzatuv kengashining kamida bir nafar aʼzosi mustaqil bo'lishi belgilanmoqda (hozirda mazkur talab faqat aksiyalari listingga kiritilgan jamiyatlar uchun mavjud).
  2. Mustaqil aʼzolikka nomzodlarni taklif etish kuzatuv kengashi tomonidan tanlov asosida aksiyadorlar umumiy yig'ilishiga kiritish belgilanmoqda;
  3. Kuzatuv kengashining mustaqil aʼzoligi uchun nomzodlarga quyidagi qo'shimcha mezonlar belgilanmoqda:

    а) 5 foizdan ortiq ulushga ega bo‘lgan aksiyadorlarning vakillari boʼlmaslik;

    b) so'ngi 3 yilda xizmat koʼrsatgan auditorlik tashkiloti xodimi bo'lmaslik;

    d) bir jamiyatda ketma-ket 6 yildan ortiq kuzatuv kengashi mustaqil aʼzosi bo'la olmaslik;

    e) ustavda belgilangan boshqa talablarga mos kelmasa mustaqil bo'la olmasligi.

  4. Mustaqil a'zolarning reesteri yuritilishi va jamiyatlar rasmiy veb-saytida e'lon qilib borishi belgilanmoqda. 
  5. Jamiyatning ijroiya organi tomonidan yirik bitim yoki affilangan shaxslar bilan bitim tuzish bilan bitim tuzish tartibi buzilganligi uchun subsidiar javobgarlik belgilanmoqda.  

1444 Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech