Ру Ўз O'z En

Yangiliklar

22 Iyul 2024

“Milliy banklararo protsessing markazi” AJning ustav kapitalidagi davlat ulushini sotish jarayoni boshlanganligi to'g'risida e'lon

Tegishli xususiylashtirish dasturlariga muvofiq, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (keyingi oʻrinlarda – Davaktiv agentligi) “Milliy banklararo protsessing markazi” AJ ustav kapitalidagi 100 foiz davlat ulushini (keyingi oʻrinlarda – Aktiv/Jamiyat) "Davlat mulkini xususiylashtirish toʻgʻrisida"gi Qonunning 22-moddasiga muvofiq xususiylashtirishning muzokaralarga ommaviy ravishda taklif qilish usuli asosida savdo jarayonlari boshlanganligini eʼlon qiladi.

“Deloitte” xalqaro kompaniyasi (keyingi oʻrinlarda – Konsultant) ushbu Bitim boʻyicha Davaktiv agentligining xususiylashtirish boʻyicha maslahatchisi hisoblanadi.

Aktiv toʻgʻrisida qisqacha maʼlumot:

“Milliy banklararo protsessing markazi” AJ – bank toʻlov kartalariga asoslangan “Humo” toʻlov tizimi Oʻzbekistonda va xorijda operatsiyalarni amalga oshirishga moʻljallangan boʻlib, Oʻzbekiston toʻlov tizimining tarkibiy qismi hisoblanadi. Jamiyat toʻlov tizimining operatori faoliyatini amalga oshirishga doir Markaziy bankning tegishli litsenziyasiga ega.

Ayni paytda 27 milliondan ortiq HUMO kartalari chiqarilgan boʻlib, 210 mingdan ortiq terminal va 6,4 mingdan ortiq bankomatlar oʻrnatilgan.

Sotish jarayoni toʻgʻrisida:

Sotish jarayoni barcha manfaatdor tomonlar (keyingi oʻrinlarda – Ishtirokchilar) uchun ochiq boʻlgan muzokaralarga ommaviy ravishda taklif qilish usuli asosida tashkil etiladi.

Savdo jarayoni uch bosqichda amalga oshiriladi, jumladan Sotib olish boʻyicha qiziqish bildirish (Express of interest), Majburiyatga ega boʻlmagan taklif (NBO) hamda Majburiyatga ega boʻlgan taklif (BO) taqdim etish bosqichlari, yakuniy bosqichda talabgorlar tomonidan taklif etiladigan qatʼiy narx taklifining kamida 1 foizini kafolatli toʻlov sifatida amalga oshirilishi belgilanadi.

Shu bilan birga, Aktivni baholash uchun “Katta toʻrtlik” (Big 4) turkumiga kiruvchi ("Deloitte"dan boshqa) xalqaro kompaniya jalb etiladi.

Sotish jarayonining joriy bosqichi to'g'risida:

Qiziqish bildirish bosqichida ishtirokchilardan quyidagi maʼlumotlar bilan sotib olish boʻyicha qiziqish bildirish toʻgʻrisidagi arizalarini (Express of interest) taqdim etishlari soʻraladi:

  1. Ishtirokchi toʻgʻrisida qisqacha maʼlumot (shu jumladan, STIR, faoliyat turi) va sotib olingan taqdirda Aktivdan foydalanish rejalari.
  2. Ishtirokchi ustav kapitalida 5 foizdan ortiq ulushi mavjud aksiyadorlar/taʼsischilar (egalik ulushi koʻrsatilgan holda) va yakuniy benefitsiarlar toʻgʻrisida maʼlumotlar;
  3. Oxirgi 3 yilgi faoliyati boʻyicha moliyaviy hisoboti

Talabgorlar qiziqish bildirishi toʻgʻrisidagi arizalarini xohishlariga koʻra oʻzbek, rus yoki ingliz tillarida tayyorlab 2024-yil 22-avgust soat 18:00ga (Toshkent vaqti bilan) qadar jmamadjanov@deloitte.uz elektron pochta manziliga yuborishlari lozim.

Ushbu eʼlondan soʻng, Konsultant salohiyatli investorlarni jalb qilish maqsadida, Deloitte xalqaro aloqalari orqali investitsiya tizerlarini tarqatishni tashkil qiladi.

Qabul qilingan arizalar quyidagi mezonlar boʻyicha saralanadi:

  • Aktivni sotib olish uchun yetarli moliyaviy resurslari;
  • “Toʻlov tizimi operatorlari va toʻlov tashkilotlari faoliyatini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisida”gi Nizom (Adliya vazirligi tomonidan 2023-yil 5-mayda 3431 son bilan roʻyxatdan oʻtkazilgan)ga muvofiq toʻlov tizimi operatori muassislari (aksiyadorlari)ga qoʻyiladigan talablarga mosligi;
  • xususiylashtirish jarayonida ishtirok etilishini taqiqlashi mumkin boʻlgan maʼmuriy, hakamlik, arbitraj yoki boshqa sud jarayonlarining yoʻqligi;
  • Oʻzbekiston Respublikasining 660-II-sonli “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonuniga rioya etilishi;
  • Talabgor (konsorsium holatida, konsorsium aʼzolaridan hech biri) va uning aksiyadorlari/ishtirokchilarining hech biri davlat kompaniyasi yoki ustav kapitalida davlat ulushi boʻlgan kompaniya boʻlmasligi kerak;
  • Talabgor (konsorsium holatida, konsorsium aʼzolaridan hech biri) va uning tegishli shaxslaridan hech biri Yevropa Ittifoqi va AQSHning, shuningdek yirik xalqaro moliya institutlarining (Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki) sanksiyalari roʻyxatiga kiritilmagan boʻlishi lozim. Shu bilan birga, ariza topshirilgan sanada talabgorlar sanksiyalangan shaxs/(lar) yoki yuqorida aytib oʻtilgan sanksiya organlari tomonidan har qanday ish yoki tergov obyekti/(lar) boʻlmasligi kerak. Shuningdek, talabgorlar (konsorsium holatida, konsorsium aʼzolaridan hech biri) va uning tegishli shaxslaridan hech biri yuqorida aytib oʻtilgan muassasalar va davlatlarning sanksiyalar rejimiga zid boʻlgan har qanday faoliyatga (toʻgʻridan-toʻgʻri yoki biron bir shoʻba korxonasi orqali) jalb etilmagan boʻlishlari lozim va Talabgor (konsorsium holatida, konsorsium aʼzolaridan hech biri), shuningdek uning tegishli shaxslaridan birortasining asosiy moliyalashtiruvchi tomonlari yoki kreditorlari sanksiyadagi shaxslar yoki sanksiyadagi shaxslarga tegishli boʻlgan yoki ular tomonidan egalik va nazorat qilinadigan banklar yoki moliya institutlari boʻlmasligi lozim.

Arizalarni qabul qilish tugallangandan soʻng, Konsultant tomonidan ishtirokchilarga tegishli xat (Process Letter) orqali keyingi jarayonni tashkil etish toʻgʻrisida individual ravishda xabardor qilinadi.

Ushbu loyiha doirasida qoʻshimcha maʼlumotlar uchun quyidagi aloqa kanallariga murojaat qiling:

  • Jahongir Mamadjonov, Deloitte kompaniyasining Toshkentdagi direktori: jmamadjanov@deloitte.uz , tel.: +998 90 188 71 11;
  • Shoxrux Oxunov, Davlat aktivlari agentligi Departament boshligʻi: sh.ohunov@davaktiv.uz , tel.: +998 71 259 20 23.

Davlat aktivini kelgusidagi faoliyatiga qoʻyiladigan shartlar:

Jamiyat toʻlov tizimi operatori sifatida “Toʻlovlar va toʻlov tizimlari toʻgʻrisida”gi Qonun, “Toʻlov tizimi operatorlari va toʻlov tashkilotlari faoliyatini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisida”gi Nizom (Adliya vazirligi tomonidan 2023-yil 5-mayda 3431 son bilan roʻyxatdan oʻtkazilgan) va boshqa toʻlov tizimiga tegishli qonunchilik talablariga, xususan jamiyatning tashkiliy-huquqiy shakliga (faqat aksiyadorlik jamiyati shaklida) ustav fondi (ustav kapitali) miqdoriga, tashkiliy, texnik, xavfsizlik hamda faoliyatning uzluksizligiga doir talablarga qatʼiy rioya etgan holda faoliyatini olib borishi talab etiladi.

Oʻz navbatida, Majburiyatga ega boʻlmagan taklif (NBO) bosqichiga oʻtgan talabgorlar bilan, majburiyatga ega boʻlmagan takliflarni taqdim etishlaridan avval, Aktivni sotib olish va uni kelgusidagi faoliyati boʻyicha asosiy shartlar aks ettirilgan kelishuv imzolanishi mumkin.

Sotuv jarayonining kelgusi bosqichlari toʻgʻrisida:

Keyingi Majburiyatga ega boʻlmagan taklif (NBO) qabul qilish bosqichga oʻtgan potensial investorlar bilan Axborotni oshkor etmaslik toʻgʻrisidagi bitim (NDA) imzolanadi va majburiyatga ega boʻlmagan tijorat takliflarini tayyorlash uchun Aktiv faoliyati toʻgʻrisidagi umumiy maʼlumotlar saqlanadigan virtual maʼlumotlar xonasiga (VDR) kirish taʼminlanadi.

Majburiyatga ega boʻlgan taklif (BO) qabul qilish bosqichiga oʻtgan talabgorlarga “Deloitte” kompaniyasi tomonidan tayyorlangan tahliliy maʼlumotlar (Due-diligence) bilan tanishish, aktivga tashrif buyurgan holda uning boshqaruv organiga savollar berish imkoniyati yaratiladi.

Davaktiv agentligi xususiylashtirish jarayonlarining har bir bosqichi toʻgʻrisida jamoatchilikni qoʻshimcha tarzda xabardor qilib borilishini taʼminlaydi.

 

808 Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech