Ру Ўз O'z En

Yangiliklar

26 Iyun 2023

Ikkita etil spirti ishlab chiqaruvchi zavodlarni xususiylashtirish bo‘yicha konsultant tanlab olindi

Davlat aktivlarini boshqarish agentligining “Biokimyo” AJ ustav kapitalidagi 51,0 foiz va “Andijon biokimyo zavodi” AJ ustav kapitalidagi 76,0 foiz davlat ulushini (keyingi o‘rinlarda ­- Aktivlar) xususiylashtirish bo‘yicha professional konsalting kompaniyasini (keyingi o‘rinlarda – Konsultant) jalb etish yuzasidan tanlov eʼloniga muvofiq quyidagilar maʼlum qilinadi.

Mazkur tanlov jarayonida 5 ta mahalliy va xalqaro professional konsalting kompaniyalardan takliflar qabul qilinib, ularning moliyaviy taklifi, sohadagi tajribasi, malakasi va belgilangan vazifalarni amalga oshirish boʻyicha yondashuvlari asosida saralandi.

Saralash natijasida, faoliyat sohasida amalga oshirgan yuqori darajadagi loyihalari, loyiha doirasida jalb qilinadigan professional jamoasining malakasi hamda eng maqbul narx taklifini bildirgan "ABRAU CAPITAL" kompaniyasi “Biokimyo” AJ va “Andijon biokimyo zavodi” AJning ustav kapitalidagi davlat ulushini xususiylashtirish bo‘yicha professional konsultant sifatida tanlandi.

Konsultant quyidagi vazifalarni amalga oshiradi:

  • Oʻzbekistonda va mintaqada sohani rivojlantirishdagi sharoitlarni va etil spirti mahsulotlarini ishlab chiqarish bozorining tahlili;
  • Aktivlarning har tomonlama (soliq, huquqiy, moliyaviy va ekologik) chuqur tahlilini oʻtkazish (due diligence);
  • optimal marketing strategiyasi boʻyicha tavsiyalar, marketing materiallarini tayyorlash (tizer, info-memorandum, jarayon holati boʻyicha xat va boshqalar) va investorlar oʻrtasida axborot materiallarini tarqatish;
  • Aktivlarni xususiylashtirishga qaratilgan barcha choralarni koʻrish, jumladan, virtual maʼlumotlar xonasi (VDR)ni tashkil etish, oldi-sotdi shartnoma loyihasini (oʻzbek tiliga tarjimasi bilan, kerak boʻlsa rus va ingliz tillarida ham) tayyorlash bilan birga sotish jarayonida hamrohlik qilish.

Davaktiv agentligi "ABRAU CAPITAL" kompaniyasi bilan birgalikda jarayonni ochiq, shaffof va raqobat tamoyillariga asoslangan savdo mexanizmlariga muvofiq tashkil etishning barcha choralarini koʻradi hamda jarayonning har bir bosqichi toʻgʻrisida ommaga axborot berib borilishini taʼminlaydi.

1805 Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech