Ру Ўз O'z En

Yangiliklar

01 Dekabr 2023

Ayrim ijtimoy tarmoqlardagi sahifalarda “Humo” toʻlov tizimini Davaktiv agentligiga oʻtkazilishi yuzasidan bildirilgan fikrlariga rasmiy munosabat

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyev boshchiliklarida iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida amalga oshirilayotgan islohotlar doirasida davlat ishtirokidagi korxonalarni boshqarish tizimini takomillashtirish va bu borada yagona davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan bir qator amaliy ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, joriy yil 9-martdan kuchga kirgan Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat mulkini boshqarish toʻgʻrisida”gi Qonuni qabul qilindi.

Mazkur Qonunning 22-moddasiga koʻra, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi davlat mulkini boshqarish sohasida vakolatli davlat organi hisoblanishi va ushbu sohada yagona davlat siyosatini amalga oshirishi belgilangan.

Taʼkidlash joizki, yuqoridagi Qonunning 5-moddasiga asosan davlat mulkini boshqarishning asosiy prinsiplaridan biri sifatida davlat mulkiga egalik qilishning asoslanganligi hamda mulkdor va tartibga soluvchi vazifalarining ajratilishi belgilangan.

Bunda, Qonunning 12-moddasi talablariga koʻra, davlat ishtirokidagi korxonalarga nisbatan bir vaqtning oʻzida ham mulkdorning, ham tartibga soluvchining vazifalarini bajarishga yoʻl qoʻyilmasligi, ushbu holat mulkdorning vazifalarini davlat organidan Davaktiv agentligiga oʻtkazish yoki mazkur korxonani tugatish yoxud tartibga soluvchining vazifalarini ushbu davlat organidan boshqa davlat organiga oʻtkazish yoʻli bilan bartaraf etilishi koʻrsatilgan.

Hozirda, mazkur Qonun ijrosini taʼminlash doirasida boshqa vazirlik va idoralar tomonidan boshqarilayotgan xoʻjalik jamiyatlarning davlat ulushlarini vakolatli organ sifatida Davaktiv agentligiga oʻtkazish ishlari olib borilmoqda.

Oʻz navbatida, “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining qonunining 12-moddasiga asosan Markaziy bank banklarning, toʻlov tashkilotlarining, toʻlov tizimlari operatorlarining faoliyatini litsenziyalashi hamda toʻlov tashkilotlarining, toʻlov tizimlari operatorlarining faoliyatini tartibga solishi hamda ushbu faoliyat ustidan nazoratni amalga oshirishi koʻrsatib oʻtilgan.

Yuqoridagilarga koʻra hamda Qonunning 12-moddasi talablari ijrosini taʼminlash maqsadida Markaziy bankning “Milliy banklararo protsessing markazi” MChJ (“Humo” toʻlov tizimi) ustav kapitalidagi davlat ulushi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 30-noyabrdagi PQ-381-son qarori bilan Davaktiv agentligiga oʻtkazilishi belgilangan.

1626 Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech