Ру Ўз O'z En

Yangiliklar

04 Noyabr 2022

Samarqand shahrida bo‘lib o‘tayotgan “II O‘zbekiston Iqtisodiy forumi”da xususiylashtirish masalalari muhokama qilindi

Joriy yilning 3 noyabr kuni Samarqand shahrida bo‘lib o‘tayotgan II O‘zbekiston Iqtisodiy forumi doirasida “Xususiy sektorga asoslangan iqtisodiy o‘sishni ta'minlash” panel muhokamasida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Akmalxon Ortikov ma'ruza bilan ishtirok etdi.

Panel sessiyada iqtisodiyotdagi davlat o‘rnini kamaytirishga qaratilgan islohotlar, shu jumladan, davlat aktivlarini va qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish, davlat ishtirokidagi korxonalarni boshqarish va isloh qilish, davlat ishtirokidagi korxonalarda korporativ boshqaruvning zamonaviy usullarini joriy etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar hamda istiqboldagi rejalar muhokama qilindi.

Ma'ruzaning asosiy tezislari:

  • Bugungi kunga qadar 1000 dan ortiq davlatning ixtiyorida bo‘lgan ko‘chmas mulk obyektlari auksion orqali xususiy tadbirkorlarga sotildi. 
  • Shu bilan birga, davlat ishtirokidagi korxonalarni ham xususiylashtirish jarayonlari davom etmoqda. Misol tariqasida  "Farg‘onaazot" AJ ustav kapitalidagi 99,02 foiz aksiya paketlarini xususiylashtirish jarayonini keltirish mumkin. Mazkur xususiylashtirish jarayoniga Davlat aktivlarini boshqarish agentligining Strategik konsultanti sifatida Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC), xususiylashtirish jarayonlarini amalga oshirish va kompleks tahlil o‘tkazish uchun yetakchi konsultant sifatida “Deloitte” kompaniyasi, ulushni baholash ishlari uchun “KPMG” kompaniyasi jalb qilingan.  
  • Joriy yil uchun keng ko‘lamli xususiylashtirish dasturiga muvofiq 55 ta xo‘jalik jamiyatlaridagi davlat ulushi xususiylashtirilishi, shuningdek 1500 dan ortiq ko‘chmas mulk obyektlari ommaviy savdolarga chiqarilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, hozirgi kunda ularning 223 tasi xususiylashtirilgan, 596 tasi sotuvga qo‘yilgan va 736 tasi sotuvga tayyorlanmoqda.
  • Davlat aktivlarini xususiylashtirish jarayonlari ko‘lami yanada kattalashib va kengayib bormoqda, hamda iqtisodiyotning barcha tarmoqlarini qamrab olmoqda. Hozirgi kunda avtomobilsozlik, telekommunikasiya, transport, energetika tarmoqlarida ham xususiylashtirish ishlari boshlangan.
  • “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ va “O‘zbekiston havo yo‘llari” AJlarning xususiylashtirish strategiyasini ishlab chiqish uchun professional konsalting kompaniyalarini tanlash bo‘yicha xalqaro tender yakunlandi. Ertaga Forum doirasida, tender yakuni natijalari bo‘yicha g‘olib deb topilgan professional konsalting kompaniyalar bilan tijorat shartnomalari imzolanadi.
  • Hozirgi kunda xususiylashtirish jarayonlari er islohotini ham qamrab oldi. Bugungi kunga qadar 769,7 gektar qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalari onlayn kim-oshdi savdosi orqali 662 mlrd. so‘mga xususiylashtirildi. Bundan tashqari, endi jismoniy va yuridik shaxslar o‘zlariga tegishli bo‘lgan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirishlari mumkin. Buning uchun, raqamli yondashuv ham ishlatilgan, bu manfaatdor tomonlardan ko‘p harakat talab qilmaydi. Barcha xohlovchilar my.gov.uz onlayn platformasi orqali zarur hujjatlar bilan arizani uydan chiqmasdan onlayn tarzda yoki eng yaqin davlat xizmatlari idoralariga taqdim etishlari mumkin. Bugungi kunga qadar, egalik huquqini tasdiqlovchi 1 153 dan ortiq order berildi va 25 mingdan ortiq arizalar qabul qilindi.
1985 Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech