Ру Ўз O'z En

Yangiliklar

17 Sentyabr 2022

Jizzax viloyatida “Roadshow” taqdimoti o‘tkazildi

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan joriy yil 17 sentyabr kuni Jizzax viloyatida xususiylashtirilishi belgilangan davlat aktivlari jumladan, korxonalardagi davlat ulushlari, boʼsh turgan davlat mulki obʼektlari va sotilishi belgilangan yer uchastkalari toʼgʼrisida navbatdagi “Roadshow” (taqdimot) oʼtkazildi.

Jizzax shahridagi “Yoshlar innovatsion markazi” binosida boʼlib oʼtgan mazkur tadbirda mahalliy hokimliklar hamda viloyatdagi yirik korxonalarning vakillari va 150 dan ortiq tadbirkorlar ishtirok etdi. Oʼz oʼrnida, Davaktiv agentligi mutasaddilari tomonidan qatnashchilarga “E-auksion” elektron savdo platformasidan foydalanish boʼyicha “master-klass” oʼtkazilib, savdo platformasida shaxsiy kabinet ochish, onlayn elektron imzo olish va savdolarda qatnashish uchun arizalar berish tartiblari ham nazariy ham amaliy tushuntirildi.

“Roadshow” taqdimoti doirasida tadbirkorlar ommaviy savdolarga chiqarilgan 66 ta davlat va davlat ishtirokidagi xoʼjalik jamiyatlari aktivlari va 3752 ta yer uchastkalari hamda ijaraga berilishi koʼzda tutilgan 321 ta davlat mulklari bilan tanishdilar. 

Bundan tashqari, avvaldan doimiy foydalanish yoki umrbod egalik qilish huquqi asosida oʼzlariga tegishli boʼlgan qishloq xoʼjaligiga moʼljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirib olgan fuqarolarga mulk huquqini tasdiqlovchi davlat orderlari topshirildi hamda mazkur jarayon tartibi boʼyicha tadbir qatnashchilariga tushuntirishlar berildi. 

“Roadshow” ishtirokchilariga xususiylashtirish dasturlariga muvofiq ommaviy savdolarda sotilishi belgilangan hamda savdo jarayonidagi davlat aktivlari, shu jumladan, viloyatdagi yirik aktivlar, maʼmuriy hamda ishlab chiqarish binolari kabi obʼektlar va yer uchastkalari toʼgʼrisida maʼlumotlar berildi.

Koʼtarinki ruhda va savol-javoblarga boy oʼtgan “Roadshow” davomida Davaktiv agentligi Metodologiya, hududlar va tarkibiy boʼlinmalar faoliyatini muvofiqlashtirish yigʼma axborot-tahlil departamenti boshligʼi To'lqin Nabiyev va viloyatning boshqa mutasaddi rahbarlari tadbir qatnashchilari va OАV vakillari tomonidan berilgan bir qator savollarga batafsil javoblar berib oʼtdilar.

 

Shu bilan birga, "Roadshow" taqdimoti yakunida Аgentlik xududiy boshqarmasi binosida "Konsultativ markaz" tashkillashtirishga kelishib olindi.

Maʼlumot uchun: bu kabi taqdimotlar va uchrashuvlar (Roadshow) respublikamizning barcha viloyatlari, Toshkent shahri va Qoraqalpogʼiston Respublikasida oʼtkaziladi.

2422 Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech