Ру Ўз O'z En

Yangiliklar

24 Oktyabr 2022

Samarqand viloyatida “Roadshow” taqdimoti o‘tkazildi

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan joriy yil 22 oktabr kuni Samarqand viloyatida xususiylashtirilishi belgilangan davlat aktivlari jumladan, korxonalardagi davlat ulushlari, bo‘sh turgan davlat mulki obyektlari va sotilishi belgilangan yer uchastkalari to‘g‘risida navbatdagi “Roadshow” (taqdimot) o‘tkazildi.

Samarqand shahridagi “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti binosida bo‘lib o‘tgan mazkur tadbirda mahalliy hokimliklar hamda viloyatdagi yirik korxonalarning vakillari va 200 dan ortiq tadbirkorlar ishtirok etdi. O‘z o‘rnida, Davaktiv agentligi mutasaddilari tomonidan qatnashchilarga “E-auksion elektron savdo platformasidan foydalanish bo‘yicha “master-klass” o‘tkazilib, savdo platformasida shaxsiy kabinet ochish, onlayn elektron imzo olish va savdolarda qatnashish uchun arizalar berish tartiblari ham nazariy ham amaliy tushuntirildi.

“Roadshow” taqdimoti doirasida tadbirkorlar ommaviy savdolarga chiqarilgan 129 ta davlat va davlat ishtirokidagi xo‘jalik jamiyatlari aktivlari va 3209 ta yer uchastkalari hamda ijaraga berilishi ko‘zda tutilgan 127 ta davlat mulklari bilan tanishdilar. 

Bundan tashqari, avvaldan doimiy foydalanish yoki umrbod egalik qilish huquqi asosida o‘zlariga tegishli bo‘lgan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan er uchastkalarini xususiylashtirib olgan fuqarolarga mulk huquqini tasdiqlovchi davlat orderlari topshirildi hamda mazkur jarayon tartibi bo‘yicha tadbir qatnashchilariga tushuntirishlar berildi.

“Roadshow” ishtirokchilariga xususiylashtirish dasturlariga muvofiq ommaviy savdolarda sotilishi belgilangan hamda savdo jarayonidagi davlat aktivlari, shu jumladan, viloyatdagi yirik aktivlar, ma'muriy hamda ishlab chiqarish binolari kabi obyektlar va yer uchastkalari to‘g‘risida ma'lumotlar berildi.

Ko‘tarinki ruhda va savol-javoblarga boy o‘tgan “Roadshow” davomida Davaktiv agentligi direktor o‘rinbosari Alisher Miraliyev, Bo‘sh turgan obyektlardan samarali foydalanishni tashkil etish markazi rahbari Rustam Aminov va viloyatning boshqa mutasaddi rahbarlari tadbir qatnashchilari va OAV vakillari tomonidan berilgan bir qator savollarga batafsil javoblar berib o‘tdilar.

Ma'lumot uchun: Bu kabi taqdimotlar va uchrashuvlar (Roadshow) bugungi kunga qadar Andijon, Buxoro, Farg‘ona, Jizzax, Xorazm, Namangan, Navoiy, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida o‘tkazildi. Kelgusida respublikamizning qolgan viloyatlarida, Toshkent shahrida va Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. 

1533 Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech