Ру Ўз O'z En

Yangiliklar

09 Oktyabr 2023

Germaniya Federal Moliya vazirligi bilan anglashuv memorandumi imzolandi va hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi

Joriy yil 8-oktyabr kuni Germaniya Federal Moliya vazirligi departamenti direktori doktor Andreas Kerst boshchiligidagi delegatsiya Oʻzbekistonga tashrif buyurdi. Mazkur tashrif doirasida mehmonlarning Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda bir qator tadbirlar oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

Tashrif doirasida joriy yil 9-oktyabr kuni Davaktiv agentligi direktori Akmalxon Ortikov bilan uchrashuv tashkil qilinib, 2021-yil 8-iyunda onlayn tartibda imzolangan Anglashuv memorandumining rasmiy imzolash marosimi oʻtkazildi.

Eslatib oʻtish joizki, memorandum doirasida hamkorlik, birinchi navbatda, seminarlar, ishchi uchrashuvlar, shuningdek, har ikki tomon vakillarining dolzarb masalalar va kelishilgan mavzular boʻyicha oʻzaro tashriflari va suhbatlari shaklida amalga oshiriladi.

Mazkur mavzular qatorida davlat aktivlarini boshqarish va davlat ishtirokidagi korxonalarni xususiylashtirish jarayonlarini takomillashtirish, shuningdek, korporativ boshqaruv shakllari va usullari, jumladan, tegishli nazorat organlarining rolini kuchaytirish yoʻnalishlari keltirilmoqda. Shuningdek, muntazam ravishda ikki taraf oʻrtasida axborot va tajriba almashish, xususan, Germaniyada ushbu sohalardagi bilim va amaliyot boʻyicha maʼlumotlarni taqdim etish va oshkor qilish koʻzda tutilgan.

Uchrashuvda Akmalxon Ortikov, shuningdek, mustaqil Oʻzbekiston tarixida birinchi marta xalqaro hamkasblar, jumladan, Indecon jamoasining maslahatchiligi va qoʻllab-quvvatlashi tufayli joriy yilning 9-martidan kuchga kirgan “Davlat mulkini boshqarish toʻgʻrisida”gi qonun ishlab chiqilib, qabul qilinganini taʼkidladi.

Ushbu Qonun davlat mulkini boshqarish tamoyillarini belgilaydi, jumladan, davlat korxonalari va nodavlat yuridik shaxslar uchun teng sharoitlar yaratish, shuningdek, davlat korxonalariga qoʻshimcha imtiyozlar va preferensiyalar berishni rad etish, davlat mulkini respublika va shahar mulkiga toifalash eng muhim tamoyillaridan biri hisoblanadi.

Shu bilan birga, Germaniya Federal Moliya vazirligini ko‘magi doirasida "Indecon consulting" kompaniyasi ekspertlari vazirliklar va idoralar bilan kelishish bosqichida bo'lgan yangi tahrirdagi “Aksiyadorlik jamiyatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasini ishlab chiqishda koʻmaklashayotgani qayd etildi.

1316 Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech