Ру Ўз O'z En

Yangiliklar

04 Yanvar 2024

Oʻzbekiston Respublikasi Yagona milliy baholash standartining yangi tahriri tasdiqlandi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-fevraldagi PF-27-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yilida amalga oshirishga oid Davlat dasturi bilan bilan umum-eʼtirof etilgan xalqaro baholash standartlari (IVS, EVS, USPAP, RICS va boshqalar) asosida bozor konyunkturasini hisobga olgan holda baholashda yagona yondashuvni taʼminlaydigan Yagona milliy baholash standartini takomillashtirish vazifasi yuklatilgan.

Shu bois, Davaktiv agentligi tomonidan respublikadagi baholovchi tashkilotlarning professional jamoat birlashmalari (Baholovchi tashkilotlar assotsiatsiyasi, Oʻzbekiston baholovchilar jamiyati, Oʻzbekiston baholovchilar, ekspertlar va maslahatchilar jamiyati) bilan birgalikda va PriceWaterhouseCoopers xalqaro konsalting kompaniyasi ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasining Yagona milliy baholash standartining (YAMBS) yangi tahriri ishlab chiqildi hamda jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazilib, kelib tushgan takliflar asosida qayta ishlandi.

YAMBS yangi tahririning maqsadi asosli qarorlar qabul qilish uchun baholash jarayonlarining ishonchliligi, shaffofligi va izchilligi orqali isteʼmolchilarning baholash xizmatlari sifatidan qanoatlanish darajasini oshirishdan iborat.

YAMBSning yangi tahriri Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2023-yil 28-dekabrda roʻyxatdan oʻtkazildi (roʻyxat raqami 3487) va 2024-yil 1-yanvardan kuchga kirdi.

Shu bilan birga, Adliya vazirligida 2020-yil 4-iyunda 3239-son bilan roʻyxatdan oʻtkazilgan ilgari amalda boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi Yagona milliy baholash standarti oʻz kuchini yoʻqotgan deb topildi.

YAMBSning yangi tahriri baholash jarayonida obyektivlikni taʼminlash uchun asos yaratadi, shuningdek baholovchilarga bozor tebranishlari, iqtisodiy tendensiyalar va boshqa tegishli omillar taʼsirini hisobga olish imkonini beradi, bu esa oxir-oqibatda aktivning haqiqiy bozor qiymatini shakllantirishga yordam beradi.

YAMBS mustaqil va xolis baholash tizimini rivojlantirishga, baholash xizmatlarining professional darajasi va sifatini oshirishga xizmat qiladi, shuningdek, baholash qonunchiligini bir xil talqin qilinishini taʼminlaydi va mahalliy baholash tizimiga ishonchni oshiradi.

Maʼlumot uchun: Oʻzbekiston Respublikasi Yagona milliy baholash standartining yangi tahriri respublikaning iqtisodiy rivojlanish xususiyatlaridan kelib chiqqan holda xalqaro baholash standartlari normalariga muvofiqlashtirildi, tizimlashtirildi va uch boʻlimdan tarkib topdi.

Birinchi boʻlim baholashga oid vazifasidan to baholash toʻgʻrisidagi hisobotni tayyorlashgacha eʼtiborga olinishi kerak boʻlgan asosiy tamoyillar va konsepsiyalarni belgilaydigan umumiy standartlar guruhini oʻz ichiga oladi. Shu bilan birga, xalqaro standartlar asosida asosiy tushunchalar, atamalar va taʼriflar qayta koʻrib chiqildi va toʻldirildi.

Ikkinchi boʻlim biznes va biznesda ishtirok etish huquqini baholash, koʻchmas mulk, intellektual mulk va nomoddiy aktiv obyektlari, mashina va uskunalar, tovar-moddiy zaxiralar kabi aktivlarning ayrim turlarini baholashga oid maxsus standartlar guruhini oʻz ichiga oladi.

Mazkur boʻlimga “Baholash toʻgʻrisidagi hisobotning ishonchliligi ekspertizasi” yangi standarti kiritildi. Bundan tashqari, “Koʻchmas mulk qiymatini baholash” standarti “Development jarayonida boʻlgan koʻchmas mulk qiymatini baholashning oʻziga xos xususiyatlari” bobi bilan va “Nomoddiy aktivlar va intellektual mulk obyektlari qiymatini baholash” standarti “Nomoliyaviy majburiyatlar shaklidagi nomoddiy aktivlarning qiymatini baholash” bobi bilan toʻldirildi hamda baholash toʻgʻrisidagi hisobotdan foydalanish muddatlari belgilandi.

Uchinchi boʻlim Oʻzbekiston Respublikasi Yagona milliy baholash standartining ajralmas qismi boʻlgan va aniq baholash obyektlarining qiymatini baholash uchun zarur boʻlgan minimal usullarni belgilaydigan shuningdek, turli xil baholash maqsadlari va aktivlar turlari uchun baholash standartlarini amaliy qoʻllash talablari va tartibini belgilaydigan metodiklarni oʻz ichiga oladi.

2557 Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech